Nodim yoki Nodim Namangoniy (taxallusi; asl ism-sharifi Sulaymonxoʻja Ulugʻxoʻja oʻgʻli; 1844-yil – Namangan —1910-yil) – shoir.

Hayoti Sulaymon Ulugʻxoʻja oʻgʻli Nodim 1844-yilda Namanganda ziyolilar oilasida tavallud topgan. Xususiy muallimda savod chiqarib, 855-yilda Saidqulibek madrasasiga oʻqishga kiradi. Talabalik paytlarida „Nodim“ taxallusi bilan sheʼrlar yozib, noziktab shoir sifatida taniladi.

Arab, fors tillarini oʻrgangan. Qoʻqon va Toshkentda boʻlgan, fan-texnika yangiliklari, rus madaniyati, adabiy va madaniy doiralari bilan yaqindan tanishgan. Buxoro, Samarqand (1899), Turkiya, Misr, Arabiston (1902-1903)ga sayohat qilgan. Hajga borgan. 1910-yilda Namanganda vafot etadi.

Faoliyati Navoiydan oʻrgangan, gʻazallariga taxmis, naziralar yozgan. Muqimiy, Muhyi, Furqat, Zavqiy, Muhayyir, Shavqiy kabi shoirlar bilan yaqin doʻst boʻlib, ijodiy hamkorlik qilgan, ular sheʼrlariga muxammaslar bogʻlagan. Mumtoz sheʼriyatning barcha janrlarida, turkiy va forsiyda ijod qilgan. Gʻazallarida inson goʻzalligi, muhabbat va vafo, ayollar erkini kuylagan („Sogʻindim men, sogʻindingmi?“, „Maktubi muhabbat uslub“ va boshqalar), Ona-Vatan tabiati, uning goʻzalligini tarannum etgan, xalq hayotini realistik aks ettirgan, ijtimoiy illatlarni fosh etgan, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ilgari surgan („Bahor ayyomi keldi“, „Davr javridin…“, „Bayoni dar safari Toshkand“ va boshqalar). „Shikoyati paxta“ sheʼrida qishloq mehnatkashlarining achinarli hayotini tasvirlagan.

Hajviy asarlarida maqtanchoq, mutakabbir boylar, chor amaldorlari tanqid qilingan („Dar mazammati zamona“, „Dar shikoyati qozi“ kabi). Yumoristik asarlar yozgan („Bez-gak“ va boshqalar).

Nodim Namangoniyning sheʼrlari „Turkiston viloyatining gaze-yash“da bosilgan. Oʻzi tuzgan „Bayozi Nodim“ning mukammal nusxasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 4179).

Adabiyotlar Tanlangan sheʼrlar, T., 1964; Karimov F. K., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 3-kitob, T., 1987; Qayyumov P., Tazkirai Qayyumiy, 2-daftar, T., 1998.

Manbalar

Havolalar

Turkum:Fargʻona madrasalarida tahsil olganlar Turkum:Namangan madrasalarida tahsil olganlar Turkum:Saidqulibek madrasasida tahsil olganlar Turkum:1844-yilda tugʻilganlar Turkum:1910-yilda vafot etganlar