„Turkiston qaygʻusi“ — Alixontoʻra Shokirxoʻja oʻgʻli va uning oʻgʻli Asilxon Alixontoʻra oʻgʻli tomonidan yozilgan tarixiy-memuar asar. Asarda 1917–1950-yillar mobaynida Gʻarbiy va Sharqiy Turkistonda sodir boʻlgan tarixiy voqealar hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlar yoritilgan.

Asar 1966–1973-yillar oraligʻida Toshkent shahrida yozilgan. Kitobning birinchi qismi muallifning oʻzi tomonidan 1969-yilda yozib bitirilgan. Ikkinchi qismi esa muallifning vasiyatiga koʻra, oʻgʻli Asilxon Alixontoʻra oʻgʻli tomonidan 1969-yildan boshlab bir necha yil davomida yozib yakuniga yetkazilgan va toʻlaqonli asar holatiga keltirilgan.

Mazmuni Asarda Turkiston xalqining mustamlakachilik davridagi ogʻir ijtimoiy-siyosiy ahvoli, davlatchilik tarixi, shuningdek, Amir Temur davri va turkiy xalqlarning kelib chiqishiga doir maʼlumotlar keltirilgan. Kitobning ikkinchi qismida esa Sharqiy Turkiston Jumhuriyatining tashkil topishi, uning siyosiy tuzilishi va tugatilish sabablari batafsil bayon etilgan.

Nashrlari „Turkiston qaygʻusi“ sovet davrida siyosiy sabablarga koʻra uzoq yillar davomida nashr etilmagan. Asardan ilk parchalar „Yoshlik“ jurnalining 1992-yilgi 3–4 va 5–6-sonlarida eʼlon qilingan. Kitobning 1-qismi ilk bor oʻzbek tilida Toshkentda („Sharq nashriyoti“, 2003), shuningdek, uygʻur tilida Istanbulda („Sharqiy Turkiston madaniyat vaqfi“, 2007) chop etilgan. Asarning I va II qismlarini oʻz ichiga olgan toʻliq nashri turk tilida Germaniyaning Vyutsburg shahrida (Ergon Verlag, 2006) nashr etilgan. 2021-yilda „Sharq nashriyoti“ tomonidan ikki qismdan iborat 496 sahifali kitob holatida qayta nashr qilindi.

Fransuz tilidagi nashri 2026-yil oktabrda asarning fransuzcha tarjimasi chop etilgan. Fransiyalik sharqshunos Stéphane A. Dudoignon matnni chigʻatoy tilidan fransuzchaga oʻgʻirdi. Nashrga tarjimon tarafidan yozilgan 400 sahifadan ortiq ilmiy sharh kiritilgan.

Uslub

Muallifning qayd etishicha, asar klassik oʻzbek tilida — chigʻatoy turkiyasida, Boburnoma uslubiga tayanib yozilgan.

Tuzilishi

Asarning 2021-yilgi nashri ikki qismdan iborat boʻlib, quyidagi boʻlimlarni oʻz ichiga oladi: Mundarija Qutlugʻxon (Ediqut) Shokirovning „Taqdim“ soʻzi „Ochiqlama“ Alixontoʻra Sogʻuniyning kirish soʻzi va I qism Asilxon Alixontoʻra oʻgʻlining II qismi „Kim kimdir“ — asarda tilga olingan tarixiy shaxslar haqida qisqacha maʼlumotlar

Manbalar

Havolalar

„Turkiston qaygʻusi“ (PDF) „Turkiston qaygʻusi“ (audiokitob, YouTube) Xurshid Davron maqolasi „Turkiston qaygʻusi“ ilovasi (Google Play)