„Supergirl“ () – „Reamonn“ olmon rok musiqa guruhining ilk singli. 2000-yilning 27-martida „Virgin Records“ lebylining shoʻbasi boʻlgan „Virgin Schallplatten“ leybli tomonidan eʼlon qilingan. Singlning orqa tomonidan „7th Son“ qoʻshigʻi oʻrin olgan. „Supergirl“ guruhning „Tuesday“ nomli ilk studiyaviy albomiga kiritilgan.
„Supergirl“ 1999–2012-yillarda faoliyat yuritgan „Reamonn“ guruhi kuylagan eng taniqli qoʻshiqlarning biridir. Guruh aynan shu qoʻshiq ortidan shuhrat qozongan. Qoʻshiq Germaniya, Niderlandiya, Shveysariya, Avstriya hamda Rossiya radiolarida xitga aylangan. „Supergirl“ 2000-yilda ushbu mamlakatlarning har biridagi xit-paradlarda eng yuqori 10 pogʻona safiga kirgan. Germaniyada qoʻshiq koʻp sotilgani uchun „oltin“ sertifikat bilan taqdirlangan.
Qoʻshiqda oʻziga ishonuvchi, irodasi kuchli hamda yengilmaydigan qiz haqida soʻz boradi. Qoʻshiq matnini guruh aʼzolari Raymon Garvey (), Uwe Bossert (), Sebastian Padotzke (), Philipp Rauenbusch () hamda Mike Gommeringer () hamkorlikda yozgan. Qoʻshiqqa Steve Lyon () produserlik qilgan.
2015-yil olmon qoʻshiqchisi Anna Naklab „Supergirl“ qoʻshigʻi kaverini yozdi. Naklab kaverni olmon DJi Alle Farben hamda olmon DJ dueti YOUNOTUS bilan hamkorlikda yozdi. Qoʻshiq Germaniya xit-paradlarida yuqori pogʻonalarga koʻtarildi hamda original versiyadan ham koʻproq adadda sotildi. „Naklab“ kaverini oʻz navbatida Franz Alice Stern, Daniele Di Martino hamda Stereo Express jamoalari remiks qildi.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Reamonn qoʻshiqlari Turkum:2000-yil qoʻshiqlari Turkum:Ingliz tilidagi qoʻshiqlar Turkum:Alifbo boʻyicha qoʻshiqlar