Kamoliddin Turdimurodovich Oʻrinboyev — Oʻzbekiston yoshlar simfonik orkestri asoschisi, badiiy rahbari va bosh dirijyori. Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti, 2020-yil 16-iyundan hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi rektori.

Biografiyasi 1985-yilda tug‘ilgan. Musiqiy taʼlimni Glier nomidagi musiqa akademik litseyida gʻijjak va skripka chalishni oʻrganishdan boshlagan. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining bakalavr bosqichini 2007-yilda, magistratura bosqichini 2009-yilda tugatgan. 2009-yili Chaykovskiy nomidagi Moskva davlat konservatoriyasining dirijyorlik fakultetiga oʻqishga kirdi. Sovet Ittifoqi xalq artisti Gennadiy Rojdestvenskiydan tahsil oldi.

Janubiy Koreyaning „Buyuk ipak yo‘li“ (), Rossiyaning „Yangi nomlar“ (), „Spivakov taklif qilmoqda“ () tanlovlarida ishtirok etgan. Qozog‘istonda oʻtkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlarida qatnashgan. 1998-yilda Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan Xalqaro musiqa festivali laureati, 2007-yilda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari 2-xalqaro tanlovida 1-darajali diplomga sazovor boʻlgan. 2009-yilda MDHga aʼzo davlatlar mumtoz musiqa ijrochilarining „Kreml yulduzlari“ () xalqaro festivali laureati boʻlgan.

Rossiya Davlat akademik simfonik orkestri, Ukraina milliy simfonik orkestri, Katta simfonik orkestri, Ippolitov-Ivanov simfonik orkestri, Brandenburg simfonik orkestri, Oʻzbekiston milliy simfonik orkestriga dirijyorlik qilgan.

Opera dirijyori sifatida ham Katta teatrda chiqish qilgan. „Alisher Navoiy“ va „Fidelio“ operasiga dirijyorlik qilgan.

2014-yilda bir guruh yosh hamfikr musiqachilar bilan birgalikda O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestriga asos solgan. 2015-yil avgust oyida "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi qarori bilan ushbu tashkilot qoshida orkestr rasman o‘z faoliyatini boshladi. 2020-yilda orkestr davlat rahbarining qarori bilan Madaniyat vazirligiga oʻtkazildi.

Mukofotlari 2014-yilda Kamoliddin O‘rinboyev „Oʻzbekiston belgisi“ ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shu yil dekabr oyida Prezident Islom Karimovning farmoni bilan „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“ unvoni berildi.

2022-yil 31-avgustda Ozarbayjonning "Doʻstlik" ordeni bilan mukofotlandi.

2024-yil 24-avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan „Oʻzbekiston xalq artisti“ unvoni berildi. Manbalar

Havolalar Master Show | Facebook

Turkum:Oʻzbekiston musiqachilari Turkum:Oʻzbekiston dirijyorlari