Dilmurod Sayyid (Dilmurod Saidov; 1962-yil, Toshkent) — oʻzbekistonlik jurnalist, inson huquqlari faoli. „Ezgulik“ inson huquqlari tashkiloti aʼzosi. Tarjimayi holi Dilmurod Sayyid 1962-yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining oʻzbek filologiyasi fakultetini va fors tili mutaxassisligi boʻyicha Toshkent Davlat universiteti huzuridagi maxsus ikki yillik kursni bitirgan. Faoliyati Dilmurod Sayyid bir necha yillar davomida „Mohiyat“, „Advokat“ („Advokat Press“) gazetalarida jurnalist sifatida faoliyat yuritgan. U 2005-yilda „Advokat Press“ gazetasida eʼlon qilgan „Yoʻq haqida badiha“ nomli maqolasi uchun matbuotdan chetlatilgan, barcha nashrlarga uning maqolalarini chop etish taqiqlab qoʻyilgan. Shu maqolaning ortidan „Advokat Press“ gazetasi ham yopilib ketgan, gazetaning oʻsha maqola chop etilgan soni barcha doʻkonlardan yigʻib olingan.
Shundan soʻng Dilmurod Sayyid qator mustaqil va muxolif saytlar uchun maqolalar yozgan, Oʻzbekistondagi „Ezgulik“ inson huquqlarini himoya qiluvchi jamiyat aʼzosi boʻlgan.
Qamalishi Oʻzining tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Dilmurod Sayyidga 2009-yilda taʼmagirlik, poraxoʻrlik, tovlamachilik, qalbaki hujjatlar, shtamp va muhrlar tayyorlash ayblari qoʻyilib hibsga olingan va oʻsha yilning 30-iyul kuni u Oʻzbekiston respublikasi jinoyat kodeksining 165-modda 3-qismi „a“ bandi, 228-modda 3-qismi va 228-modda 3-qismi „b“ bandi bilan aybdor deb topilib, 12,5 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Jurnalist sudda oʻziga qoʻyilgan ayblarni toʻliq rad etgan va aslida oʻzining jurnalistik faoliyati uchun sud qilinayotganini taʼkidlagan. Inson huquqlari tashkilotlarining soʻzlariga koʻra Dilmurod Sayyid ustidan olib borilgan sud jarayonlarida koʻplab qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilgan.
Dilmurod Sayyid avvaliga Navoiydagi qamoqxonada jazoni oʻtagan, keyinchalik uni Qarshi shahridagi qamoqxonaga koʻchirishgan.
2009-yilning 5-noyabrida Navoiyda qamoqda saqlanayotgan jurnalistni koʻrish uchun yoʻlga chiqqan turmush oʻrtogʻi Barno Jumanova va 6 yashar qizi Ruxshona avtohalokatga uchrab halok boʻlgan.
2012-yil 3-may kuni AQSh davlat departamenti siyosiy taʼqibga uchrab qamoqqa olingan jurnalistlar qatorida oʻzbekistonlik Dilmurod Sayyidni ham eslab oʻtib, unga qoʻyilgan taʼmagirlik, tovlamachilik, poraxoʻrlik kabi ayblar uydirilgan ekanini, aslida jurnalist siyosiy bosimlar ortidan qamoqqa olinganini va qamoqda uning sogʻligi yomonlashganini aytib, Oʻzbekiston hukumatini jurnalistning salomatligiga eʼtibor qaratishga va uni ozod qilishga chaqirgan.
2018-yilning 3-fevral kuni Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida ochiq sayyor sud majlisi boʻlib oʻtgan va shu sud qarori bilan Dilmurod Sayyid muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan.
AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi oʻz rasmiy sayti orqali Dilmurod Sayyidning ozod qilinishini olqishladi.
Manbalar
Turkum:Oʻzbekistonlik jurnalistlar Turkum:1962-yilda tugʻilganlar Turkum:Toshkentda tugʻilganlar Turkum:Oʻzbekistonlik mahbuslar va qamoqqa olinganlar