Mubashshir Ahmad (asl ismi: Tursunov Alisher Ahmadovich; 1974-yil 1-yanvar, Namangan, Namangan viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik islom olimi, voiz, muharrir va media tadbirkor. U „Azon“ mediya ekotizimining asoschisi boʻlib, shu jumladan Azon.uz axborot portali, „Azon Global“ xalqaro platformasi va bir nechta nashrlarni yaratgan. 2025-yilda Jinoyat kodeksining uchta moddasi boʻyicha sudlangach, 2 yil 6 oylik ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.

Tarjimai holi Mubashshir Ahmad 1974-yil 1-yanvarda Namangan shahrida tavallud topgan. Uning otasi – adib, tarjimon va jurnalist Ahmad Muhammad Tursundir.

1991–1996-yillarda Toshkent islom institutida, soʻngra Misrdagi Al-Azhar universitetida taʼlim olgan. 2002–2015-yillarda Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan bir nechta ijozalar olgan.

Faoliyati Ilmiy faoliyati 1996–2014-yillarda Toshkent islom institutida hanafiy mazhabining fiqhi, usul al-fiqh va faroiz (meros ilmi) fanlaridan dars bergan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining rasmiy nashrlari – „Oʻzbekiston musulmonlari“ (keyinchalik „Hidoyat“ jurnali) va „Islom nuri“ gazetasida muharrir sifatida ishlagan.

2018-yil 10-aprelda Oʻzbekiston musulmonlari idorasidagi kotibiyat mudiri yordamchisi lavozimidan ozod etilgan.

Media faoliyati Mubashshir Ahmad „Fikrat“ va „The Tashkent Post“ nashrlarining taʼsischisi va muharriri boʻlgan. U „Qaqnus media“ nashriyotining bosh direktori sifatida 2017-yilda „Azon.uz“ axborot-tahliliy portalini, „Azon FM“ onlayn radiosini, 2019-yilda esa „Azon TV“ YouTube kanalini ishga tushirgan. „Yuksalish“ umummilliy harakatining 2023-yildagi tahlili boʻyicha „Azon TV“ YouTube platformasida obunachilar soni jihatidan respublikaning TOP-3 internet-nashrlaridan biri boʻlgan.

Shuningdek, u „Azon travel“ sayyohlik firmasi, „Azon kitoblar“ doʻkoni, „Moida by Azon“ kafesi, „Mezana“ ilm markazi va Istanbul shahridagi „Mezana“ xalqaro ilmlar akademiyasini ham tashkil etgan. Oʻrta Osiyo xalqlari Azon vaqfining taʼsischisi va vasiylik kengashi raisliklarini ham olib borgan.

Kitoblari Mubashshir Ahmad bir qator asar va tarjimalar muallifidir:

„Islom hazorasi“ (2022) – islom sivilizatsiyasining tarixi va ilmiy-madaniy merosiga bagʻishlangan; „Olim, olam va odam“ (2021) – olimlar hayoti va fikrlari haqida; „Moida“ (2016) – turli xalqlarning islomiy oshxona anʼanalari haqida; „Zamonaviy masalalarning sharʼiy hukmlari“.

Tarjima qilgan asarlari:

Abu Homid Gʻazzoliyning 8 jildli „Ihyou ulumid-din“ kitobi (2022); „Yengil fiqh“ (1 jild) va „Mufassal fiqh“ (8 jild); „Risalatul qushayriyya“ tasavvufiy asari.

Muharrirligi ostida chop etilganlar:

„Islomda oila“ (2022); Doktor Oiz Qarniyning „Oʻkinma“ asari (2016); Zamonaviy davrning eng yirik fiqhiy ensiklopediyasi boʻlgan „Katta fiqh ensiklopediyasi“.

Azon.uz va uning yopilishi Azon.uz axborot-tahliliy portali 2017-yil sentyabrda faoliyatini boshlagan. Kun.uz nashri portalni „diniy, maʼnaviy hamda maʼrifiy yoʻnalishlarda faoliyat yuritadigan ommaviy axborot vositasi“ deb taʼriflagan. Similarweb maʼlumotlariga koʻra, portalni oyiga oʻrtacha 400–500 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan.

2021-yil fevralda Azon.uz taʼsischisi Din ishlari boʻyicha qoʻmita rahbariyatining tahririyatga nisbatan bosim oʻtkazayotganini ommaviy ravishda eʼlon qildi. Din ishlari boʻyicha qoʻmita esa oʻz bayonotida bunday topshiriq bermaganini qayta tasdiqladi.

2021-yil 21-iyunda Toshkent shahar jinoyat ishi boʻyicha sud Azon.uz rasmiy xodimlarini, jumladan Mubashshir Ahmadni ham, diniy materiallarni tasdiqlash tartibiga rioya qilmasdan tarqatgani uchun maʼmuriy jarimaga tortdi. Amerikalik nohukumat tashkiloti „Committee to Protect Journalists“ (CPJ) bu hodisani qayd etgan. AQSH Davlat departamentining 2021-yilgi diniy erkinlik boʻyicha hisobotida ushbu jarima qayd etilgan. Freedom House tashkiloti ham portal faoliyatiga oid cheklovlarni oʻz hisobotlarida yoritgan.

2023-yil avgustda portal barcha faoliyatini toʻxtatdi. Bir necha oy oʻtgach, 2023-yil noyabrda toʻrt tilda ishlaydigan „Azon Global“ xalqaro platformasi ishga tushirildi.

Jinoiy ishi va sud jarayoni Birinchi hibsga olinish (2023–2024) 2023-yil 28-dekabrda Mubashshir Ahmad Turkiya ichki ishlar organlari tomonidan Istanbulning Boshakshehir tumanidagi uyidan „jamoat xavfsizligiga tahdid“ gumoni asosida olib ketildi va Istanbul viloyatidagi Binkilich deportatsiya markaziga joylashtirildi. 55 kun oʻtgach, 2024-yil 21-fevralda Turkiya tomonidan ozodlikka chiqarildi.

Qidiruvga berilishi 2025-yil 19-fevralda Oʻzbekiston IIV Mubashshir Ahmadni xalqaro qidiruvga berdi. Dastlab 244-2-modda boʻyicha qidirilayotganligi eʼlon qilingan boʻlsa-da, IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov ikki kun oʻtgach buni „axborot bazasiga kiritishdagi texnik xatolik“ deb tuzatdi – aslida modda 244-3 (diniy materiallarni ruxsatsiz tayyorlash va tarqatish) ekanligi aniq boʻldi. Dastlabki tergov 2023-yil 11-avgustda Shayxontohur tumani IIV tomonidan qoʻzgʻatilgani maʼlum qilindi.

Ikkinchi hibsga olinish va Oʻzbekistonga qaytarilish 2025-yil may oyida Mubashshir Ahmad Turkiyada ikkinchi marta hibsga olindi va Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi. Oʻzbekiston IIV rasmiy bayonotida unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-prim-1 va 244-prim-3-moddalari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani va qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgani taʼkidlandi. Keyinchalik tergov Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasiga oʻtkazildi va qoʻshimcha ravishda Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy yoki diniy adovat qoʻzgʻatish) boʻyicha ham ayblov eʼlon qilindi.

Sud jarayoni 2025-yil 19-avgustda Toshkentdagi Uchtepa tuman sudida sudya Bobur Rahimov raisligida sud jarayoni boshlandi. Mubashshir Ahmad uchta modda boʻyicha ayblanib, u 244-3-modda boʻyicha aybini qisman tan olib, ruxsatsiz materiallar tarqatilganini tasdiqladi; qolgan ikki modda boʻyicha esa aybini rad etdi. Sud davomida siyosatshunoslik va dinshunoslik sohasidagi ekspertlar koʻrsatma berdi. Prokuror yakdil 7 yillik jazo talabini olgʻa surdi.

Reuters xalqaro axborot agentligi ushbu ishni Oʻzbekistonda „diniy amaliyot boʻyicha soʻnggi yillardagi eng yuqori darajali ishlardan biri“ sifatida baholadi.

Hukm 2025-yil 8-oktabrda Uchtepa tuman sudi Mubashshir Ahmadni uchala modda boʻyicha ham aybdor deb topib, quyidagi jazolarni belgiladi:

Modda Mazmun Jazo JK 156-modda Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatish 2 yil JK 244-1-modda Jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish 2 yil JK 244-3-modda Diniy materiallarni ruxsatsiz tarqatish 6 oy axloq tuzatish ishlari Jami: 2 yil 6 oy

Jazo umumiy tartibli koloniyada oʻtkazilib, 2025-yil 11-maydan boshlab hisoblanishi belgilandi. Sud hukmi bilan unga tegishli ijtimoiy tarmoq sahifalari ham oʻchirilishi yoki bloklash buyurildi. Advokat tomonidan apellyatsiya shikoyati berilmaganligini tasdiqlangan.

The Diplomat nashrida tahlilchi tomonidan eʼlon qilingan maqolada ayblovlar „bir nechta materiallarga“ asoslanib, „platforma va mediakorxona faoliyatini toʻliq toʻxtatishga olib kelgani“ taʼkidlangan.

Koloniyada saqlanishi 2025-yil oktabr oyining oxirida u Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasiga joylashtirildi. Himoyachilarining maʼlum qilishicha, uning qon bosimi va buyrak soʻgʻligʻi muammolari kuzatilgan. 2026-yil yanvarida Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili koloniyaga tashrif buyurib, Mubashshir Ahmad bilan muloqot oʻtkazdi; ombudsman bayonotiga koʻra, ulamo „tibbiy yordam koʻrsatilishidan shikoyati yoʻq“ligini bildirgan. 2026-yil fevralda vaqtincha Toshkentdagi ixtisoslashgan tibbiyot muassasasiga oʻtkazilgani maʼlum qilingan.

Xalqaro reaksiyalar Mubashshir Ahmad ishi bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtiborga olingan:

Turkiyada MAZLUMDER (Inson huquqlari va mazlumlar uchun hamjihatlik uyushmasi) deportatsiyaga oid maxsus matbuot anjumani oʻtkazdi. HÜDAPAR partiyasining Inson huquqlari boshqarmasi ham xalqaro huquq va Turkiyaning taraf boʻlgan bitimlariga ishora qilib, masala boʻyicha munosabat bildirdi.

Forum 18 xalqaro diniy erkinlik nashri ishni Oʻzbekistondagi diniy senzura va majburiy „ekspert tahlili“ tizimi bilan bogʻliq keng tahlilida yoritdi. Eurasia Review nashri ham ushbu tahlilni eʼlon qildi.

Manbalar

Havolalar Uzbek Cleric Mubashshir Ahmad Sentenced After Extradition from Turkiye – The Diplomat (2025) Uzbek cleric goes on trial – Reuters (2025) UZBEKISTAN: Jailed, fined for uncensored religious materials – Forum 18 (2025) Why Is Prominent Uzbek Imam Mubashshir Ahmad Wanted by Authorities? – The Diplomat (2025)

Turkum:Oʻzbekistonlik islom olimlari Turkum:Oʻzbekistonlik jurnalistlar Turkum:Oʻzbekistonlik muharririlar Turkum:Toshkent islom instituti bitiruvchilari Turkum:Al-Azhar universiteti bitiruvchilari Turkum:Oʻzbekistondagi din erkinligi Turkum:Yashayotgan insonlar __INDEKS__