Bastian Schweinsteiger (, ; 1984-yil 1-avgust, Kolbermoor, Bavariya) — nemis futbolchisi, markaziy yarim himoyachi ampluasida oʻynagan. Oʻzining pozitsiyasi boʻyicha eng yaxshi nemis futbolchilaridan biri boʻlgan. Uning nomi „Bayern Munich“ futbol klubi shon-sharaf zalidan joy olgan.

Schweinsteiger „Bayern Munich“ futbol klubi tarbiyalanuvchisi boʻlib, asosiy jamoaga oʻtganidan keyin 13 mavsumni oʻtkazgan. Bu vaqt ichida sakkiz marta Germaniya chempioni, yetti marta Germaniya kubogi sohibi, shuningdek, UEFA Chempionlar ligasi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va UEFA Superkubogi g‘olibiga aylangan. 2012–2013-yilgi mavsumda futbolchi „Bayern Munich“ futbol klubi bilan treblga erishgan. 2015-yilda Schweinsteiger Angliyaning „Manchester United“ futbol klubiga oʻtgan, ammo bu klubning asosiy futbolchisiga aylana olmadi. Keyinchalik Bastian AQShdagi „Chicago Fire“ futbol klubiga oʻtib, bu klubda uch mavsum oʻtkazadi, 2019-yil oktyabr oyida futbolchilik faoliyatini yakunlaydi. Shundan soʻng Schweinsteiger ARD teleradiokompaniyasida televizion mutaxassis sifatida ishlay boshlagan.

Bastian Schweinsteiger 2004-yildan 2016-yilgacha Germaniya milliy futbol terma jamoasining asosiy tarkibida oʻynagan. Jamoa tarkibida 121 ta oʻyin oʻtkazib, ushbu jamoa tarixidagi eng koʻp oʻyinlar oʻtkazgan futbolchilar orasida toʻrtinchi oʻrinni qayd etgan. Bastian toʻrtta Yevropa chempionati va uchta jahon chempionatida ishtirok etgan, 2014-yilda jahon chempioni boʻlgan. Shundan keyin futbolchi terma jamoa sardori etib tayinlanadi va 2016-yilning avgustida terma jamoadagi faoliyatini yakunlaydi.

Tarjimayi holi Bastian Schweinsteiger 1984-yil 1-avgust kuni Kolbermoor shahrida tavallud topgan. Bastian Alfred va Monica Schweinsteigerlarning ikkinchi farzandi boʻlib, akasi Tobias ham professional futbolchi boʻlgan. Otasi sport doʻkonida sotuvchilik, shuningdek, togʻ changʻi sporti bilan shugʻullangan. Alfred togʻ changʻi sportining gigant slalom turi boʻyicha Germaniya changʻi assotsiatsiyasining asosiy tarkibida boʻlgan, biroq jarohati tufayli professional faoliyatini yakunlashga majbur boʻlgan. Bastianning tog‘ chang‘i sayyohlik bazasiga egalik qilgan Hans ismli amakisi ham bor boʻlgan boʻlib, shu sababdan Schweinsteiger bolaligidan changʻi sportiga qiziqa boshlaydi, ammo bu bilan cheklanib qolmagan. Bastian xokkey, basketbol, ​​tennis, golf va futbol oʻynab, ushbu sport turlarining har birida yaxshi natijalarga erishgan. Keyinchalik otasi Bastianning bolalikdan sport bilan shugʻullanishi futboldagi faoliyatida yordam berganini aytgan: changʻi sporti tufayli koordinatsiyasi rivojlandi va golf tufayli esa aqliy qobiliyatlari oshdi.

Vaqt oʻtishi bilan futbol yosh Bastianning sevimli mashgʻulotlari orasida asosiy oʻrinni egallaydi. Toʻrt yildan koʻp boʻlmagan vaqt ichida futbolchi bolalar jamoasida mashq qila boshlaydi. Bastianning birinchi futbol klubi Oberaudorf boʻlib, bu klubga akasi bilan birga qabul qilingan. Bolalar oʻrtasidagi futbol musobaqalarida Bastian yuqori koʻrsatkichlari bilan ajralib turgan, bu esa unga yuqori darajadagi futbol klubi „Rosenheim 1860“ jamoasiga oʻtish imkonini berdi. Schweinsteigerning iqtidori oʻshandayoq sezilgan, ammo bundan tashqari futbolchining irodasi, fidoyiligi va jamoaviy ruhi murabbiylarni oʻziga jalb qilgandi. Bastian Schweinsteiger haqidagi biografik kitob muallifi Lyudvig Krammer taʼkidlaganidek, futbolchi bolaligidan oʻzining yetakchilik fazilatlari bilan ajralib turgan. Hatto yoshi kattaroq jamoada ham Schweinsteiger gʻalaba qozonish gʻayrati bilan boshqalarni ruhlantira olardi. Koʻrgazmali mashgʻulotlarning birida Bastianni boʻlajak jamoadoshi Mats Hummelsning otasi, „Bayern Munich“ futbol klubining yoshlar jamoasi murabbiyasi Herman Hummels payqab qoladi. Murabbiy Myunxen klubi rahbariyatiga yosh futbolchi haqida maʼlum qiladi, natijada „Bayern Munich“ futbol klubining muxlisi boʻlgan Bastian 14 yoshida ikkinchi marta jamoasini oʻzgartiradi.

Shaxsiy hayoti Bastian musiqa, do‘stlar bilan uchrashish, sayohat qilish va kitob o‘qishni o‘zining sevimli mashg‘ulotlari deb biladi. Schweinsteiger basketbolni ham yaxshi ko‘radi, tez-tez „Bayern Munich“ basketbol jamoasining o‘yinlarida qatnashgan. Bastian togʻ changʻichisi Felix Neureuther bilan bolalikdan doʻst, yana nemis professional basketbolchisi Steffen Hamann bilan ham. Futbolchi bir marta basketbol to‘pining halqaga tushishini taqlid qilgan holda golini nishonlagan.

2007-yildan 2014-yil iyuligacha Bastian nemis modeli Sarah Brandner bilan uchrashgan. 2014-yil sentyabr oyida Schweinsteiger serbiyalik tennischi Ana Ivanovich bilan uchrashishni boshlaydi. 2016-yil 12-iyulda juftlik Venetsiyada turmush qurishgan. Nikoh marosimi Palazzo Cavalli-Franchetti saroyida bo‘lib o‘tgan. 2018-yil 19-martda oʻgʻli Luka tugʻiladi. 2019-yil 30-avgustda o‘g‘li Leon tug‘ilgan. 2023-yil fevralda oila uchinchi farzand kutayotganligini maʼlum qilishadi. 2023-yil mayida juftlikning uchinchi oʻgʻli tugʻilgan.

Uning familiyasi Schweinsteig so‘zidan olingan bo‘lib, „cho‘chqa katagi“ (Schwein „cho‘chqa“ + stige „katak“) degan ma’noni bildiradi. Bastian Schweinsteiger faoliyatining dastlabki yillarida ingliz tilidagi matbuot va muxlislar uning familiyasini „choʻchqaboqar“ () deb noto‘g‘ri tarjima qilishgan, Schweinsteigerning Myunxendagi kolbasa ishlab chiqaruvchi korxonasiga qarshi da’vosi matbuot xabarlarida keng yoritilgan, sababi korxona o‘z mahsulotlarini „Shvayni“ deb nomlagan. Ba’zan matbuotda Bastian ismi o‘rniga, Sebastyan nomi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.

2015-yilda Xitoyning „Dragon in Dreams“ nomli o‘yinchoq ishlab chiqaruvchi korxonasi yuzi Schweinsteigerga oʻxshash Vermaxt askari qoʻgʻirchogʻini ishlab chiqargan, korxona qo‘g‘irchoqni ishlab chiqarishda ehtimol, futbolchining qiyofasidan foydalangan boʻlishi mumkin. Qo‘g‘irchoq „Bastian“ nomi bilan sotilgan. Bu esa ommaviy axborot vositalarida juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, ammo oʻyinchoq ishlab chiqaruvchi korxona bu o‘xshashlikni shunchaki tasodif, qo‘g‘irchoqda „oddiy nemis“ tasvirlangan deb hisoblashgan. Boʻlib oʻtgan sud jarayonidan so‘ng qo‘g‘irchoq sotuvdan olib tashlangan.

Schweinsteiger 2019-yil oktyabr oyida sportni tark etganidan bir necha kun o‘tgach, ARD teleradiokompaniyasi Bastianni 2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga qadar keyingi uch yil davomida futbol o‘yinlarini translyatsiya qilish bo‘yicha mutaxassis bo‘lganini e’lon qiladi. 2020-yil Amazon Prime Video videoservisida Bastian Schweinsteiger haqida Til Schweigerning „Schw31ns7eiger Memories: Von Anfang bis Legende“ hujjatli filmi chiqqan. Film nomidagi raqamlar Schweinsteigerning „Bayern Munich“ klubidagi 31 va milliy terma jamoadagi 7 raqamlariga ishora qilingan.

Futbolchilik faoliyati

FC Bayern Munich Jamoasini o‘zgartirganiga qaramay, Bastian ota-onasi bilan „Bayern Munich“ futbol klubining mashg‘ulot majmuasidan 90 km uzoqlikdagi Oberaudorfda yashashda davom etdi. Bu esa qiyinchilik tug‘dirar, dastlab onasi mashgʻulotga futbolchini olib borgan, keyinchalik esa klub yoshlar jamoasi futbolchilari uchun alohida mikroavtobus oladi. „Bayern Munich“ futbol klubining yoshlar jamoasidagi o‘ynashdan tashqari, Bastian oddiy maktabga ham qatnar, u yerda asosan matematikani yaxshi oʻzlashtirgan. Maktabni tamomlagach, futbolchi klub yotoqxonasiga joylashadi. Myunxen klubdagi faoliyatining boshida Bastianning bosh murabbiysi Stephan Beckenbauer boʻlgan. 2001-yilda jamoasi bilan birgalikda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Germaniya chempionatida g‘olib chiqqan. Bu vaqtda Bastianga Germaniyaning boshqa bir klubi „Hamburger SV“ qiziqish bildirgan, ammo futbolchi oʻz klubida qolishga qaror qiladi. Bir yil o‘tib, Bastian yana Germaniya chempionati g‘olibiga aylandi, bu safar ushbu hodisa 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida oʻtkazilgan musobaqada sodir bo‘ldi. Soʻngra Schweinsteiger „Bayern Munich II“ futbol klubini boshqargan murabbiy Hermann Gerland bilan ishlay boshladi. Ushbu murabbiyning kuchli talabi va qat’iyligi bilan ajralib turishi Bastian Schweinsteigerda taassurot qoldirgan. 2002-yil 2-martida Bastian „Bayern Munich II“ futbol klubida debyut oʻyinini oʻtkazdi, yaʼni o‘yin oxirida zaxiradan maydonga tushgan. Bastian Schweinsteigerning navbatdagi o‘yini bor-yo‘g‘i ikki oydan soʻng bo‘lib o‘tdi, ammo shundan so‘ng murabbiy futbolchiga ishonch bildirib, tez-tez oʻyinga qoʻya boshlaydi.

2002-yil kuzida „Bayern Munich“ 2002–2003-yilgi Chempionlar ligasining guruh bosqichida samarasiz o‘yin ko‘rsatdi. Beshta o‘yindan so‘ng nemis klubi bor-yo‘g‘i bitta ochko to‘playdi, shu bois ham klub o‘z guruhida oxirgi o‘rinni egallagan. Aynan shu pallada Bastian asosiy tarkibga o‘tgan va 13-noyabr kuni guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida Fransiyaning „Lans“ klubi jamoasiga qarshi o‘yinda ilk bor jamoaning asosiy tarkibida maydonga tushdi. Jamoa bosh murabbiysi Ottmar Hitzfeld futbolchini ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida oʻyinga tushirgan. Uchrashuv 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi, ammo „Bayern Munich“ baribir guruhdan chiqa olmaydi. Dastlab Bastian oʻzining oʻrni boʻlgan yarim himoya markazida emas, balki asosan qanotlarda o‘ynagan, chunki oʻz pozitsiyasida raqobat kuchli boʻlgandi. 2002-yil 7-dekabrda „VfB Stuttgart“ bilan boʻlgan uchrashuvda Bundesligadagi debyutini oʻtkazib, soʻngra o‘zining birinchi professional shartnomasini imzolaydi. Fevral oyi boshida Germaniya kubogi doirasidagi „FC Köln“ jamoasiga qarshi o‘yinda Bastian Myunxen klubi safida o‘zining birinchi golini urdi, uning urgan gol o‘sha uchrashuvda uchinchi gol bo‘lib, yakuniy hisob 8:0 bilan tugaydi. Hitzfeld murabbiyligida Schweinsteiger sportchi jihatidan o‘sdi, chunki murabbiy futbolchiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lgan. Oʻzining 1-mavsumida klubning asosiy tarkibida boʻlgan Bastian 14 ta o‘yin o‘tkazdi, shuningdek, ikkita turnir Germaniya kubogi va Germaniya chempionati g‘olibiga aylandi.

2003–2004-yilgi mavsumda jamoa Chempionlar ligasining guruh bosqichidan chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Nimchorak finalda esa „Real Madrid“ bilan to‘qnash keldi. Ispaniya klubiga qarshi birinchi o‘yinda Bastian maydonga tushmadi, zaxirada qolgan, ikkinchi o‘yinda esa 0:1 hisobi qayd etilganida oʻyinga tushirilgan. Yosh nemis oʻyinda paydo bo‘lishiga qaramay, uchrashuvda boshqa gol kiritilmaydi, shu sababli klub turnirni tark etadi. Mag‘lubiyatga qaramasdan, Schweinsteiger uchun bu o‘yin hal qiluvchi o‘yinlardan biriga aylandi. Keyinchalik Bastian Schweinsteigerning o‘zi ham tan olishicha, o‘sha o‘yindan soʻngra o‘ziga boʻlgan ishonchni his qildi, chunki jamoadagilar hatto qiyin vaziyatda ham unga ishonch bildira boshladilar. Bastian futbolchi sifatida o‘sishiga qaramasdan, „Bayern Munich“ futbol klubi muvaffaqiyatsizlikka uchrayverardi. Germaniya kubogida klub chorak final bosqichidagi o‘yinini yakunlaydi, „Werder Bremen“ futbol klubi chempion bo‘ldi. Salbiy natijalar tufayli Hitzfeld ishdan bo‘shatildi va uning o‘rnini Felix Magath egallaydi. Yangi murabbiy darhol Bastiannni oʻyinga jalb qilishni boshlamaydi, shu tufayli futbolchi hatto unga qiziqish bildirgan „Bayer 04 Leverkusen“ futbol klubiga oʻtish uchun muzokaralarni boshlaydi, ammo klub boshqaruvi raisi Karl-Heinz Rummenigge Schweinsteigerni qo‘yib yuborishdan bosh tortdi. Soʻngra Bastian Schweinsteigerning o‘zi Myunxen jamoasi tarkibida o‘ynashni xohlayotganini tan olgan. Murabbiy bilan munosabatlaridagi ilk qiyinchiliklarga qaramay, murabbiy va futbolchi umumiy til topishdi.