Abu Muhammad Abdulloh ibn Husayn (; 874-yil 31-iyul — 934-yil 4-mart), hukmdorlik nomi al-Mahdiy biʼlloh (, „Alloh toʻgʻri yoʻlga tutgan“) bilan mashhur, islom tarixidagi yagona yirik shia xalifaligi boʻlgan Ismoiliy Fotimiylar xalifaligining asoschisi va shialik tarmogʻi boʻlgan Ismoiliy oqimining oʻn birinchi imomi.
U Askar Mukramda yashirin imom Muhammad ibn Ismoil nomidan targʻibot olib boruvchi yashirin ismoiliy missionerlik tarmogʻiga (daʼvat) rahbarlik qiladigan oilada tugʻilgan. Tugʻilgan vaqtida Said ibn al-Husayn () deya ism qoʻyilgan. Yoshligida ota-onadan yetim qolib, oila bazasi bo‘lgan Salamiyaga ko‘chib o‘tib, amakisi asrab olgan. 890-yillarning oʻrtalarida Said kengayib borayotgan daʼvatga rahbarlik qilishga muvaffaq boʻlgan va daʼvati oʻsha davr musulmon dunyosi boʻylab keng tarqalib, tarafdorlar orttirgan. Biroq, uning nafaqat yashirin imomning ishonchli vakili, balki oʻzi va ota-bobolarining imomlik maqomiga ega ekanligi haqidagi daʼvolari 899-yilda ismoiliylar harakatida boʻlinishga olib keldi. Uning daʼvolarini tan olmaganlar ajralib chiqib, Qarmatlar oqimini tashkil qilishgan. Bu ajralish ortidan 902—903-yillarda Suriyada ismoiliylik tarafdori boʻlgan badaviylar qoʻzgʻolonlari boʻlib, haddan tashqari ishtiyoqli tarafdorlar Abdullohni oʻzi roziligisiz mahdiy sifatida chiqishga majbur qilishgan. Badaviylar qoʻzgʻoloni bostirgan Abbosiy maʼmurlari eʼtiborini Abdullohga qaratib, uni Salamiyani tashlab, avval Ramlaga, soʻngra Misrdagi Fustat, nihoyat hozirgi Marokash hududidagi Sijilmasaga qochib yurishga majbur qilgan. U yerlarda savdogar sifatida yashab, 909-yilda Kutama berberlarining yetakchisi boʻlgan missionerlaridan biri Abu Abdulloh ash-Shiiy Ifriqiyaning Agʻlobiylar sulolasini agʻdarib tashlaguncha qolgan.
910-yil yanvarida Ifriqiyada xalifa deb eʼlon qilingan va hokimiyatni egallagan holda, o‘zining Xudo nomi bilan dunyoni zabt etish huquqini eʼlon qildi. Biroq, tez orada Abu Abdulloh va uning oʻzlari targʻib qilgan yarim ilohiy mahdiy emasligidan hafsalasi pir boʻlgan yetakchi missionerlar oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kela boshladi. Al-Mahdiy bu dissidentlarni zarasizlantirishga muvaffaq boʻlsa-da, oʻz hokimiyatining tayanchi boʻlgan Kutama talablariga qarshilik tufayli yoki ismoiliylarning ming yillik vaʼdalarini amalga oshira olmaganidan izdoshlarining hafsalasi pir boʻlgani sababli oʻz hokimiyatiga qarshi bir qator qoʻzgʻolonlarni yengishga majbur boʻlgan. Al-Mahdiy qurgan davlat, garchi masihiy mafkuraga asoslangan boʻlsa-da, anʼanaviy tarzda tashkil etilgan boʻlib, avvalgi Agʻlobiy tuzumi xodimlari va Kutama qilichlariga tayangan. Uning ekspansionistik maqsadlari juda kam muvafaqqiyatga erishgan. Misrga nisbatan ikki istilo Abbosiylardan magʻlub boʻlgan va faqat Kirenaikani qoʻlida saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan. Janubiy Italiyadagi Vizantiya imperiyasi bilan urush esa talon-taroj va qullar uchun bosqinlar bilan tavsiflanib, hech qanday doimiy muvaffaqiyatga erishmagan. Gʻarbda itoatsiz berberlar ustidan Fotimiylar hukmronligini oʻrnatishga boʻlgan bir nechta urinishlari nafaqat Berberlarning raqobatchilari, balki Al-Andalus Umaviylari tomonidan ham shubha ostiga olinib, vaqtinchalik muvaffaqiyatga erishgan. 921-yilda oʻz saroyini Tunis qirgʻogʻida yangi qurilgan mustahkam saroy shahar Mahdiyaga koʻchirib, umrining qolgan qismini shu yerda oʻtkazgan. 934-yilda vafotidan keyin o‘rniga yagona o‘g‘li al-Qoim taxtga o‘tirgan.
Yoshlik davri Kelib chiqishi
Fotimiylar xalifaligiga asos solgan insonning kelib chiqishi, shaxsi va ilk tarixi noaniq, hatto uning ismi, tug‘ilgan joyi va sanasi ham bahsli. Rasmiy tarjimai holiga koʻra, Forsning Xuziston viloyatidagi Askar Mukram shahrida 874-yil 31-iyulda (hijriy 260-yilning 12-shavvolida) yoki boshqa maʼlumotga koʻra roppa-rosa bir yil avval tugʻilgan. Boshqa manbalarga koʻra, Bagʻdod yoki Iroqning Kufa shahrida yoki Suriya choʻlining gʻarbiy qismidagi Salamiya shahrida tugʻilgan. Asl ismi Saʼid ibn al-Husayn boʻlishi mumkin, ammo oʻzi hayoti davomida haqiqiy ism Ali ekanligi va Said esa taxallusi ekanligini taʼkidlagan.
Otasi 881/2-yilda vafot etgach, Saidni amakisi Abdul-Shalagʻlag nomi bilan ham tanilgan Abu Ali Muhammad Salamiyaga tarbiyalash uchun yuborgan. Yoʻlda unga oʻzidan bir necha oylik katta va ayni bir tarbiyachi qoʻlida tarbiyalangan Jaʼfar ismli bola qoʻshilgan. Jaʼfar amaldor, Saidning yaqin sirdoshi va gʻoyadoshiga aylanib, hayoti haqidagi asosiy manbalardan birini ham yozgan. Faqatgina ismi Abu Muhammad ekanligi maʼlum boʻlgan ukasi Abu Muhammad Said bilan birga Salamiyaga bormagan.
Ilk ismoiliya va Salamiya
Abul-Shalagʻlag va Said badavlat savdogar xonadonida yashasa-da, oilasidan yashirincha yashirin siyosiy va diniy harakat — „Ismoiliy da'vo“ („daʼvat“)ni boshqargan.
Bu harakat shialarning imomat oqimining bir qismi boʻlib, musulmonlar jamoasiga rahbarlik qilish Xudo tomonidan islom paygʻambari Muhammadning kuyovi va toʻrtinchi xalifa Ali ibn Abu Tolibdan boshlanib, Muhammadning qizi Fotima orqali davom etgan uzluksiz shajaraning yagona, ilohiy qobiliyatga ega va hidoyatli imom (rahbar) zimmasiga yuklangan, deb hisoblagan. Imomiylar Allohning vahiysini talqin qilishda imomning yagona vakolati va ilohiy ilmi borligi sababli, har doim imomning mavjudligi zarur deb hisoblaydilar. Haqiqatda imom hech boʻlmaganda aqidaviy masalalarda masʼum sanaladi. Imomiyat avvalgi imom tomonidan aniq belgilanish () orqali amalga oshiriladi, bu tanlov Xudo tomonidan amalga oshirilgan deb hisoblanadi.
Bu taʼlimot imomiy shialarning 765-yilda oltinchi imom Jaʼfar as-Sodiq vafotidan keyin unga voris tayinlash masalasida ismoiliylar va oʻn ikkiliklarga boʻlinishiga sabab boʻlgan vorislik toʻqnashuvi edi. As-Sodiq voris etib oʻzining ikkinchi oʻgʻli, ismoiliylar uning nomi bilan nomlangan Ismoilni tayinlagan boʻlishi mumkin. Biroq, Ismoil otasidan avval vafot etgan. As-Sodiqning baʼzi izdoshlari vakolat avtomatik ravishda Ismoilning oʻgʻli Muhammadga oʻtadi, deb hisoblashsa, baʼzilari esa Ismoilning oʻzi oʻlmagan va hukmron Abbosiy xalifaligi taʼqibidan qutulish uchun yashirinib yurgan, deb daʼvo qilishgan. Biroq, as-Sodiq izdoshlarining aksariyati Ismoilning ukasi Muso al-Kozim va uning avlodlariga ergashib, shialikning oʻn ikkilik tarmogʻiga aylangan. Uning izdoshlariga koʻra, Muhammad ibn Ismoil Abbosiylar taʼqibidan ham, amakisi tarafdorlarining dushmanligidan ham qutulish uchun Hijozdan qochib, yashiringan () boʻlgan. U -yilda Xuzistonda vafot etganidan soʻng ismoiliylar harakatining taqdiri qorongʻu boʻlib, IX asr oxirlarida harakat qaytadan vujudga kelgan.
IX asr ikkinchi yarmida Abbosiylar xalifaligining chuqur inqirozi bilan bir vaqtda musulmon olamida umidlar to‘lqini tarqalgan. 860-yillarda Samarradagi anarxiya, so‘ngra Zanj qo‘zg‘oloni, viloyatlarda boʻlginchi va avtonom rejimlarning kuchayishi Abbosiylar hokimiyatini zaiflashtirgan. Ilk islom olamida oxirzamon boshlovchisi boʻlgan Aliy naslidan boʻlgan masihiy, („Toʻgʻri yoʻlda“) yoki („Turuvchi“)ga ishonish keng tarqalgan. Uning kelishidan darak beruvchi turli anʼanalarga koʻra, mahdiy tezda Abbosiylar xalifaligini agʻdarib, ularning poytaxti Bagʻdodni vayron qiladi, musulmonlar birligini tiklaydi, Konstantinopolni (Vizantiya imperiyasining poytaxti, ilk xalifaliklarning eng qadimgi nomusulmon dushmani) zabt etib, Islomning yakuniy gʻalabasini taʼminlab, tinchlik va adolat hukmronligini oʻrnatadi. Shunday qilib, Zanj qoʻzgʻoloni rahbari Aliy naslidan ekanligini daʼvo qilib, oʻzini , mazlum va huquqdan mahrum boʻlganlar uchun samoviy adolatni tiklovchi deb eʼlon qilgan. Tarixchi Maykl Brett taʼkidlaganidek, „Mahdiylarning umidlari [...] dunyo tarixini yakunlash uchun moʻljallangan ikkinchi Muhammad qiyofasidagi sirli, gʻayritabiiy, oxir-oqibat esxatologik shaxsning kelishiga qaratilgan edi“. Ismoiliylar kutgan ularning yashirin imomi Muhammad ibn Ismoildan boshqa hech kim emas edi.
Imom yashirin boʻlsa-da, oʻz izdoshlari oldida imom mavjudligining jonli dalili boʻlmish hujja () bilan ifodalangan. Keyingi manbalarga koʻra, bu mansabga Saidning bobosi Abdulloh al-Akbar daʼvo qilgan. Abdulloh al-Akbar tugʻilgan joyi Asqar Mukramni tark etib, bir qancha sarson-sargardonliklardan soʻng Salamiyaga joylashib, u yerdan oʻz izdoshlari bilan daʼvatning rivojlanishiga rahbarlik qilgan. Keyinchalik Ismoiliy anʼanalari va zamonaviy olimlarning qayta tiklagan maʼlumotlariga koʻra, Abdulloh al-Akbardan keyin oʻz navbatida 827/8-yilda oʻgʻli Ahmad, keyin Ahmadning oʻgʻli Abul-Shalagʻlag taxtga oʻtirgan. Biroq, Salamiyaga asoslangan harakatning kelib chiqishi bundan ancha avval boʻlib, u xalifa Mutavakkil () davrida Abbosiylar tomonidan qabul qilingan Aliylar va shialarga qarshi siyosat boshlanganidan keyin yuzaga kelgan boʻlishi mumkin. Bu siyosatlar nafaqat keyingi oʻn yilliklarda bir qator Aliy/shia qoʻzgʻolonlariga, balki 874-yilda oxirgi oʻn ikki imomning gʻoyib boʻlguniga qadar va taxminiy „okkultatsiya“ga qadar soʻnggi oʻn ikkilik imomga nisbatan taʼqiblarning kuchayishiga olib kelgan. Aynan shu davrda Muhammad ibn Ismoilning yaqin orada qaytishi haqidagi ismoiliy xabari mahdiylar orasida katta qiziqish uygʻotgan. Bunda oʻn ikki tarafdorlar oʻz rahbariyatining siyosiy jimjitligidan noroziligi va eng avvalo, koʻzga koʻrinadigan imomni sodiqlik va diniy yoʻl-yoʻriq manbai sifatida bekor qilgan gʻaybdan qolgan boʻshliq paydo boʻlgan.
thumb|250px|Parchalangan Abbosiylar imperiyasining -yilgi xaritasi. To‘q yashil rangda Abbosiylar markaziy hukumatining bevosita nazorati ostidagi hududlar, och yashil rangda Abbosiylar hukmronligiga nominal amal qilgan avtonom hududlar
Faoliyatiga qaramay, ismoiliylar harakatining bu bosqichi keyingi ismoiliy manbalarida kam yoritilgan. IX asrning soʻnggi oʻn yilliklarida sodir boʻlgan va 899-yilgi „Qarmatiya boʻlinishi“ bilan yakunlangan voqealarning aksariyati bir qator zamonaviy olimlar, asosan Vladimir Ivanov, Samuel Miklos Shtern, Vilferd Madelung va Hayns Halm tomonidan asosan fotimiylarga qarshi polemik asarlardan foydalangan holda qayta tiklangan va ishlab chiqilgan. Bu versiyaga koʻra, Hamdan Qarmat va uning qaynisi Abdan boshchiligidagi Ismoiliy doʼiylar 870-yillarning oxirlarida oʻz tarafdorlari tarmogʻini Kufa atrofidagi hududlarga, u yerdan Fors va Xurosonga qadar yoyishgan. Bu borada Yaman ayniqsa muhim rol oʻynagan. Yamanlik ismoiliy agenti Ibn Havshab Sindga (Haysam, 883/84), Bahraynga (Abu Said al-Jannabiy, 899) va Ifriqiyaga (Abu Abdulloh ash-Shiiy, 893) missionerlarni yuborgan.