Qayumxoʻja Aliyev (1900-yilda tugʻilgan) — oʻzbekistonlik maorif xodimi, davlat arbobi. Hayoti va faoliyati Aliyev Qayumxoʻja Toshkent viloyati, Qoʻyliq mavzesi, Shirinquduq mahallasida imom oilasida dunyoga kelgan va istiqomat qilgan. Otasi yangi usuldagi oʻzbek maktabi va rus-tuzem maktablarida muallimlik faoliyatini olib borgan, 1907-yilda vafot etgan. 1917-yilgacha bosglangʻich maktablarda oʻqishni davom ettirgan. 1919-yilgacha rus-tuzem maktabida hamda madrasalarda tahsil olgan. 1919-yilning oʻzida oʻqituvchilar tayyorlash uch oylik kursini tugatgan.
1920-1923-yillarda toʻquvchilik kasbi bilan shugʻullangan. Mashhur Hojixon qori qorixonasida Qurʼonni xatm qilgan. Shokirjon Rahimiy tavsiyasi hamda eski shahar xalq maorif boʻlimi yoʻllanmasiga koʻra 1918—1921-yillarda Boku Ishchi fakultetida uch kursni bitirgan. 1927-yilgacha turli maktablarda oʻqituvchi sifatida oʻz faoliyatini olib borgan.
1927-yilda Leningradga borganda Muso Begiyev bilan uchrashib, suhbatlashgani aytiladi. 1928—1930-yillarda xalq maorifi boʻlimida maslahatchi va mudir, № 1-son pedagogika texnikumida mudir boʻlib ishlagan.
Aliyev Qayumxoʻja 1927-yilgacha firqa aʼzosi boʻlgan, biroq tozalovda soʻng roʻyxatdan oʻchirilgan. U 1930-yil 30-iyulda aybi toʻliq isbotlanmagan holda „Narkom pros ishi“ boʻyicha qamoqqa olingan. 1931-yilda shartli ravishda 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 1933-yilda OGPU kollegiyasi tomonidan Obid Saidovni zaharlashda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va Sirdaryo viloyati Malik sovxozida surgunni oʻtagan.
1937-yilda Qayumxoʻja yana hibsga olinadi. Sababi esa yana oʻsha gap — uning shaʼniga tirkalgan 1930-yildagi ayblov. Bundan koʻrinadiki, 1937-yildagi va 1941-yildagi qamalishlarida ham oʻsha ayblov oʻz kuchini saqlab qolgan.
1941-yilda qayta sud qilingan va 1941-yil 9-yanvarda 5 yilga mehnat tuzatish lageriga yuborilgan. Keyingi taqdiri haqida esa yetarlicha va aniq maʼlumotlar keltirilmagan. Manbalar
Turkum:Qatagʻon qurbonlari Turkum:1900-yilda tugʻilganlar