Eduard Pütsep (1898-yil 21-oktyabr – 1960-yil 22-avgust) – estoniyalik sportchi. Erkin va yunon-rum kurashi boʻyicha musobaqalarda ishtirok etgan. 1920 (Antverpen, Belgiya), 1924 (Parij, Fransiya) va 1928-yillardagi (Amsterdam, Niderlandiya) olimpiya oʻyinlarida qatnashgan. 1924-yilda yengil vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritib, olimpiadada gʻolib chiqqan birinchi estoniyalik kurashchiga aylangan. 1928-yilgi olimpiadada yunon-rum kurashida oltinchi, erkin kurashda toʻqqizinchi oʻrinni egallagan.

Faoliyati Birinchi jahon urushi paytida kurash bilan shugʻullana boshlagan va 1917-yilgi Rossiya chempionatida uchinchi oʻrinni egallagan. Faoliyatidagi ilk xalqaro musobaqa, 1920-yilgi olimpiya oʻyinlarida Eduard Pütsep yarim finalga qadar yetib borgan va kumush medal sohibi Heikki Kähkönenga magʻlub boʻlgan. Keyingi yili jahon chempionatida toʻrtinchi oʻrinni egallagan. 1922-yilda esa kumush medalni qoʻlga kiritgan. 1922-yilda Boltiqboʻyi chempionatida gʻolib boʻlgan. 1927-yilgi Yevropa chempionatini ikkinchi oʻrin bilan yakunlagan. 1928-yilgi Amsterdamda oʻtkazilgan olimpiya oʻyinlarida kurashning ikki (erkin va yunon-rum) turi boʻyicha musobaqalarda ishtirok etgan. 1933-yilda faoliyatini yakunlagan. 1936-yilgi yozgi olimpiya oʻyinlarida Latviya kurash terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishtirok etgan. Ikkinchi jahon urushi paytida Finlyandiyaga koʻchib oʻtgan. Finlandiyada kurashchilarga murabbiylik qilishni davom ettirgan. 1977-yildan beri Estoniyaning Võru shahrida kurash boʻyicha har yili Eduard Pütsep xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnir oʻtkazib kelinmoqda.

Pütsep sakkiz tilda gaplasha soʻzlasha olgan. Kurashchilik faoliyati bilan bir qatorda ovozsiz filmlarda ham rol oʻynagan va „Estoniyalik Chaplin“ laqabini olgan. 1924-yilda Konstantin Märska rejissyorligidagi Õnnelik korterikriisi lahendus filmida, 1925-yilda esa Tsheka komissari Miroštšenko filmida rol ijro etgan. Manbalar

Turkum:1960-yilda vafot etganlar Turkum:1898-yilda tugʻilganlar Turkum:Estoniyada tugʻilganlar Turkum:Finlandiyada vafot etganlar Turkum:Kuusamoda vafot etganlar Turkum:Estoniya sportchilari Turkum:Shaxsiyatlar