Santiago del Estero (Ispancha talaffuzi: sanˈtjaɣo ðel esˈteɾo), shuningdek, Santiago nomi bilan tanilgan – Argentina shimolidagi provinsiya. Shimoldan soat mili boʻyicha qoʻshni provinsiyalari – Salta, Chaco, Santa Fe, Córdoba, Catamarca va Tucumán.

Tarixi

Ushbu hududning tub aholisi Juríes-Tonokotes, Sanavirones va boshqa qabilalar hisoblanadi. Santiago del Esteroda 100 000 ga yaqin mahalliy kechua tilida soʻzlashuvchilar istiqomat qiladi. Ular inklar tilidan foydalanadigan eng janubiy tubjoy aholi hisoblanadi. Til qachon va qanday qilib bu hududga yetib kelgani aniqlanmagan, ehtimol, ilk Ispaniya ekspeditsiyalariga hamrohlik qilgan mahalliy askarlar bilan yetib kelgan boʻlishi mumkin.

1542-yilda bu hududga Diego de Rojas ilk bor qadam qoʻygan. 1553-yilda Francisco de Aguirre boshchiligidagi ispan konkistadorlari tomonidan barpo etilgan va shimoldagi eng uzoq shahar boʻlgan.

Keyinchalik, Santiago Tucumándan Audiencia de Charcasgacha boʻlgan turli provinsiyalar tarkibida boʻlgan. Biroz muddatdan soʻng yana Tucumán tarkibiga qaytarilgan va poytaxt etib belgilangan.

1699-yilda yepiskop Córdobaga va ikki yildan soʻng hukumat Saltaga koʻchib oʻtdi. Buning ustiga, Buenos Aires va Peru vitse-qirolligi oʻrtasidagi kumush savdo yoʻli Santiago orqali emas, balki Tucuman orqali oʻtadigan boʻldi. Ushbu holatlar birgalikda shahar va hududning ahamiyatini keskin pasaytirib yubordi. Natijada, XIX asr boshlariga kelib, shaharda atigi 5000 aholi qolgan edi.

Salta provinsiyasi tashkil etilishi bilan Santiago del Estero Tucumanning yangi provinsiyasi tarkibiga oʻtkazildi. Milliy mojaro vaqtida Santiago del Estero 1820-yili Tucumandan ajralib chiqdi va muxtoriyat tarafdori gubernator Juan Felipe Ibarra nazorati ostiga oʻtdi. Yangi provinsiya tashkil etilganida uning dastlabki oʻn yilliklarida eng mashhur himoyachilari orasida 1826-yildan 1862-yilgacha oʻz provinsiyasini himoya qilgan yosh musiqa bastakori Amancio Jacinto Alcorta ham bor edi. U hududda savdoni modernizatsiya qilishga va soliqqa tortishga yordam berdi hamda mahalliy bank va kreditni targʻib qildi. 1856-yilda provinsiya konstitutsiyasi ishlab chiqildi.

XX asrning boshlarida Santiago del Estero Chaco provinsiyasi bilan tortishuvga sabab boʻlgan yerlarning bir qismini sotib oldi. Oʻsha paytga kelib provinsiyada toʻrtta shahar va 35 000 aholi bor edi, ularning aksariyati qiyin sharoitlarda yashagan. 1950-yilda Los Quiroga toʻgʻonining qurilishi sugʻorish orqali boshqa qurgʻoqchil yerlarning mahsuldorligini oshirish imkonini berdi.

1890-yillarda siyosatchilar Santiago del Estero shahrining shimoli-gʻarbidagi kam eʼtibor qilingan turistik yoʻnalishdan xabardor boʻldilar. Ushbu yoʻnalishda transport yoki mehmonxona qulayliklarining yoʻqligiga qaramay, sayohatchilar 1543-yildan buyon aholiga maʼlum mineral buloqlarni koʻrish maqsadida borishardi.

Argentina qishloq xoʻjaligi departamenti Buenos Aires universiteti kimyo fanlari professori Hercules Cortiga buloqlarni oʻrganish vazifasini topshirdi. 1918-yilda oʻz hisobotini yakunlar ekan, Corti Rio Hondo issiq buloqlari yer yuzidagi eng shifobaxsh buloqlardan biri ekanligini va mineral buloqlar sogʻliqni saqlash turizmi uchun muhim joy hisoblanishini bildirdi. Rio Hondo tezda Argentinaning barcha burchaklaridan tashrif buyuruvchilarni jalb qila boshladi. 1932-yilda jamoat kurorti sifatida ajratilgan, birinchi rasmiy mehmonxona obyektlari esa 1940-yillarning oxirida ochilgan.

1948-yilda provinsiya peronist faoli Carlos Arturo Juárez viloyat gubernatori etib saylandi. XX asr oxirlarida Santiago del Esteroning asosiy siyosiy arbobiga aylangan Juárez gʻayratli va intiluvchanligi tufayli tez orada mahalliy siyosatda muhim oʻrin egalladi (asosan boshqalar orqali). Caudillo (mahalliy rahbar) sifatida tanilgan Juárez 1990-yillarga kelib, oʻz raqiblari oʻldirishga bemalol buyruq bera boshladi. Jumladan, 1996-yilda sobiq hokim Cezar Iturre va 1998-yilda yepiskop Gerardo Sueldolarning oʻlimiga sabab boʻldi.

Biroq, ikki mahalliy yosh ayolning oʻlimi Juárezning qotili Antonio Musa Azarni oshkor boʻlishiga sabab boʻldi. Musa Azarning oʻtmishdagi qotilliklari va shantajlariga aloqadorligi isbotlangach, Juárez 2002-yil oxirida isteʼfoga chiqdi. Uning oʻrniga xotini Nina Aragonés de Juárez tayinlandi, ammo u 2004-yilda mart Prezident Néstor Kirchner tomonidan lavozimidan ozod qilindi.

Geografiyasi

Provinsiya deyarli butunlay Gran Chaconing tekisliklarida joylashgan boʻlib, baʼzi pasttekisliklar ham mavjud. Ushbu pasttekisliklarda, asosan „Bañado de Figueroa“, „Bañado de Añatuya“ va Salado hamda Dulce daryolari havzasi yaqinida koʻllar paydo boʻlgan. Sumampa va Ambargasta togʻ tizmalari janubi-gʻarbda Pampasning taʼsiri natijasida vujudga kelgan.

Ohak va tuzga boy boʻlgan tuproq quruq boʻlib, yarim choʻl va dashtlar bilan ajralib turadi. Iqlim asosan subtropik, shuningdek, yil davomida quruq mavsum boʻladi va yuqori harorat kuzatiladi. Yillik oʻrtacha harorat 21,5 °C boʻlib, soʻnggi yillarda 24 °C gacha koʻtarildi. Maksimal harorat 50 °C gacha yetadi va 1970-yildan beri harorat sezilarli darajada koʻtarildi. 1910-yilgacha eng yuqori harorat 38 °C edi. Minimal harorat esa −5 °C dan −2 °C gacha boʻladi. Quruq mavsumda, yaʼni qishda, oʻrtacha 120 mm yogʻin yogʻadi, ammo yillik oʻrtacha yogʻingarchilik miqdori 700 mmni tashkil etadi.

Iqtisodiyoti Shimoliy Argentinaning koʻplab provinsiyalari kabi, bu provinsiyaning iqtisodiyoti ham nisbatan rivojlanmagan. Shunday boʻlsa-da, 2006-yilda uning umumiy budjeti taxminan 2,863 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Biroq, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan 3559 AQSH dollari miqdoridagi ishlab chiqarish hajmi mamlakat boʻyicha eng past koʻrsatkich boʻlib, oʻrtacha darajadan 60 foizga kam edi. Santiago del Estero uzoq vaqtdan davomida asosan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan (paxta, tamaki va teri mahsulotlari bilan tanilgan) va sanoat ishlab chiqarishi deyarli yoʻq boʻlgan provinsiya edi. Shunga qaramasdan, bu provinsiya Argentinada 2002-yildan beri kuzatilayotgan iqtisodiy tiklanish davrida boshqa provinsiyalar kabi tez sur’atlarda rivojlanib kelmoqda.

Provinsiya iqtisodiyoti hamon birlamchi ishlab chiqarishga, ayniqsa qishloq xoʻjaligiga tayanadi. Bu soha provinsiya yalpi mahsulotining taxminan 12 foizini tashkil etadi. Salado va Dulce daryolari havzalarida joylashgan asosiy ekinlar qatoriga paxta (mamlakat ishlab chiqarishining 20 foizi), soya, makkajo‘xori va piyoz kiradi. Chorvachilik ham katta ahamiyatga ega, ayniqsa sharqiy hududlarda, chunki u yerdagi iqlim sharoitlari bunga imkon yaratadi. Biroq, milliy ishlab chiqarishning 15 foizini tashkil etuvchi echkilar provinsiyaning qolgan qismiga yaxshiroq moslashgan.

Quebracho daraxti va algarrobo yogʻoch sanoatiga ekilgan turlar ham qoʻshilgan boʻlib, ular yiliga oʻrtacha 300 ming tonnadan ortiq mahsulot bermoqda. Bundan taxminan 100 ming tonnasi qurilish yogʻochi sifatida ishlatilsa, qolgan qismi esa oʻtin va oʻsimlik koʻmiri tayyorlashga sarflanmoqda.

Togʻ-kon ishlari deyarli yoʻq, faqat janubi-gʻarbdagi tuz konlarida mavjud. Ishlab chiqarish sanoati (umumiy mahsulotning 10 foizidan kam) asosan oziq-ovqat, toʻqimachilik va teri mahsulotlariga ixtisoslashgan kichik korxonalardan tashkil topgan.

Turizm maʼlum darajada rivojlangan, biroq bu faqat asosiy sayyohlik maskanlarining atrofida kuzatiladi. Sayyohlar Argentinaning eng qadimiy shahri hisoblangan Santiago del Esteroga tashrif buyurib, uning tarixiy binolari va muzeylarini tomosha qilishadi. Shuningdek, ular Termas de Río Hondoga va 200 ta mehmonxonaga ega boʻlgan Rio Xondoning issiq buloqlariga ham borishadi. Bundan tashqari, sayyohlar suv sporti bilan shugʻullanish imkoniyati mavjud boʻlgan „Frontal“ toʻgʻonini ham ziyorat qilishadi.

Provinsiyada Kopo milliy bog‘i va toʻrtta muhofaza etiladigan hudud mavjud: „Banyados-de-Figueroa“, „Sierras-de-Ambargasta“, „Sierra-de-Guasayan“ va „Sierras-de-Sumampa“.

Madaniyati

Santiago del Estero tarixi bilan bogʻliq muhim shaxslar qatoriga Argentina mustaqillik urushining yetakchisi, polkovnik Juan Fransisko Borxes (adib Xorxe Luis Borxesning ajdodi), shuningdek, inqilobiy rahbarlar Mario Roberto Santucho va Fransisko Rene Santucholar kiradi. Ular Ishchilar inqilobiy partiyasi (Partido Revolucionario de los Trabajadores) hamda Xalq inqilobiy armiyasi (Ejército Revolucionario del Pueblo) tashkilotlarining asoschilari boʻlganlar.

XIX asrdan buyon provinsiyaning eng mashhur madaniyat arboblari orasida rassomlar Felipe Taboada, Ramon Gómez Kornet, Karlos Sanches Gramaxo, Alfredo Gonya, hamda Rikardo va Rafael Turinyo, shuningdek, yozuvchilar Xorxe Vashington Abalos, Bernardo Kanal Feixoo, Klementina Rosa Kenel va Julio Karreras (h) bor. Amansio Xasinto Alkorta ham XIX asr oʻrtalarida Santiago del Estero vakilligini sharaf bilan Kongressda ado etgan boʻlib, u fleyta konsertlari va diniy musiqaning mashhur bastakori sifatida tanilgan.

Santiago del Esteroning musiqiy merosi uning eng muhim madaniy jihatlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda folklor chakarera va zamba kabi anʼanaviy musiqalar keng tarqalgan. Manseros Santiagueños, Alfredo Ábalos, Leo Dan, Jacinto Piedra va Raly Barrionuevo kabi mashhur sanʼatkorlar va guruhlar faoliyat yuritadi. Provinsiyaning eng taniqli xalq musiqa ansambli, shubhasiz, 1945-yildan buyon ushbu janrda ijod qilib kelayotgan va 1952-yildan beri albomlar yozib olayotgan Ábalos aka-ukalardir. Bu guruh Argentinaning eng mashhur xalq musiqachilari qatoriga kiradi. Hukumati

Provinsiya hukumati uch tarmoqqa boʻlinadi: xalq tomonidan saylanadigan va Vazirlar Mahkamasini tayinlaydigan gubernator boshchiligidagi ijro etuvchi hokimiyat; qonun chiqaruvchi hokimiyat; va Oliy sud rahbarlik qiladigan sud hokimiyati.

Santiago del Estero provinsiyasining Konstitutsiyasi provinsiyaning asosiy qonuniy hujjati hisoblanadi.

Argentinada eng muhim huquq-tartibot organi Argentina Federal Politsiyasi hisoblanadi, biroq qoʻshimcha vazifalarni Santiago del Estero provinsiya politsiyasi ham bajaradi.

Jinoyat va inson huquqlari buzilishi Santiago del Estero provinsiyasi uyushgan jinoyatchilik aralashuvi va 2005-yilda Gerardo Zamora hokimiyat tepasiga kelganidan beri yuz bergan koʻplab yer egallab olish holatlari bilan tanilgan. Bu yerda dehqonlar va yer egalari tahdid ostida qolmoqda. Ular yerlardan mahrum qilinmoqda. Hokimiyat tomonidan himoyalangan jinoiy guruhlar qonuniy mulkdorlarning yerlarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olayotgani haqida bir nechta shikoyatlar mavjud. 2022-yil oxirida jinoiy guruhlar va hokimiyat oʻrtasidagi hamkorlik kuzatilgan usurpatsiya qurbonlarining koʻplab holatlari orasida yana bir voqea sodir boʻldi. Santiago del Estero Oliy sud raisi Federico López Alzogaray Manuel Assensio Ardilesni 30 gektar yeridan noqonuniy ravishda mahrum etdi. Bu ish xalqaro nodavlat tashkilot hisoblangan Amerikalararo Demokratiya Instituti tomonidan ham eʼtirof etilgan edi.