2022-yil Oʻzbekistondagi elektr taʼminotidagi uzilishlar 2022-yil 25-yanvar, seshanba kuni Oʻzbekiston vaqti bilan soat 11:00 dan boshlangan nosozliklar natijasi edi. Bu Oʻzbekiston tarixidagi 2007—2008 va 2009-yillardan keyingi eng yirik energetik inqiroz davri edi.
Nosozlik davrida aksariyat joylar kunning ikkinchi yarmida (5 soat ichida), baʼzi hududlarda esa 26-yanvar kuni elektr quvvati tiklangan. Tizimdagi nosozliklar toʻliq holda 27-yanvar kechga kelib bartaraf etilgan.
Toshkentning asosiy yoʻlovchi tashish infratuzilmalaridan bir Toshkent metrosi 26-yanvar soat 05:00 atrofida normal jarayonda ish boshlagani xabar qilingan. Oʻzbekiston boʻylab elektr taʼminotining barqaror holatga kelgani 27-fevral kuni tasdiqlangan. Bu elektr taʼminotidagi uzilish natijasida Markaziy Osiyo energetika halqasiga aʼzo Qozogʻiston (janubiy hududlari) va Qirgʻizistonning ayrim hududlarida (Bishkek, Oʻsh va Jalolobod kabi yirik shaharlar) ham uzilishlar boʻlgan.
Elektr energetika tizimidagi uzilishlarning dastlabki taxminiy sababi sifatida, Qozogʻistondagi elektr tizimidagi uzilishlar natijasida Oʻzbekistondagi Sirdaryo IES va Toshkent podstansiyasiga kerakli darajada kuchlanish yetib kelmagan va natijada himoya tizimi ishga tushgan va tizim uchun kerakli darajadagi quvvat yetkazib bera olmagani aytilgan.
Taʼsir doirasi 2024-yil 25-yanvar soat 11:19–11:20 larda (Oʻzbekiston vaqti bilan) Toshkentning koʻplab hududlari elektr tokisiz qolgan. Keyinchalik Oʻzbekistonning boshqa hududlari ham elektr tokidan uzilgani va energetika tizimida kuchli nosozliklar yuzaga kelgani maʼlum boʻlgan. Oʻzbekiston energetika tizimidagi uzilishlar natijasida umumiy Markaziy Osiyo energetika halqasiga qoʻshilgan Qozogʻiston va Qirgʻizistoning ayrim hududlarida ham elektr toki uzilishi kuzatilgan.
Energetika tizimidagi inqiroz sababli Toshkent xalqaro aeroporti kunning 12:30 holatida reyslar qabul qilmayotgani va hech qanday uchish amalga oshirilmayotgani xabar qilingan. Bu davrda Bishkek aeroporti doimiy elektr taʼminotiga oʻtgan va ish faoliyatida edi. Kunning 13:08 vaqtiga koʻra Oʻzbekistondagi barcha aeroportlar vaqtinchalik faoliyati toʻxtatilgani maʼlum qilingan. Toshkent metropolitenida elektr uzilishlar sababli metrolar oʻz yoʻnalish liniyasida toʻxtab qolgan va metrodagi yoʻlovchilar maxsus qutqaruv xizmatlari tomonidan evakuatsiya qilingan. Oʻzbekistondagi elektr poyezdlari ham manzillariga vaqtida yetib kelmasligi mumkinligi toʻgʻrisida ham axborot berilgan.
Voqea natijasida Qozogʻiston va Qirgʻizistonning bir qancha yirik shaharlari ham elektr tokisiz qolgan. Qozogʻistonda shuningdek, bir necha kundan beri energetika tizimi zoʻriqib ishlayotgani maʼlum boʻlgan.
Holat natijasida Oʻzbekiston tizimdagi zoʻriqishni bartaraf etish uchun Afgʻonistonga elektr toki yetkazishni toʻxtatgan. 25-yanvar 23:50 holatiga koʻra Qashqadaryo viloyatida elektr toki hali ham tiklanmagan edi. Voqea natijasida mintaqadagi (Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston) 40 milliondan ortiq aholi maʼlum muddat elektr tokisiz qolgan.
Energiya taʼminotining tiklanishi Kunning 13:23 vaqtiga kelib Energetika vazirligi bayonotiga koʻra, Toshkent viloyatidagi GESlar, Navoiydagi IES, Qoraqalpogʻistondagi IES va Fargʻonadagi IEMlar orqalik energetika tizimiga quvvat qayta uzatila boshlagan. Soat 14:24 da Toshkentning Sergeli va Yangihayot tumanlariga elektr toki berila boshlagan.
15:17 holatiga koʻra mamlakatdagi hududiy IESlar qayta ishga tushirilishi bilan dastlab, Toshkent viloyatining Angren, Olmaliq va Ohangaron shaharlarida elektr taʼminoti tiklanayotgani maʼlum qilingan. Soat 19:30 holatiga koʻra Qoraqalpogʻiston va Xorazmda elektr energiyasi toʻliq va qolgan hududlarning kamida 10% holatida elektr energiyasi tiklangan. Toshkentdagi IESning yettita energoblokdan beshtasi tiklangani boʻyicha axborot berilgan. 21:50 holatiga koʻra Oʻzbekiston elektr taʼminoti 45% tiklangan.
26-yanvar 18:00 holatiga koʻra Respublikaning 4 hududida elektr energiyasi 100% tiklangan, 6 hududda esa 50% dan ortiq elektr energiyasi tiklangani maʼlum boʻlgan. Oʻzbekistonning yettita hududida yagona elektr energetika tarmogʻi tizimi toʻliq tiklangani maʼlum qilingan. 27-fevral 15:01 holatiga koʻra Oʻzbekiston 9 hududida toʻliq va vodiy viloyatlarida 90% elektr energiyasi tiklangan.
Oʻzbekistonning barcha hududlarida elektr energiyasi tiklangan. 13:58 Oʻzbekiston aeroportlari faoliyati qayta tiklangan
Elektr energetika tizimdagi uzilishlar natijasida mamlakatning koʻplab mintaqalari va Toshkentda ham suv taʼminotida uzilishlar boʻlgan. Toshkent shahridagi suv taʼminoti oʻchirilganidan soʻng, qariyb 6 soatdan keyin qayta yetkazila boshlagan.
Isitish tizimi Soat 19:00 dan boshlab Toshkentdagi isitish tizimi asta sekin yoʻlga qoʻyilgan va kun davomida qolgan isitish qozonlari ham toʻliq ishlay boshlagan.
Transport Tizimdagi uzilishlar oqibatida mashinalar tirbandligi vujudga kelgan. Temiryoʻl transporti, tramvay va Toshkent metropoliteni faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. 26-fevral soat 05:00 dan Toshkent metrosi faoliyati qayta tiklangan. 26-fevral soat 10:45 da temir yoʻllar faoliyati tiklangan va poyezdlar qatnovi jadval boʻyicha qayta yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston aeroportlari 25-yanvar soat 19:00 holatiga koʻra avvalgi ish faoliyatiga qaytgan.
Sanoat
Elektr energetikasidagi uzilishlar sababli Oʻzbekneftgazga qarashli Gazli, Gʻuzor va Muborakdagi neft va gaz qazib chiqaruvchi konlar faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Ustyurt gaz qazib olish konida esa qoʻshimcha energetik tizim mavjudligi sabab, normal ish jarayonida davom etgan.
Energetika halqasining boshqa davlatlardagi holat Qozogʻiston energetikasi qayta ishga tushirilgan va soat 13:39 ga (Qozogʻiston vaqti bilan 14:59) kelib barcha jarayon normal holatga kelgan.
Sabablar Dastlabki davrda tizimga kiberhujum boʻlganligi ham taxmin qilingan. Toshkentdagi IES energoblokda bosimning ortib, koʻtarilishi natijasida yonib ketganligi rad etilgan. Keyinchalik maʼlum boʻldiki, Elektr energetika tizimdagi nosozlik Oʻzbekiston hududida vujudga kelgan.
Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻzaro Markaziy Osiyo energiya tizimi bilan bogʻlangan. Markaziy Osiyo yagona energetik halqasining markazi „Energiya“ komissiyasining tekshiruvi yakunlariga koʻra tizimdagi avariya dastlab Oʻzbekistonda vujudga kelgan. Voqea tafsilotlariga koʻra 25-yanvar soat 10:59 da (Oʻzbekiston vaqti bilan) Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi va 500 kilovattlik Toshkent podstansiyasini bogʻlaydigan yuqori kuchlanishga ega havo uzatish liniyasining tugunida qisqa tutashuv sodir boʻlgan.
Favqulodda xizmatlar Elektr uzilishi natijasida koʻp qavatli turar joy va tashkilotlar binolari liftlarida qolib ketgan insonlar Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan qutqarilgan. Chimyonning togʻ dor yoʻli va Beldersoy togʻ dor yoʻlidan 80 nafar inson qutqarilgan. Belgilangan manziliga yetib kelmagan metrolardan, 415 nafar yoʻlovchilar qutqarilgan.
Avtomobil yoʻllaridagi svetoforlarning oʻchishi va tungi vaqtda avtomobillarni harakatini tartibga solish uchun Oʻzbekiston Ichki Ishlar vazirligi qoʻshimcha kuchlarni jalb etgan va tungi navbatchilikni ham joriy etgan.
OAVda yoritilishi va rasmiy hisobotlar Energetika vazirligi tomonidan Oʻzbekistonda uch kun davomida tok boʻlmasligi haqida xabarlar rad etilgan.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov energetik inqiroz Prezidentning nazoratida ekanligi toʻgʻrisida axborot bergan.
Toshkent shahar hokimligi katta tirbandlikni oldini olish uchun davlat tashkilotlari va boshqa xususiy tashkilotlar xodimlarini 15:30 dan keyin tartib boʻyicha ishdan javob berilishi boʻyicha tavsiyalar bergan.
Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi dastlabki holatda Oʻzbekiston fuqarolaridan barcha elektr va gaz moslamalarini tarmoqdan uzib qoʻyishni soʻragan.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi shifoxonalardagi va operatsiya stolidagi bemorlar uchun yetarli sharoitlar mavjudligi haqida xabar berilgan. Zangiotadagi COVID-19 markazida elektr energiyasini vaqtinchalik tiklash uchun dizel generatorlar ishga tushirilgan.
Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi elektr taʼminoti tiklanguniga qadar jamoat tartibini saqlash va imkon qadar bu davrda avtomobilsiz harakat qilishni soʻragan.
Oʻzbekistonda elektr energetikadagi uzilish boʻyicha maxsus hukumat komissiya tuzilgan.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi energetikadagi inqiroz sababli isteʼmoldagi mahsulotlar narxlari oshib ketmasligi toʻgʻrisida axborot bergan. Prezident Shavkat Mirziyoyev boʻlgan hodisa boʻyicha oʻz munosabatini bildirgan.
Oʻzbekiston Iqtisodiyot vazirligi tomonidan elektr tizimdagi uzilish natijasida iqtisodiy zararlar hisob-kitob qilinishi aytilgan.
Yana qarang
Markaziy Osiyoda energetik inqiroz (2008)
Manbalar
Havolalar
Oʻzbekistonda elektr taʼminotidagi nosozliklar Ozodlik radiosida (youtube) Oʻzbekistonda elektr taʼminotidagi nosozliklar Astana TV (youtube)
Turkum:Energiya tizimlaridagi avariyalar Turkum:Oʻzbekiston energetikasi Turkum:Oʻzbekistondagi texnogen ofatlar Turkum:2022-yilda Oʻzbekiston Turkum:Oʻzbekistonda elektr taʼminotidagi nosozliklar