George Harrison () (25-fevral 1943 – 29-noyabr 2001) – ingliz musiqachisi, qoʻshiqchisi va qoʻshiqnavisi. „The Beatles“ guruhining solo-gitarachisi oʻlaroq xalqaro miqyosda shuhrat qozongan. Ayrim manbalarda „sokin bitl“ deya taʼriflangan Harrison Hindiston madaniyatini qabul qildi va guruh ishlariga hind cholgʻu asboblari hamda hinduiy maʼnaviyatni olib kirib, pop musiqa koʻlamini kengaytirdi.

Guruhning aksariyat qoʻshiqlari John Lennon va Paul McCartney tomonidan yozilgan boʻlsa-da, 1965-yildan boshlab „The Beatles“ albomlarining aksariyatiga kamida ikkita Harrison kompozitsiyasi kiritildi. Harrison guruh uchun yozgan qoʻshiqlar orasida „Taxman“, „Within You Without You“, „While My Guitar Gently Weeps“, „Here Comes the Sun“ va „Something“ qoʻshiqlari bor. Harrisonning dastlabki musiqiy faoliyatiga George Formby va Django Reinhardt taʼsir koʻrsatgan, keyingi yillarda esa u Carl Perkins, Chet Atkins va Chuck Berry ishlaridan ilhomlangan. 1965-yilga kelib, Bob Dylan va „The Byrds“ guruhi ishlariga boʻlgan qiziqishi tufayli „The Beatles“ guruhini folk-rok yoʻnalishiga olib kirdi. Shuningdek, sitor kabi cholgʻulardan foydalanib, guruh ishlarida hind mumtoz musiqasi mujassamlanishiga turtki boʻldi. Harrison sitor cholgʻusini ilk bor „Help!“ filmini suratga olish jarayonida qoʻlga olgan. „Norwegian Wood (This Bird Has Flown)“ qoʻshigʻidan boshlab, bir necha „Beatles“ qoʻshigʻida sitor chalgan. 1967-yilda guruhni transsendental meditatsiyaga olib kirgan Harrison keyinchalik Krishnani tanish xalqaro jamiyati faoliyatiga qiziqa boshladi.

„The Beatles“ tarqalib ketganidan soʻng, Harrison uch qismli „All Things Must Pass“ albomini chiqardi. Tandiqchilar tomonidan yuqori baholangan albomda Harrison slayd-gitara uslubidan keng foydalangan boʻlib, ushbu texnika uning yakkaxon karyerasining oʻziga xos xususiyatiga aylandi, albomga kiritilgan „My Sweet Lord“ qoʻshigʻi esa Harrisonning eng muvaffaqiyatli xitiga aylandi. Harrison, shuningdek, 1971-yilda hind musiqachisi Ravi Shankar bilan Bangladesh uchun konsertni tashkil etdi. Bu keyinchalik tashkil etilgan „Live Aid“ kabi konsertlarning boshlanishi edi. Musiqa va kino prodyuseri oʻlaroq „The Beatles“ guruhining „Apple“ leybli bilan shartnoma imzolagan ijodkorlarga prodyuserlik qildi, 1974-yilda „Dark Horse Records“ leybliga asos soldi. 1978-yilda „HandMade Films“ shirkatiga asos soldi. Shirkatning dastlabki maqsadi „Monty Python“ guruhi rol oʻynagan „The Life of Brian“ (1979) filmini olish boʻlgan.

Harrison yakkaxon ijrochi sifatida bir nechta bozori chaqqon singl va albomlarni chiqardi. 1988-yilda katta muvaffaqiyatlarga erishgan „Traveling Wilburys“ superguruhiga asos soldi. Tinimsiz ijod qilgan Harrison „Badfinger“ guruhi, Ronnie Wood va Billy Preston kabi ijrochilar qoʻshiqlarini yozib olishda mehmon gitarachi oʻlaroq qatnashgan, Dylan, Eric Clapton, Ringo Starr va Tom Petty bilan hamkorlikda qoʻshiqlarni va musiqiy kompozitsiyalarni yozgan. „Rolling Stone“ jurnali 2023-yilda tuzgan barcha davrlarning eng buyuk gitarachilari roʻyxatida Harrison 31-oʻrinni egalladi. Harrison ikki marta Rock and Roll Hall of Fame shuhrat zaliga kiritilgan: 1998-yil „The Beatles“ aʼzosi oʻlaroq, 2004-yilda, yaʼni oʻlimidan keyin yakkaxon ijrochi oʻlaroq.

Harrison 1966-yilda model Pattie Boydga uylangan, ammo juftlik 1977-yil ajrashgan. Oradan bir yil oʻtib, Olivia Ariasga uylangan. Ular bir farzand koʻrgan (Dhani). Butun umri davomida tamaki chekkan Harrison 2001-yilda 58 yoshida saraton kasalligidan vafot etdi. Oʻlimidan ikki yil oldin Friar Park Harrisonning uyiga bostirib kirib, uni pichoqlagan, ammo qoʻshiqchi omon qolgan. Harrisonning mayiti krematsiya qilingan, kuli esa hindu anʼanasiga koʻra, Hindistondagi Gang va Jamna daryolariga sochib yuborilgan. Harrisondan qariyb 100 million funt sterling qiymatga ega meros qolgan.

Izohlar

Manbalar Snoskalar

Adabiyotlar

Turkum:George Harrison Turkum:Britaniya imperiyasi ordeni sohiblari Turkum:Grammy mukofoti sovrindorlari Turkum:The Beatles aʼzolari