Hamdon ibn Hamdun ibn al-Horis at-Tagʻlibiy (taxminan 868—895-yillarda faoliyat yuritgan) Jazira hududidagi tagʻlib arab qabilasi yetakchisi va Hamdoniylar sulolasining asoschisi. Hududning boshqa arab yetakchilari qatorida, Hamdon ibn Hamdun 880-yillarda Jazira ustidan Abbosiylar hukmronligini qayta tiklash harakatlariga qarshi chiqib, xorijiylar qoʻzgʻoloniga qoʻshilgan. 895-yilda xalifa al-Muʼtaziddan magʻlubiyatga uchrab, asir olingan, biroq oʻgʻli Husaynning xalifaga koʻrsatgan xizmatlari evaziga keyinchalik ozod qilingan.
Hayoti thumb|300px|Hamdoniylar sulolasi shajarasi Oilasi musulmonlar istilolaridan avval Jazirada yashagan Banu Tagʻlib qabilasiga mansub edi. Qabila, ayniqsa, Mosul mintaqasida kuchli boʻlib, oʻn yil davom etgan Samarradagi anarxiya (861—870) davrida bu hududda hukmronlik qila boshlagan. Bu paytda Tagʻlibiy yoʻlboshchilar Abbosiylar markaziy hukumatining obroʻsi pasayishidan foydalanib, oʻz mustaqilliklarini eʼlon qildilar. Hamdonning 868-yilda Jazira hududidagi xorijiylar qoʻzgʻoloniga qarshi boshqa tagʻlibiylar safida jang qilgani haqidagi maʼlumotlar tarixiy manbalarda ushbu shaxs haqidagi ilk maʼlumotlar hisoblanadi.
879-yilda Abbosiylar hukumati oʻz nazoratini qayta tiklash maqsadida Mosul noibligidagi tagʻlibiy qabila sardorlari hukmronligini tugatib, ularning oʻrniga turkiy qoʻmondon Isʼhoq ibn Kundojni tayinladi. Bu holat tagʻlibiy rahbarlar, jumladan, Hamdon ibn Hamdunning ham qoʻzgʻolonchi xorijiylar tomoniga oʻtib ketishiga sabab boʻldi. Hamdon qoʻzgʻolonning yetakchi rahbarlaridan biriga aylandi. Shu bois unga xorijiylarning „ash-Shariy“ laqabi berilgan. Shuningdek, 881-yil aprel/may oyida Ibn Kundoj erishgan buyuk gʻalabada uning nomi xorijiy va arab qabilalari rahbarlari qatorida tilga olingan. Bu gʻalaba natijasida qoʻzgʻolonchilar qoʻshini tor-mor qilinib, Nisibis va Amidgacha taʼqib qilingan.
thumb|right|300px|Jazira (Yuqori Mesopotamiya) xaritasi 892-yilda taxtga yangi xalifa al-Muʼtazid oʻtirdi. Xalifa Jazira hududini Abbosiylar nazorati ostiga qaytarishga qatʼiy qaror qildi. Bir qator yurishlar natijasida mahalliy hukmdorlarning koʻpchiligini boʻysundirishga muvaffaq boʻldi. Biroq Hamdon qattiq qarshilik koʻrsatdi. Maridin va Ardamusht (hozirgi Cizre yaqinida) qal’alarini qoʻlga kiritib, Jazira tekisligining shimoliy togʻlarida yashovchi kurd qabilalari bilan ittifoq tuzgan Hamdon 895-yilgacha xalifaga qarshilik koʻrsatdi. Oʻsha yili xalifa avval Mardinni, soʻngra Hamdonning oʻgʻli Husayn tomonidan zabt etilgan Ardamushtni egalladi. Hamdon xalifa qoʻshinidan qochishga muvaffaq boʻldi, biroq tinimsiz taqibdan soʻng oxir-oqibat taslim boʻlishga majbur boʻldi. Hamdon Mosulda taslim boʻlgach, asirga olinib, zindonga tashlandi.
Tarixchi H. Kennedy taʼkidlagandek, uning taslim boʻlishi hududdagi boshqa mahalliy rahbarlar uchun Hamdoniylar oilasining taʼsir kuchi tugashini bildirardi. Biroq Hamdonning oʻgʻli Husayn oila hukmronligini saqlab qolishga erishdi. U xalifa xizmatiga kirib, xorijiylar qoʻzgʻolonini bostirish va qoʻzgʻolon yetakchisi Horun ash-Shariyni qoʻlga olishda hal qiluvchi rol oʻynadi. Uning xizmatidan minnatdor boʻlgan xalifa al-Muʼtazid Husaynni otasini afv etish, oʻz qoʻmondonligi ostida tagʻlibiylar otliq qoʻshinini tuzish huquqi bilan taqdirladi. Keyingi bir necha yil davomida ushbu qoʻshin bilan bir qancha harbiy yurishlarga boshchilik qilib, xalifalikning eng nufuzli sarkardalaridan biriga aylandi. H. Kennedyning taʼrifiga koʻra, Husaynning taʼsir doirasi „hukumat bilan Jazira arablari hamda kurdlari oʻrtasida vositachi“ boʻlish imkonini bergan. Bu esa oilaning mintaqadagi hukmronligini mustahkamlab, uning ikki nabirasi, Nosir ud-Davla va Sayf ud-Davla davrida Hamdoniylar sulolasining hokimiyatga kelishi uchun zamin hozirladi.
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:9-asrda tugʻilganlar Hamdon Turkum:Xorijiylar Turkum:Oʻrta asrlar islom olami generallari Turkum:9-asr Abbosiylar xalifaligi kishilari Turkum:Abbosiylar xalifaligidagi isyonlar Turkum:Arab generallari Turkum:Tugʻilgan yili nomaʼlum boʻlgan kishilar Turkum:Vafot etgan yili nomaʼlum boʻlgan kishilar Turkum:Abbosiylar xalifaligining asirlari va mahbuslari Turkum:9-asr arablari Turkum:Abbosiylar xalifaligi davrida Yuqori Mesopotamiya