Emili Jane Beekroft (1999-yil 19-noyabrda tugʻilgan) – avstraliyalik para suzuvchi. 2016-yil Rio-de-Janeyro shahrida oʻtkazilgan Yozgi Paralimpiada oʻyinlari, 2020-yilgi Tokio Paralimpiadasi va 2024-yilgi Parij Paralimpiadasida Avstraliya sharafini himoya qilgan.

2020-yil Tokio Paralimpiadasida bitta kumush va bitta bronza medalini, 2024-yilgi Parij Paralimpiadasida esa bitta oltin va bitta bronza medalini qoʻlga kiritgan.

Shaxsiy hayoti Beecroft 1999-yil 19-noyabrda tugʻilgan, uch opa-singil egizaklardan biri. U Viktoriya shtatining Traralgon shahrida yashagan. Tugʻilganida chap qulogʻi kar, oʻng qoʻlida esa tugʻma nuqsoni boʻlgan. 2020-yilda Beecroft La Trobe universitetining media va kommunikatsiyalar yoʻnalishida sirtqi tahsil olgan. Keyinchalik Queensland shtatidagi Sunshine Coast shahriga koʻchib oʻtgan va 2022-yilda Sunshine Coast universitetida kommunikatsiyalar yoʻnalishida bakalavriat bosqichida tahsil olgan.

Suzish faoliyati Beecroft netbol va yengil atletika bilan shugʻullangan, biroq oxir-oqibat oʻzining asosiy eʼtiborini suzishga qaratgan. 2010-yilda sportchi Maktab sporti chempionatida ishtirok etib, oʻnta medalni qoʻlga kiritgan, 2012-yilda esa „Sportga sadoqat“ mukofoti bilan taqdirlangan. Beecroft keyinchalik Traralgon suzish klubi tarkibida musobaqalarda ishtirok etib, 2013-yilning may oyida boʻlib oʻtgan Ochiq milliy chempionatda 50 metrga brass usulida multi-klass yoʻnalishida shaxsiy rekordini oʻrnatgan va bronza medalini qoʻlga kiritgan.

2015-yil mart oyiga kelib, Beecroft 50 metrga batterflay, 50 va 100 metrga erkin usulda suzish yoʻnalishlarida dunyo reytingida eng kuchli beshlikka kirgan, qolgan barcha yoʻnalishlarda esa kuchli oʻn beshlikdan joy olgan. U oʻzining xalqaro debyutini 2015-yil dekabrda AQShning Bismarck (Shimoliy Dakota) shahrida boʻlib oʻtgan Para chempionatda amalga oshirgan va rasmiy ravishda S9 toifasiga kiritilgan. Suzuvchi 50 metrga batterflay hamda 50 va 100 metrga erkin usulda suzish musobaqalarida ikkinchi oʻrinni egallagan. Beecroft 2015-yilgi Avstraliya ochiq chempionatida 50 metrga erkin usul va 100 metrga batterflay usulida suzish yoʻnalishida, 2016-yilgi Avstraliya yoshlar chempionatida xuddi shu yoʻnalishlarda gʻolib boʻlgan.

2016-yil Adelaida shahrida boʻlib oʻtgan Avstraliya suzish chempionatida murabbiy Dean Gooch rahbarligida Beecroft 50 metr va 100 metrga erkin usulda hamda 50 metrga batterflay uslubda suzish yoʻnalishlarida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bu uchala yoʻnalish boʻyicha ham oʻzining shaxsiy rekordlarini oʻrnatgan, ayniqsa, 50 metrga batterflay usulida suzish boʻyicha 31.93 soniya natijani qayd etib, Madeleine Scott tomonidan 2009-yilda oʻrnatilgan milliy rekordni yangiladi. 2016-yil 14-aprelda u Rio-de-Janeyroda boʻlib oʻtadigan 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun uchun Avstraliya suzish terma jamoasiga kiritilgan.

2016-yil sentyabr oyida Beecroft Rio Paralimpiadasida Avstraliya nomidan S9 toifasida 4 xil yoʻnalishda ishtirok etdi. U toʻrtta yoʻnalishning uchtasida final bosqichiga yoʻl oldi, biroq hech birida sovrinli oʻrinlarni egallay olmadi. Sportchi 50 metrga erkin usulda S9 toifasida toʻrtinchi, 100 metrga erkin usulda S9 toifasida oltinchi, 100 metr batterflay usulda suzish boʻyicha S9 toifada oltinchi oʻrinni egalladi. Beecroft, shuningdek, SM9 toifasida 200 metrga kompleks suzish yoʻnalishida ham qatnashdi, ammo musobaqa finaliga chiqa olmadi. „Nega Rio Paralimpiadasiga borayapsiz?“ degan savolga sportcha oʻshanda „Men u yerga musobaqalashish va gʻalaba qozonish uchun boryapman!“ deya javob bergan edi.

2018-yil Gold Coastda boʻlib oʻtgan Hamdoʻstlik oʻyinlarida Beecroft ayollar oʻrtasida S9 toifasida 100 metr erkin usulda toʻrtinchi oʻrinni egalladi.

2020-yil Tokio Paralimpiadasida Beecroft Ellie Cole, Isabella Vincent va Ashleigh McConnell bilan birga ayollar oʻrtasida 34 ochko toifasida 4×100 metrga erkin usulda estafeta suzish bahslarida ishtirok etib, 4:26.82 natijani qayd etdi va kumush medalni qoʻlga kiritdi. Ular tomonidan koʻrsatilgan ushbu natija Italiya jamoasi vakillarinikidan ikki soniyaga ortda edi. U, shuningdek, Ellie Cole, Keira Stephens va Isabella Vincent bilan birga ayollar oʻrtasida 34 ochko toifasida 4×100 metrga aralash usulda suzish bahslarida 4:55.70 natija bilan bronza medalini qoʻlga kiritdi. Ayollar oʻrtasida S9 toifasida 100 metrga erkin usulda suzish boʻyicha esa finalgacha yoʻl oldi, biroq finalda sakkizinchi oʻrinni egallab, musobaqa medaliga ega chiqa olmadi.

2022-yil Madeira shahrida boʻlib oʻtgan para suzish boʻyicha jahon chempionatida Beecroft uchta medalni, jumladan, 34 ochko toifasida aralash bahslarda 4×100 metrga kompleks suzish yoʻnalishida oltin medal, S9 toifasida 100 metrga erkin usul va 100 metrga batterflay suzish yoʻnalishlarida esa kumush medalga sazovor boʻldi.

2022-yil Angliyaning Birmingem shahrida boʻlib oʻtgan Hamdoʻstlik oʻyinlarida suzuvchi ayollar oʻrtasida S9 toifasida 100 metrga erkin usulda suzish yoʻnalishida kumush medalga ega chiqdi. 2023-yil Angliyaning Manchester shahrida oʻtkazilgan para suzish boʻyicha jahon chempionatida ayollar oʻrtasida S9 toifasida 100 metrga batterflay suzish yoʻnalishida bronza medalini qoʻlga kiritdi.

2024-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Beecroft 34 ochko toifasining aralash bahslarida erkin usulda 4×100 metrga estafeta suzish yoʻnalishida oltin medal, ayollar oʻrtasida S9 toifasida 100 metrga batterflay suzish yoʻnalishida bronza medalni qoʻlga kiritdi. Beecroft ayollar oʻrtasida S9 toifasida 100 metrga erkin usulda suzish yoʻnalishida toʻrtinchi oʻrinni egalladi.

Mukofotlari 2016 – „Viktoriya shtatining Yilning eng yaxshi yosh sportchisi“ mukofoti; 2022 – Sunshine Coast universitetining „Yil sportchisi“ mukofoti; 2023 – Sunshine Coast universitetining „Yil sportchisi“ mukofoti; 2024 – Swimming Australia tashkiloti tomonidan „Yilning eng yaxshi suzuvchisi“ mukofoti; 2025 – Parij Paralimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritgani va sportga qoʻshgan hissasi uchun Avstraliya ordeni medali (OAM) bilan taqdirlangan.

Manbalar

Turkum:Suzuvchilar 2024-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1999-yilda tugʻilganlar