Hamza Hakimzoda Niyoziy (6-mart, 1889-yil, Qoʻqon, Qoʻqon uyezdi, Fargʻona viloyati, Turkiston general-gubernatorligi, Rossiya imperiyasi – 18-mart, 1929-yil, Shohimardon, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — oʻzbek sovet adabiyotining taniqli namoyandasi, shoir, yozuvchi, pedagog, teatr va jamoat arbobi. Oʻzbekiston SSR xalq yozuvchisi (1926-yil). Birinchi oʻzbek dramaturgi va zamonaviy oʻzbek musiqa shakllarining asoschisi. U Gʻafur Gʻulom, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy va Mahmudxoʻja Behbudiylar bilan bir qatorda zamonaviy oʻzbek adabiyoti ilk rivojining yetakchi namoyandalaridan biri sifatida koʻriladi. Hamza óz ijodini 1905–1906-yillarda boshlagan.
Niyoziy dastlab maktabda, keyin madrasada tahsil olgan. Kogonda matbuotda ishlagan. Toshkentga kelib, 1910-yili usuli jadid maktablarining oʻquv dasturi bilan tanishgan va shunday maktablarni dastavval Qashqardarvoza mahallasida, sóng 1911-yil Qoʻqon shahrining Hojibek guzarida va 1914-yil Margʻilonda ochgan. Bolalar uchun „Yengil adabiyot“, „Oʻqish kitobi“, „Qiroat kitobi“ kabi kitoblar yozgan. 1913–1914-yillarda chet ellarda boʻlgan.
Niyoziy oʻzbek tilidan tashqari boshqa koʻplab tillarni, jumladan arab, fors, rus va turk tillarini ham bilgan. Uning asarlari, odatda, ayollar huquqlari, ijtimoiy tengsizlik va xurofotning tarqalishi kabi ijtimoiy muammolarga bagʻishlangan. Niyoziy Shohimardonda vafot etgan.
Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida 1967-yilda Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi ulkan yutuqlarni eʼtirof etish maqsadida Hamza nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etdi. Oʻzbekistondagi koʻplab muassasalar, jumladan, Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri, uchta teatr, bir qancha maktab va koʻchalar uning nomi bilan atalgan.
Hayoti Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889-yil 6-martda Qoʻqon shahrida tabiblar oilasida tugʻilgan. Solkashon mahallasidagi eski maktab va madrasada (1896–1906), keyin 8 oy davomida Namangan madrasasida (1908) tahsil olgan.
Hamzaning otasi Ibn Yamin Niyoz oʻgʻli ham oʻz zamonining savodli kishilaridan boʻlgan. Yoshligida dehqonchilik bilan kun kechirgan, soʻngra Buxoroga borib tabiblikni oʻrganib kelgan, xalq orasida „hakimcha“ laqabi bilan tanilgan. Hamzaning „Hakimzoda“ taxallusi otasining shu laqabidan olingan.
thumb|170px|left|Hamzaning yoshlik paytida tushgan surati 1909-yilda Oʻrta Osiyo musulmonlari madaniyatining oʻsha paytdagi markazi boʻlgan Buxoroga boradi. U yerda Hamza mashhur ustozi Ikromchi-domla bilan arab tilini toʻliq oʻrganib tugatmoqchi bo‘lgan, ammo Hamzaning rejalari buxorolik sunniylar va shaharda yashovchi shialar oʻrtasidagi nizolar tufayli barbod boʻladi. Toʻqnashuvlarda qatnashmaslik uchun Hamza shaharni tark etadi. Bir oyga yaqin Kogondagi bosmaxonada ishlaydi. Keyin 1910-yilda Toshkentga kelib, usuli jadid maktablarining oʻquv dasturlari bilan tanishgan. Soʻng Toshkentning Qashqar mahallasida, 1911-yilda Qoʻqonda, 1914-yilda Margʻilonda va yana Qoʻqonda maktablar ochgan, bolalarga dars bera boshlagan.
Kambagʻallarning farzandlariga bepul maktab tashkil etgan. Yangi usuldagi maktablar ochish va bu maktablar uchun yangi tipdagi oʻquv qoʻllanmalari yaratish yoʻli bilan xalqni maʼrifatlashtirish maqsadida Qoʻqon va Margʻilonda ochgan maktab oʻquvchilari uchun „Yengil adabiyot“, „Oʻqish kitobi“ (1914) va „Qiroat kitobi“ (1915) oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlagan.
U bir shaharda usuli savtiya maktabini ochish ortidan quvgʻun qilingan boʻlsa ham, boshqa shaharda yana shunday jadid maktabini tashkil qildi, koʻproq kambagʻallarni, shuningdek, ularning farzandlarini oʻqitishga intildi.
Hamza 1913–1914-yillarda chet ellarda, xususan, Hindiston, Afgʻoniston, Turkiya, Suriya va Arab mamlakatlarida boʻlgan, Madina va Makkada ham sayohatda boʻlgan, haj amallarini bajargan.
Qisqa muddat Qoʻqondagi rus-tuzem maktabida oʻqituvchi, „Shoʻroi islom“ tashkilotining ozuqa shuʼbasida mirza, „Kengash“ va „Hurriyat“ jurnallarida muharrir (1917), Fargʻona viloyati madaniy-maorif boʻlimida xodim (1918), Turkiston fronti siyosiy boshqarmasi ixtiyoridagi Oʻlka musulmon siyosiy truppasida rejissyor (1919), „Dor ushshafaqa“ maktabida mudir (1920). 1920-yil oxirida Buxoroga boradi. Buxoro viloyati maorif va harbiy targʻibot-tashviqot shuʼbasi qoshidagi teatr truppasida rahbar (1921), 1921-yil soʻngida Toshkentga va undan Xorazmga oʻtadi. U yerda kasaba uyushmasining madaniy-maorif shuʼbasida ishlaydi. Xorazmdan Xoʻjayliga borib, 1924-yil iyulgacha oʻzi tashkil etgan qozoq bolalari uchun maktab-internatda faoliyat koʻrsatadi.
thumb|Hamza (birinchi qator, oʻngdan uchinchi) Shohimardonda oʻz tashabbusi bilan qurilgan maktab binosi oldida. 1928-yil. 1925-yili Fargʻonaga borib, Shohimardonda kolxoz tuzish, maktablar ochish, xalqning savodini chiqarish ishlari bilan shugʻullanadi. 1926-yildan erkin ijod bilan shugʻullangan.
1926-yilda Hamza Oʻzbekistonning Xoʻjayli shahrida Sovet Ittifoqidagi birinchi bolalar uyini tashkil etgan, keyinchalik bu joy uning nomi bilan atalgan.
Niyoziy 1917-yilgi bolsheviklar inqilobini qoʻllab-quvvatlagan. Ushbu inqilobdan soʻng u 1920-yilda Sovet Ittifoqi Kommunistik Partiyasiga (Bolsheviklar) qoʻshildi va boshqa narsalar qatorida Qizil Armiya askarlarining oʻyin-kulgilari uchun teatr qoʻshinini tashkil qildi. Niyoziy oʻzbek tilidan tashqari boshqa koʻplab tillarni, jumladan arab, fors, rus va turk tillarini ham bilgan.
1928-yil avgustdan Shohimardonda targʻibot-tashviqot ishlari olib borgan.
Ijodi, jadidchilik va hurriyat orzusi thumb|Hamzaning Maktab sheʼri Hamzaning adabiy ijodi madrasada oʻqib yurgan kezlarida, 1905–1906-yillarda boshlangan.
Niyoziyning dastlabki asarlarida kuchli sotsial-demokratik yoʻnalishlar va ijtimoiy adolatsizlik keskin qoralangan. Uning asarlarida asosan ayollar huquqlari, ijtimoiy tengsizlik va xurofotning keng tarqalishi kabi istak ijtimoiy masalalari yoritilgan.
Hamza 1908-yilda qoʻshni oʻlkalarda nashr etilgan ilgʻor gazetalar va ulardagi taraqqiyparvarlik gʻoyalari bilan tanishgan. Maʼrifatli kishilar taʼsirida „milliy sheʼrlar“ yoza boshlagan.
Hamzaning ijodiga Fotih Karimiyning „Vaqt“, Ismoil Gaspralining „Tarjimon“ gazetalari, Rizo Faxriddinning „Shoʻro“ jurnali, shu qatori, Toshkentda oʻzbek tilida chiqa boshlagan Ismoil Obidiyning „Taraqqiy“, Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻlining „Xurshid“, Abdulla Avloniyning „Shuhrat“ gazetalari kuchli taʼsir koʻrsatadi. Ushbu yozuvchilar bilan tanishadi, ular taʼsirida jadidchilik harakatiga kelib qoʻshiladi. Jadidchilik harakatining asoschisi boʻlmish Ismoil Gaspirali vafot etganida Hamza marsiya yozib, „Dod qil davri falaqdin, botdi xurshidi jahon“, deb yozadi. Hamza Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻlini „maʼnaviy ustoz“, „muhtaram ustozi oliy“, deb ataydi. Hamzaning ilk sheʼrlari va maqolalari mana shu gazeta va jurnallarda bosiladi. Matbuotdagi faoliyatidan tashqari Hamza „Maktab“, „Ilm ista“, „Kitob“, „Qalam“, „Oʻqi“, „Toʻgʻrisoʻz bola“, „Bolaning yomon boʻlmogʻiga sabab boʻlgan onaning jazosi“, „Hikoya“, „Toshbaqa va chayon“, „Hikoyat“ singari tarbiyaviy mazmunda boʻlgan koʻplab sheʼrlar ham yozgan.
Hamza shu yili „eski podsholar turmushidan“ olingan „Haqiqat kimda?“ degan „roman“ ham yozgan (bu asar oʻsha vaqtdayoq yoʻqolgan). Hamza 1905-yildan mumtoz shoirlarga ergashgan holda gʻazallar yoza boshlagan. Baʼzi manbalarda esa sheʼr yozishni 1899-yildan, Furqat va Muqimiy — oʻzbek maʼnaviyatshunoslari ijodidan ilhomlanib yoza boshlagani taʼkidlanadi.
Hamzaning inqilob yillaridan oldingi asosiy asari tojik va oʻzbek tillarida yozilgan sheʼriy „Devon“ (1905–1914) asari vafot etganidan soʻng nashr qilingan. Hamza ushbu asarni ham „Nihoniy“ taxallusi bilan yozgan. Asarga jami 214 ta sheʼr kiritilgan. „Devon“ning baʼzi gʻazallarida sharqiy sheʼriyatga xos muhabbat, diniy tematika orqali maʼrifatga chaqirish kabi mavzular oʻrin egallaydi. Hamzaning ilk nashrdan chiqqan asarlarida ham ushbu mavzular koʻtarilgan: „Ramazon“ (1914), „Yangi baxt“ dostoni (1915), „Zaharlangan hayot“ (1916).
1914-yilda „Sadoi Turkiston“, „Sadoi Fargʻona“ kabi roʻznomalarda, „Oyna“ jurnalida maʼrifatga chorlovchi ocherk va publitsistik maqolalari chiqadi. Uning „Bidʼatmi, maʼjusiyatmi?“ (1914) ocherki shular jumlasidan edi.
Hamza katta yoshdagi kishilar uchun „Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi“ umumiy nomi ostida „Gul“ toʻplamlarini eʼlon qilgan (1915–1919). Hamza mazkur majmualari (8 boʻlimdan iborat) bilan oʻzbek sheʼriyatiga yangi mazmun va yangi gʻoyalar olib kirgan va ayniqsa, jadid adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan. Toʻplamda Hamzaning inqilobiy-demokratik maʼnaviyatshunoslik yoʻlidan inqilob jangchisi tomon oʻtgani bilinadi.
Sinfiylik va partiyaviylik adabiy asarning qimmatini belgilovchi asosiy mezon hisoblangan davrlarda Hamzaning „Boy ila xizmatchi“ pyesasi butunlay qayta yozib chiqilgan. Sotsialistik realizm metodi talablari asosida „qayta tiklangan“ bu asar uzoq yillar davomida Hamza dramaturgiyasining yuksak namunasi sifatida taqdim etilib kelingan.
1917-yil 25-aprelda „Ulugʻ Turkiston“ roʻznomasida Hamzaning „Turkiston muxtoriyatina“ nomli sheʼri bosiladi. Unda „Toʻrt yuz yillik Romanovlar“ sulolasining taxtdan agʻdarilishi va rus-burjua demokratik inqilobining gʻalabasi haqida yozadi.
1903–1904-yillar oraligʻida yozilgan koʻplab asarlari 1929-yilda vafotidan keyin topilgan.
Hamzaning 1916- va 1920-yillarda yozilgan „Loshman fojialari“, „Fargʻona fojialari“, „Boy ila xizmatchi“ kabi asarlari yoʻqolgan. Faqat „Loshman fojialari“ning „Istibdod qurbonlari“ degan qismi va „Boy ila xizmatchi“ dramasining afishasi saqlanib qolgan. Teatrlarda qoʻyilib kelgan „Boy ila xizmatchi“ dramasini esa dramaturg Komil Yashin afishada aks etgan mazmun boʻyicha qayta tiklagan. Bu variantning yuzaga kelishi, yaʼni muallifi tirik boʻlmagan, asl nusxasi yoʻqolgan asarning boshqa bir inson tomonidan tiklanishi jahon adabiy tajribasida koʻrilmagan hodisadir. Shoir Miraziz Aʼzam Komil Yashin Hamza ijodini targʻib qilishda qanchalik katta rol oʻynagan boʻlsa, uning ijodini buzib koʻrsatishga ham oʻz hissasini qoʻshganligini taʼkidlagan.
1927-yillarda „Oʻzbek xotini tilidan“, „Oʻzbek xotin-qizlariga“, „Ozod xotin-qizlar qoʻshigʻi“, „Bu kun — 8-mart“, „Xotin qizlar ovozi“, 1928-yilda esa „Hujum“, „Muborak“, „Uzilgan chechaklar“, „Tursunoy marsiyasi“ kabi sheʼrlar yozdi.
Musiqa Hamzaning qalamiga bir necha oʻnlab qoʻshiqlar mansub. Ammo musiqiy merosining barchasi ham saqlanib qolmagan. U butun Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilib, xalq qoʻshiqlarini toʻplagan. Baʼzi qoʻshiqlari 1931-yil „Fargʻona, Buxoro va Xiva qoʻshiqlari“ toʻplamidan joy olgan. Qoʻshiqlarining ayrimlari taniqli oʻzbek sanʼatkorlaridan yozib olingan.
Sahna asarlari Hamza ijodining mazkur 2-davrida nasr va dramaturgiya sohasida ham jiddiy izlanishlar olib borgan. Uning „Yangi saodat“ (1914-yil, nashri — 1915-yil) asari ayrim olimlar tomonidan oʻzbek adabiyotidagi roman janrining ilk namunasi sifatida talqin qilinib kelingan, lekin bu asar aslida maʼrifatchilik gʻoyalari bilan sugʻorilgan qissa boʻlib, unda kambagʻal yigitning (Olimjon) ilm tufayli oilaviy baxt-saodatga erishganligi mahorat bilan tasvir etilgan.
Hamza 1914–1916-yillarda „Oʻch“ (1914), „Zaharli hayot yoxud Ishq qurbonlari“ (1915), „Ilm hidoyati“, „Mulla Normuhammad domlaning kufr xatosi“, „Ochlik qurbonlari“ (1916), „Muxtoriyat yoki avtonomiya“ (1917) singari kichik sahna asarlarini yozgan. 1915–1916-yillarda yozgan „Feruzaxonim“, „Ilm hidoyati“, „Loshman fojiasi“ kabi qator drama va komediyalardan ayrimlarini oʻzi tuzgan truppasida sahnalashtirgan.
„Oʻzbek sovet adabiyoti“ning, teatrining asoschisi