Karmana — Oʻzbekiston Respublikasi Navoiy viloyati Karmana tumanidagi shaharcha (1979-yildan shahar maqomida boʻlgan, 2003-yildan shaharcha maqomida), tuman markazi. Viloyat markazidan 3 km va yaqin temir yoʻl stansiyasi (Navoiy) dan 8 km masofada joylashgan. Mahalliy tilda baʼzan „Eski shahar“ deb yuritiladi.

1926-yil 29-sentabrdan 1958-yilgacha Karmana tumani, 1958-yildan 2003-yilgacha Navoiy tumani, 2003-yil 27-dekabrdan Karmana tumani markazi.

1968-yil 21-noyabrdan Buxoro viloyati tarkibidagi shahar posyolkasi. 1982-yilgacha Buxoro viloyati, 1983—1989-yillar yangi tashkil qilingan Navoiy viloyati, 1989—1992-yillar yana Buxoro viloyati (bu yillar oraligʻida Navoiy viloyati tugatilgan), 1992-yildan qayta tashkil qilingan Navoiy viloyati tarkibida, 1999-yilda tuman maqomida Navoiy shahri tarkibiga qoʻshib yuborilgan. 2003-yil dekabrda Navoiy shahri tarkibidan chiqarilib, Karmana tumani markazi etib belgilangan. Aholisi — 20 816 kishini tashkil etadi (2004).

Karmana shaharchasida Karmana tuman hokimiyati binosi, pilla qurti urugʻi zavodi („Gren zavod“), tuman korxona va tashkilotlari, avtovokzal, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat koʻrsatadi. 4 umumiy taʼlim, maktab-internat, sanʼat maktablari, 2 kasb-hunar kolleji, Karmana tuman markaziy kutubxonasi, madaniyat saroyi, „Yoshlik“ madaniyat va istirohat bogi, sport majmuasi, „Karmana ovozi“ gazetasi tahririyati, dehqon bozori, markaziy poliklinika mavjud. Navoiy viloyat tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi va Navoiy viloyatining markaziy „Motamsaro ona“ haykali aynan Karmana shaharchasida joylashgan.

Avval Karmana shaharchasi markazida Alisher Navoiyga haykal oʻrnatilgan, keyinchalik olib tashlangan (2000-yillar), oldin haykal boʻlgan joyga 2019-yil flagshtok oʻrnatilgan, unga Oʻzbekiston bayrogʻi ilingan.

Karmana temir yoʻl va avtomobil yoʻllari orqali Nukus, Urganch, Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlar bilan bogʻlangan.

Buxoro amirligi davrida Karmana bekligining markazi boʻlgan. Shaharda Qosim Shayx va Mir Said Bahrom tarixiy meʼmoriy obidalari va Buxoro amirligi hukmdori Abdulahadxonning yozgi saroyi qoldiqlari saqlanib qolgan.

Nomlanishi va etimologiyasi Karmana Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Movarounnahrning qadimiy shaharlaridan biri boʻlib, uning nomi, bunyod boʻlishi, yillar davomida taraqqiy topishi haqida qiziqarli tarixiy maʼlumotlar, afsona va rivoyatlar mavjud. „Karmana“ atamasi uch komponentli toponim hisoblanib, u soʻz bogʻlovchi suffiks morfema „kar“/"har"/"kal", substrat oʻzak „man“/"min" va nom yasovchi topoformant „a“ birikmasidan kelib chiqqan. Baʼzi tarixchilar atama morfemasi („kar“) xalq tilida „har“ baʼzida „kal“, „qal“ shaklida qoʻllanishi natijasida Buxoro vohasida „Xarkon“, „Xarqon“, „Xarjon“, „Qalqon“ kabi nomlar kelib chiqqan deb hisoblaydi.

„Karmana“ toponimidagi „man“ soʻzi sugʻdiycha boʻlib, „saroy“, „koshona“, „qarorgoh“ maʼnolarini anglatgan. Bu fikrga asoslangan tarixchilar toponimning asl shakli „Karmana“ emas, balki „Xarman“ yoki „Xarmana“ boʻlib, bu soʻz „katta saroy“, „hashamatli koshona“, „oliy qarorgoh“ maʼnolarini anglatishi haqida fikr bildirganlar.

Aytilishicha qadim vaqtlarda Karmanani „Bodyayi xoʻrdak“ („Dashtdagi koʻzacha“) deb ataganlar, arab tilidan olingan bodiya soʻzi ikki xil maʼnoni anglatadi, birinchi maʼnosi „koʻza“, „qumgʻon“ boʻlsa, ikkinchisi „dasht“, „biyobon“dir. Shundan kelib chiqib ayrim tarixchilar „Bodyayi xoʻrdak“ jumlasini „Kichik choʻl“, „Kichkina dasht“ maʼnosida qoʻllaydilar.

Karmana ayrim yozma manbalarda „Karmanaya“, „Karmina“ va „Xarimanakat“ („katta manzilli shahar“) shaklida ham uchraydi.

Ayrim tarixchilar „Karmana“ atamasi „Har-miyona“ jumlasidan olingan boʻlib, u sugʻdcha „har“ — katta, ulugʻ, „miyona“ — oʻrtasi („Katta yoʻlning oʻrtasi“) degan maʼnoni anglatishi haqida yozganlar. Nomlanishiga oid afsonalar Karmana nomlanishiga oid bir qancha afsonalar bizgacha yetib kelgandir. Afsonalardan birida aytilishicha, qadimda ushbu shahar beklaridan birining Amina ismli qizi kar boʻlib qoladi. Qizni eng yaxshi tabiblar ham davolay olishmaydi. Bir kuni bir tabib bekka qizingizni baland joyga oʻtqizib qoʻying, atrofiga koʻp odamlarni toʻplang, odamlar „kar Amina“, „kar Amina“ deb baqirsinlar, shunda qizingiz uyalganidan taʼsirlanib, qulogʻi ochilib ketadi, deb maslahat beradi. Bek tabib aytgan ishni qiladi, qiz bu tahqirdan taʼsirlanib, sogʻayadi, quloqlari eshita boshlaydi. Goʻyo, „kar Amina“ iborasi keyinchalik oʻzgarishga uchrab, „Karmana“ga aylanib ketadi.

Boshqa bir afsonaga koʻra, Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy) juda koʻp joylarni zabt etadi. Buxoro yerlariga kelganida Nurota togʻlari orqali Zarafshon daryosi tomonga kelayotib, baland qir ustidan daryo sohilidagi goʻzal, xushmanzara shaharni koʻrib, oʻz tilida „Karmeno“ deb yuborgan. Shundan soʻng joy nomi „Karmana“ deb atala boshlagan.

Yana bir afsonaga koʻra arab bosqini vaqtida arablar Zarafshon daryosi boʻyidagi shaharning suvi, tuprogʻi, tabiatini Armanistonga oʻxshatib, „Ka Arminita“ (boshqa manbaga koʻra „Ki-Armaniya“) deyishgan, shundan soʻng bu jumla oʻzgarishga uchrab „Karmana“ shaklida saqlanib qolgan. Bu afsonani Abdulkarim Samʼoniy „Kitob ul-Ansob“ asarida yozib qoldirgan.

Tarixi thumb|Burquttepa — Karmananing qadimgi oʻrni thumb|Burquttepa arxeologiya yodgorligidan topilgan 2300 yillik xum. Hozir Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanadi Karmana — aholi yashaydigan qadimiy maskanlardan biri. Karmana va uning atrofidagi qishloqlar tarixi uzoq paleolit davriga borib taqaladi. 1999—2002-yillarda Burquttepa yodgorligini oʻrgangan arxeologlarning fikricha, Karmana Burquttepadan boshlangan. Arxeologlar Burquttepa, Koʻkyoʻtaltepa, Raboti Malik, Koʻhna qoʻrgʻon va Karmana arkining qadimiy oʻrnida izlanishlar olib bordilar. Burquttepadan topilgan ashyolar miloddan avvalgi V—III asrdan boshlab, milodiy XIII asrgacha uzluksiz davom etgan. Keyingi davr ashyolari esa bu yerda uchramagan.

Burquttepa vayronaga aylanganidan soʻng hukmdorlarning qoʻrgʻonlari Zarafson daryosi qirgʻoqlarida qurilgan va atrofi devor bilan oʻralgan. Hozir bu joy Koʻhnaqoʻrgʻon deb ataladi. U hozirgi Karmana shahrining shimol tomonidan, Zarafshon daryosining janubiy sohilida qad koʻtargan. Qoʻrgʻonning maydoni 1—2 kvadrat kilometrni tashkil etgan.

Qadimiy Karmana shahri Burquttepaning shimoli-sharqidan boshlanib, Zarafshon daryosi qirgʻoqlarigacha choʻzilgan.

Shahar qoʻrgʻondevori paxsadan tiklangan boʻlib, uning uzunligi 11–12 km ni tashkil etgan. Devorning pastki qismi qalinligi 4,5–5 m, tepa qismi 50—60 sm, balandligi 9–10 m ni tashkil etgan. Qoʻrgʻondevorning tepasi kungurador, zirhli qilib ishlangan. Devorning mustahkamligini saqlash maqsadida har 50–60 m da toʻgarak shaklida burj qurilgan.

Karmana hududining qadimiy tarixi, ayniqsa, bu yerda dehqonchilik, chorvachilik yoki hunarmandchilik kabi kasb va xoʻjaliklarning yuzaga kelishi va taraqqiyoti, shaharsozlik madaniyatining shakllanishi tarixiga oid moddiy-madaniy obidalar hozirgi davrgacha yetib kelmagan. Yozma manbalarda keltirilgan bor maʼlumotlar esa, asosan, keyingi davrga — oʻrta asrlarga mansubdir. Buning ustiga ular gʻoyatda qisqa va uzuq-yuluq. Karmananing alohida shahar sifatida paydo boʻlishi va rivojlanishi fanda hali atroflicha oʻrganilmagan.

X asrga tegishli „Hudud ul-Olam“ nomli asarda Karmana Soʻgʻd shahriga qarashli obod joy sifatida tilga olingan boʻlsa, shu davrda yashagan mahalliy tarixchi Narshaxiy oʻzining „Buxoro tarixi“ asarida Karmanaga shunday taʼrif bergan:

Bulardan maʼlum boʻlishicha, Karmana Buxoro vohasining dehqonchilik rustoqlari (tumanlari) qatoridan joy olgan. U Zarafshon daryosidan chiqarilgan alohida kanal orqali sugʻorilgan. Karmana rustogʻi ilk oʻrta asrlarda Buxoro vohasining 15 ta dehqonchilik rustoqlarini oʻrab oʻtgan qadimiy mudogaa inshooti — Kanpirak devoridan tashqarida joylashgan. Oʻrta asr yozma manbalarida bu tashqi rustoq Karmana, baʼzan esa Yasir nomlari bilan tilga olinadi. Rustoqning markazi ham Karmana nomi ostida shuhrat topgan.

Buxoro vohasining sugʻorma dehqonchilik yerlari Karmana hududidan boshlangan. Narshaxiyning taʼrificha, vohaning Zarafshon daryosidan bosh olgan sugʻorish tarmoqlaridan dastlabkisi Karmina anhori hisoblangan. Uni Narshaxiy katta anhor deb yozadi. IX—X asrlarda Buxoroning dehqonchilik yerlaridan toʻolangan xiroj soligʻidan tushgan har yilgi daromad Karmana yerlarini qoʻshib hisoblaganda, „1 million 166 dirham-u 5,5 donakni tashkil etgan“. Keyinchalik Karmananing xiroji Buxoro xirojidan ajratilib alohida olingan.

XII asrda Karmana shahri xorazmshoh Elarslon (1156—1172) tomonidan vayron qilingan. Keyinchalik u qayta tiklanib, XV asrda yana yirik shaharga aylangan.

Shaharning Temuriylar davlati va Buxoro xonligi ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan oʻrni masalasi maxsus tadqiqotga muhtojdir.

XVI asrdan boshlab Karmana shahri Buxoro xonligi va Buxoro amirligining Karmana (Karmana va Miyonqol) viloyati markazi boʻlgan.

Shoʻrolar tuzumi davrida Karmana tarixi bir qadar unutilib, tarixiy va madaniy yodgorliklarga katta ziyon yetkaziladi.

Somoniylar davri thumb|Somoniylar davrida Karmanada qurilgan Mir Said Bahrom maqbarasi. U koʻrinish jihatidan Buxorodagi Somoniylar maqbarasiga oʻxshash uslubda qurilgan Somoniylar davrida Karmanada bir qator tarixiy obidalar qurilgan. Ulardan hozirgacha saqlanib qolgani Mir Said Bahrom maqbarasi hisoblanadi. Bu davrda Karmana tarixi haqida yaxlit manbalar saqlanmagan boʻlsa-da, Tabariy, Ibn Havqal, Ibn Xoʻrdodbek, Istaxriy kabi sayyohlar, tarixchilarning asarlarida Karmana toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar yozib qoldirilgan.

Moʻgʻul istilosi davri XIII asrda Movarounnahr moʻgʻullar bosqiniga uchradi. Moʻgʻullarga qarshi bir necha marta xalq qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtdi. 1238-yilda Buxoroda boshlangan Mahmud Torobiy boshchiligidagi qoʻzgʻolonda Torobiy tarafdorlarining qoʻli baland kelganida moʻgʻul sarkardalari Karmanaga qochganlar.

Amir Temur va temuriylar davri Amir Temur va temuriylar davrida Karmana obod joyga aylandi, hunarmandchilik rivojlandi. Baʼzi tarixchilar Amir Temurning ona avlodlari Karmana bilan bogʻliqligi haqida fikr bildiradilar.

Amir Temurning Karmanada, Raboti Malik karvonsaroyida boʻlganligi haqida Nizomiddin Shomiyning „Zafarnoma“ asarida quyidagicha maʼlumotlar keltirilgan:

Shuningdek, Karmana haqida Temur va temuriylar davrida yashagan Alouddin Otamalik Juvayniy („Tarixi onaxonkushoy“), Rashididdin Fazlulloh („Jomeʼ at-Tavorix“) kabi tarixchilarning asarlarida ham maʼlumotlar keltirilgan.

Shohrux Mirzo oʻgʻli Mirzo Ulugʻbekka Movarounnahr tojini aynan Karmanada kiygizgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur Karmana va uning atroflarida boʻlganligi haqida bir necha tarixiy manbalar guvohlik beradi. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur „Boburnoma“da:

deb qayd etgan.

Shayboniylar davri thumb|Abdullaxon II (1533—1598) thumb|Abdullaxon II tomonidan 1558-yil Karmanada qurdirilgan Qosim Shayx xonaqohi Shayboniylar davrida yozib qoldirilgan koʻplab tarixiy asarlarda Karmananing Shayboniylar boshqaruvi davridagi tarixiy evrilishlarda tutgan oʻrni haqida turli maʼlumotlar saqlanib qolgan.

Hofiz Tanish Buxoriyning „Abdullanoma“ asarida keltirilishicha Shayboniy Jonibek sulton Safaviy Tahmosbga qarshi 1528—1529-yillardagi muvaffaqqiyatsiz Xuroson yurishidan soʻng Karmanaga qaytadi va 1529-yil shu yerda vafot etadi. Jonibekning oʻgʻli Iskandarxon Ofarinkentdan Karmanaga keladi va shu yerda taxtga oʻtiradi.

Abdullaxon II Baroqxon, Sayyid sulton va Bobo sulton bilan qilgan janglaridan keyin aynan Karmana muhim tayanch punktiga aylanadi, shayboniy sultonlarining toj-taxt uchun kurashlarida Karmana muzokaralar olib boradigan joy vazifasini oʻtaydi.

Shunigdek, Muhammadiyor ibn Arab Qatagʻonning „Musaxxir al-bilod“ asarida 1551-yilgi Abdullaxon II, Baroqxon va Abdullatifxon oʻrtasidagi janglar sulh bilan yakunlangani, sulh muzokaralari aynan Karmana shahrida boʻlib oʻtgani bayon qilingan.