Lyudmila Dmitrievna Samsonova (; 1998-yil 11-noyabrda tugʻilgan) — rossiyalik professional tennischi. WTA reytingida yakkalik bahslarida eng yuqori natijasi 12-oʻrin, juftlik bahslarida esa 36-oʻrin boʻlgan.
Sportchi WTA turi yakkalik bahslarida besh marta va juftlik yoʻnalishida ikki marta chempionlikni qoʻlga kiritgan. Uning ilk gʻalabasi 2021-yilgi German Open musobaqasining WTA 500 turniridagi chempionligi boʻlgan . Shuningdek, Samsonova ITF turida yakkalik bahlarida jami sakkiz marta va juftlik yoʻnalishida uch marta chempionlikni qoʻlga kiritgan. 2020–21-yilgi Billie Jean King Kubogi davomida Samsonova Rossiya terma jamoasini 2008-yildan keyingi ilk gʻalabaga boshlab borgan, yakkalik va juftlik bahslarida oʻzining barcha beshta uchrashuvida gʻalaba qozonishga muvaffaq boʻlgan.
Samsonova, shuningdek, 2014-yildan 2018-yilgacha musobaqalarda Italiya mamlakati sharafini ham himoya qilgan. Yoshligi Samsonova Rossiyaning Murmansk viloyatining Olenegorsk shahrida tugʻilgan. Uning oilasi Lyudmila 1 yoshda boʻlganida Italiyaga koʻchib oʻtgan. Otasi Dmitriy stol tennischi boʻlib, Turin shahrida joylashgan Ferentino klubida oʻynash uchun taklif qilingan edi. Otasi unga stol tennisi yoki katta tennisdan birini tanlashni maslahat bergan. Shundan soʻng Lyudmila katta tennisni tanlagan. Samsonova olti yoshidan tennis oʻynay boshlagan, mahalliy tennis uyushmasi unga moliyaviy yordam bergach, Bordigeradagi Piatti Tennis markaziga qoʻshilgan. 2014–2018-yillar oraligʻida sportchi professional tennischi sifatida Italiya sharafini himoya qilgan, soʻngra Rossiya bayrogʻi ostida maydonga chiqishni boshlagan.
2021-yilning iyul oyida Samsonova bu qarorga kelishiga sabab sifatida Italiya terma jamoasi sharafini himoya qilishda tushadigan qoʻshimcha bosimni keltirgan. Italiyada tennis Rossiyaga qaraganda ancha diqqat bilan kuzatiladi, Rossiyada esa u oʻzini, asosan, oʻzi uchun raqobat olib borayotgandek his qiladi. Rossiya manbalari esa 18 yoshga toʻlgach, koʻplab mahalliy oʻyinchilarning Rossiya bayrogʻi ostida musobaqalarda ishtirok etishdan voz kechayotganini inobatga olgan holda, uning bu qarori yuzasidan aniqroq maʼlumotlar keltirgan. „Tennis Weekend“ jurnaliga koʻra, Samsonova Italiya pasportini olish jarayonida muammolarga duch kelgan va u chetdan kelgan oʻyinchi sifatida Italiya tennis federatsiyasi tomonidan nisbatan past darajada qoʻllab-quvvatlangan. Sportchi Rossiyadan tashqarida mashgʻulot oʻtkazishda davom etadi, chunki u ichki miqyosda Rossiya tennis federatsiyasi tomonidan professional tennis uchun yaratilgan shartlardan qoniqmaydi. 2021-yil oktyabr oyida Samsonova oʻzida italiyalik pasport boʻlmaganini va shu bois ikki bayroq orasida tanlov qilish imkoniyati hech qachon boʻlmaganini aytib oʻtgan.
Lyudmila, agar uning ota-onasi Rossiyada qolganida figurali uchish sportini tanlagan boʻlishini tan olgan. U italyan, rus va ingliz tillarida erkin soʻzlashadi.
Manbalar
Havolalar
Turkum:1998-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Rossiyalik ayol tennischilar Turkum:21-asr rossiyalik ayol sportchilar