Mehrimoh Sulton (; 1923-yil 14-aprel — 2000-yil 30-mart), turmushga chiqqandan keyin Mehrimoh Sulton Noyif — Usmoniylar malikasi, Mehmed Vning oʻgʻli Shahzoda Mehmed Ziyoyiddinning qizi. Transiordaniya amiri Abdulloh ibn Husaynning oʻgʻli Shahzoda Noyif bin Abdullohning rafiqasi va Iordaniya malikasi.
Yoshligi Mehrimoh Sulton 1923-yil 14-aprelda Haydarposhoda joylashgan otasiga tegishli villada tugʻilgan. Uning otasi sulton Mehmed V va Kamures Kadınning oʻgʻli Shahzoda Mehmed Ziyoyiddin, onasi esa Neşemend xonim boʻlgan. U otasining sakkizinchi farzandi va eng kichik qizi, onasining esa yagona farzandi boʻlgan. Mehrimoh Sulton imperiya tugatilganidan keyin tugʻilgan ilk malika hisoblanadi.
Malikaning koʻzlari yashil rangda edi. U onasi bilan otasiga tegishli villaning ikkinchi qavatida yashagan. Otasi boshqa bir rafiqasi Melekseyran xonimdan ajrashgach, bu villaga onasi Neşemend xonim egalik qilgan. 1923-yil 29-oktyabr oyida Turkiya rasman respublika deb eʼlon qilindi, 1924-yil 3-martda esa xalifalik bekor qilinib, sulola vakillari surgun qilindi. Malika oilasi bilan Misrning Iskandariya shahriga joylashdi. U 1934-yilda atigi 12 yoshida onasidan ayrildi, 1938-yilda 15 yoshida otasini yoʻqotdi. U Parijda va Qohirada taʼlim oldi. Malika jozibasi, oliyjanobligi va mustaqil fikrga ega ekanligi bilan ajralib turardi.
Nikohi 1940-yilda davom etayotgan Ikkinchi Jahon urushi paytida Mehrimoh Iordaniya qiroli Abdulloh ibn Husaynning eng kichik oʻgʻli Shahzoda Noyif bin Abdullohga turmushga chiqdi. Nikoh shartnomasi 1940-yil 30-sentyabrda imzolandi, toʻy esa 1940-yil 7-oktyabrda Mehrimohning ota bir opasi Lutfiya Sultonning villasida boʻlib oʻtdi. Toʻy payti urush manzarasi hukm surgan. Ularning toʻyi Iordaniyada yetti kun-u yetti tun davom etgan yirik milliy tadbir koʻrinishida oʻtkazilgan.
Er-xotin toʻydan keyin Iordaniyaning Amman shahriga koʻchib oʻtdi. Toʻydan keyin Iordaniyada u Malika Mehrimoh Noyif () nomi bilan atalgan. 1941-yil 10-avgustda Mehrimoh Sulton birinchi farzandi Shahzoda Ali bin Noyifni dunyoga keltirdi. Undan keyin 1948-yil 27-aprelda yana bir oʻgʻli Shahzoda Abubakr Osim bin Noyif dunyoga keldi. U oʻz mavqeidagi aksar ayollarga qaraganda ancha mustaqil va erkin fikrli boʻlib, saroydagi boshqa ayollardan farqli ravishda yuzini qora niqoblar ortiga yashirmas, yuzining yarmini yopish uchun faqat yengil, shaffof roʻmol taqardi.
Qirol Abdulloh Quddusda oʻldirilgach, 1951-yilda uning toʻngʻich oʻgʻli Talal qirol sifatida hokimiyat tepasiga keldi va Mehrimohning eri Noyif taxt vorisiga aylandi. Biroq qirol Talal ruhiy muvozanatini yoʻqotib, taxtdan tushirildi va 1952-yilda Istanbulga yuborildi. U umrining qolgan qismini Ortaköydagi „Healing Dormitory“da oʻtkazdi. Taxtni egallashi kerak boʻlgan shaxs Shahzoda Noyif edi, biroq shahzoda buni rad etib: „Men siyosatga qiziqmayman“, degan javobni berdi. Shundan soʻng Talalning katta oʻgʻli Husayn I taxtga oʻtirdi. Mehrimoh va Shahzoda Noyif sulolaning eng nufuzli aʼzolari sifatida Ammonda istiqomat qildilar.
Keyingi hayoti va vafoti Eri 1983-yilda vafot etgach, Mehrimoh bir muddat AQSh va Birlashgan Qirollikda yashadi, soʻng yana Iordaniyaga qaytdi. U 2000-yil 30-martda 77 yoshida Ammonda vafot etdi. Oʻlim sababi qon saratoni edi. Uning dafn marosimida Turkiyada yashovchi oila aʼzolari ham qatnashdi. Malika 2000-yil 2-aprelda Istanbulning Eyüp tumanida joylashgan bobosining maqbarasiga dafn etildi.
Farzandlari Mehrimoh Sultonning ikki oʻgʻli boʻlgan: Shahzoda Sultonzoda Ali bin Noyif (1941-yil 10-avgustda tugʻilgan) 1966-yil 11-aprelda Vijdan Muhana (1939-yilda Bagʻdodda tugʻilgan) ismli ayolga uylangan. Ularning uch qizi va bir oʻgʻli bor: Malika Naafa bin Ali (1966-yil 27-dekabrda tugʻilgan); Malika Rajva bin Ali (1968-yil 29-iyunda tugʻilgan); Malika Basma Fotima bin Ali (1970-yil 24-martda tugʻilgan); Shahzoda Muhammad Abbos bin Ali (1973-yil 17-fevralda tugʻilgan). Shahzoda Sultonzoda Abubakr Osim bin Noyif (1948-yil 27-aprelda tugʻilgan) ikki marta uylangan: Firuza Voxshouri, ularning uch qizi bor: Malika Yasmin bin Osim (1975-yil 30-iyunda tugʻilgan) 2005-yil 2-sentyabrda Basel Yagʻnamga turmushga chiqqan; Malika Sara bin Osim (1978-yil 12-avgustda tugʻilgan) 2008-yil 26-iyunda Alejandro Garridoga turmushga chiqqan. Ularning bir oʻgʻli va bir qizi bor; Malika Nur bin Osim (1982-yil 6-oktyabrda tugʻilgan) 2003-yil 29-avgustda shahzoda Hamza bin Husaynga turmushga chiqqan. 2009-yil 9-sentyabrgacha u bilan yashagan. Ularning bir qizi bor. 2018-yil 22-iyunda Amr Zedanga turmushga chiqqan. Ularning ikki oʻgʻli bor. Sanaa Kalimatning ikki qizi va bir oʻgʻli bor: Malika Salha bin Osim (1987-yil 14-iyunda tugʻilgan) 2011-yil 4-aprelda Mohammad Hashim Haj-Hassanga turmushga chiqqan. Ularning bir qizi va ikki oʻgʻli bor; Malika Nejla bin Osim (1988-yil 9-mayda tugʻilgan) 2014-yil 23-oktyabrda Nasser Osama Talhouniga turmushga chiqqan. Ularning ikki farzandi bor; Shahzoda Noyif bin Osim (1998-yil 22-yanvarda tugʻilgan) 2021-yil 13-aprelda Sharifa Farah Alluhaymaqqa uylangan.
Ajdodlari
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:1922-yilda tugʻilganlar Turkum:2000-yilda vafot etganlar Turkum:20-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari