Berdimyrat Rejepowiç Rejepow (t; 1957-yil 5-fevral, Guynuk qishlogʻi, Dänew etrapi, Chorjoʻy viloyati, Turkmaniston SSR, SSSR) — turkmanistonlik siyosatchi, diplomat. 2012—2016-yillarda Turkmanistonning Rossiya Federatsiyasi, Bolgariya, Ispaniya va Sloveniyadagi favqulodda va muxtor elchisi boʻlgan. Shunigdek, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari, Turkmaniston temir yoʻllari rahbari, „Turkmannebitgaz“ korporatsiyasi raisi, Lebap viloyati va Ashxobod hokimi lavozimida ham ishlagan.
Tarjimayi holi Berdimyrat Rejepow 1957-yil 5-fevralda Chorjoʻy viloyati, Dänew etrapi, Guynuk qishlogʻida tugʻilgan. 1981-yilda Kiyev savdo-iqtisodiyot institutini iqtisodchi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 1981–1982-yillarda SSSR Savdo vazirligi Butunittifoq xalq isteʼmol tovarlariga aholi talabi va savdo konyunkturasini oʻrganish ilmiy-tadqiqot institutining Turkmaniston filialida kichik ilmiy xodim boʻlib ishlagan. 1983—1989-yillarda xalq deputatlari Ashxobod ijroiya qoʻmitasi tizimida boʻlim mudiri, tuman ijroiya qoʻmitasi rahbarining oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1989—1992-yillarda Turkmaniston Savdo va matlubot kooperatsiyasi vazirligi tizimida boʻlim va boshqarmalar boshligʻi, 1992—1996-yillarda Turkmaniston savdo va resurslar vazirining birinchi oʻrinbosari, 1996—1997-yillarda Turkmaniston davlat tovar-xomashyo birjasi raisi, 1997—2000-yillarda „Turkmannebitgaz“ davlat savdo korporatsiyasi raisi, 2000—2001-yillarda Lebap viloyati hokimi boʻlgan. 2001—2003-yilgalarda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan, bu lavozimiga qoʻshimcha ravishda Turkmaniston davlat aloqa va transport instituti rektori, Ashxobod shahri hokimi hamda „Turkmaniston temir yoʻllari“ boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2003-yil sentyabrdan 2012-yil aprelgacha Turkmanistonning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi, 2012-yil may oyidan Turkmanistonning Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi, qoʻshimcha ravishda 2012-yil avgust oyidan Turkmanistonning Bolgariyadagi, 2013-yil iyulidan Ispaniyadagi, 2014-yil mart oyidan Sloveniyadagi favqulodda va muxtor elchisi boʻlgan. Oilali, uch nafar farzandi bor.
Mukofotlari Berdimyrat Rejepow III darajali „Oltin asr“ ordeni (2003), „Turkmanistonning mohir diplomati“ nishoni (2023-yil 17-fevral), „Magtymguly Pyragynyň 300 yillygyna“ esdalik nishoni (2024-yil 10-dekabr) bilan taqdirlangan.
Manbalar
Turkum:5-fevralda tugʻilganlar Turkum:1957-yilda tugʻilganlar Turkum:Turkmaniston vazirlari Turkum:Turkmaniston elchilari