Baýram Annakow (; 1983-yil 12-may, Ashxobod, Turkmaniston SSR, SSSR) — kelib chiqishi turkman boʻlgan turkmanistonlik, rossiyalik va amerikalik tadbirkor. Mobil ilovalar ishlab chiqaruvchi mutaxassis. Empatika kompaniyasi asoschisi. Aviasayohatchilar uchun „App in the Air“ ilovasini yaratgan. Rossiyaning „Bortoviye sistemi“ kompaniyasining hamkorlaridan biri. „App in the Air“ ilovasi va uning foydalanuvchilari maʼlumotlarining Rossiya davlat organlari xodimlari bilan bogʻliq tuzilmalarga sotilishi, shuningdek, Rossiyada ular bilan qoʻshma kompaniyalar tashkil etilishi boʻyicha „Vajniye istorii“ nashrining 2025-yildagi jurnalistik surishtiruv figuranti. AQShning Sietl shahrida yashovchi shaxmat grossmeysteri Babakuly Annakowning ukasi.

Tarjimayi holi Baýram Annakow 1983-yil 12-mayda Ashxobodda tugʻilgan. Otasi yirik hisoblash markazida dasturlash bilan shugʻullangan, onasi esa radiostansiyada jurnalist boʻlgan. Moskvada taʼlim olgan. N. E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining muhandislik biznesi va menejment fakulteti hamda M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining iqtisodiyot fakulteti magistraturasini tamomlagan. Oʻz faoliyatini „EPAM Systems“ IT-autsorsing kompaniyasida boshlagan va bu kompaniyada 23 yoshida loyiha boshqaruvi menejeri lavozimini egallagan. 2008-yilda Annakow mobil ilovalar yaratish va biznes jarayonlarini optimallashtirish boʻyicha maslahat berish bilan shugʻullanuvchi Empatika kompaniyasiga asos solgan. Moskvda davlat universiteti va „Visshaya shkola ekonomiki“ milliy tadqiqot universitetida kurslar olib borgan. 2012-yilda Annakow besh nafar dasturchi bilan birgalikda havo yoʻllari yoʻlovchilariga yordam berish uchun moʻljallangan „App in the Air“ mobil ilovasini yaratishgan. Ilova nomi „Up in the Air“ filmiga ishora qiladi. 2015-yilda ilova Business Insider tomonidan tuzilgan eng yaxshi 100 ta ilovalar reytingiga kiritilgan. 2018-yilda startap „Google Launchpad Accelerator“ akseleratsiya dasturi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. 2018-yilda „App in the Air“ ilovasi rus tadbirkori Mixail Shelkov tomonidan boshqariladigan Kiprdagi „Norbase“ kompaniyasiga sotiladi. Kipr kompaniyasining moliyaviy hisobotida sotib olish qiymati 13,5 dan 15 million AQSh dollarigacha boʻlgan diapazondagi maʼlumotlar mavjud. Bitimdan soʻng Annakow Vashington shtatining Bellevue shahrida joylashgan „Life in the Air“ kompaniyasini tashkil etadi. Kompaniya aviakompaniyalarga havo kemalari bortida tovarlar va xizmatlar savdosini tashkil etish uchun texnologik yechimlarni taqdim etishga ixtisoslashgan. 2021-yilda Shelkov bilan birgalikda ichki bozor uchun shunga oʻxshash xizmatlar koʻrsatuvchi Rossiyaning „Bortoviye sistemi“ kompaniyasini tashkil etishgan. Mulkchilik tuzilmasi kompaniyaning 85 foiziga egalik qiluvchi „Ays“ MChJ orqali amalga oshiriladi, bu yerda ulushlar quyidagicha taqsimlangan: Annakow 15,48%, Shelkov 84,52% egalik qiladi. „Bortoviye sistemi“ kompaniyasining qolgan 15 foizi FXX direktorining birinchi oʻrinbosari Sergey Korolyovning oʻgʻli Boris Korolyovga (10%) va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirining sobiq oʻrinbosari Kirill Androsovning „Altera kapital“ jamgʻarmasiga (5%) tegishli. Kompaniyaning ochiq maʼlumotlariga koʻra, uning mijozlari Rossiyaning Smartavia, Azimut, Ural Airlines, NordStar va Utair aviakompaniyalari hisoblanadi.

Jurnalistik surishtiruv 2025-yil yanvar oyida „Vajniye istorii“ nashri „App in the Air“ ilovasining sotuvi tafsilotlari boʻyicha jurnalistik surishtiruv natijalarini eʼlon qiladi. Materialda ilova xaridori Mixail Shelkov 2000-yillarning boshidan beri Rosoboroneksport tuzilmalarida faoliyat yuritgani va Sergey Chemezov boshchiligidagi „Rostex“ davlat korporatsiyasi rahbariyati hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin atrofidagi shaxslar bilan muhim aloqalarini oʻrnatgani koʻrsatilgan. Surishtiruv davomida „Bortoviye sistemi“ kompaniyasining egalaridan biri FXX direktorining birinchi oʻrinbosari Sergey Korolyovning oʻgʻli Boris Korolyov ekanligini aniqlangan. Surishtiruvning chop etilishi OAVda Rossiya tuzilmalarining AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyadagi ilova foydalanuvchilarining shaxsiy maʼlumotlariga kirishi mumkinligi haqida muhokamalarga sabab boʻladi. Meduza nashri bu holatni foydalanuvchi maʼlumotlarini „notoʻgʻri qoʻllarga“ oʻtkazish deb taʼriflagan. Annakow surishtiruv natijalari izoh berishdan bosh tortgan va oʻz aloqa vositasida nashr jurnalistlari blokgan.

Oilasi Akasi Babakuly Annakow amerikalik shaxmatchi, 1998-yildan buyon grossmeyster.

Manbalar

Turkum:Alifbo boʻyicha dasturchilar Turkum:Rossiya tadbirkorlari Turkum:Moskva davlat universiteti bitiruvchilari