Shahzoda Mehmed Burhoniddin afandi (; 19-dekabr 1885 — 15-iyun 1949) — Usmoniylar shahzodasi, sulton Abdulhamid II va Mezidemestan Kadınning oʻgʻli.
Yoshligi Shahzoda Mehmed Burhoniddin 1885-yil 19-dekabrda Yıldız saroyida tugʻilgan . Uning otasi sulton Abdulhamid II, onasi esa Kaymat Mikanbaning qizi Mezidemestan Kadın boʻlgan. Shahzoda Mehmed Mezidemestan Kadınning yagona farzandi edi. Otasi Abdulhamid unga vafot etgan ota bir, ona boshqa akasi Shahzoda Mehmed Burhoniddinning xotirasiga shunday nom bergan. Burhoniddinning sunnat toʻyi 1891-yilda ota bir, ona boshqa akalari Shahzoda Mehmed Abdulqodir va Shahzoda Ahmad Nuri bilan birga oʻtkazilgan.
Faoliyati 1890-yil iyun oyida 4 yoshida Burhoniddin otasi tomonidan harbiy dengiz floti roʻyxatiga kiritildi. U Usmoniylarning zirhli kemasi Orhaniyaga biriktirildi. Tantanali salomlashuv marosimlarida u va Shahzoda Ibrohim Tavfiq harbiy-dengiz kuchlari formasida dengiz polki oldida salom bergan. 1893-yil 18-iyun oyida 7 yoshida Mehmed Burhoniddinga leytenant-komandir unvoni berildi. Oʻsha yili u harbiy dengiz kuchlari madhiyasini bastalagan. 1916-yil 6-fevralda Birinchi Jahon urushi paytida unga leytenant-komandir unvoni berildi. 1918-yil 29-iyulda esa kapitan unvoniga koʻtarildi.
1903-yilda kayzer Vilgelm II ning oʻgʻillari: Germaniya valiahd shahzodasi Vilgelm va Prussiya shahzodasi Eitel Friedrich tashrifi chogʻida Abdulhamid Burhoniddin hamda tashqi ishlar vaziri Tavfiq poshoni shahzodalarni kutib olishga tayinladi. Burhoniddin shahzodalarni qarshi oldi, Tavfiq esa tashrif davomida tarjimonlik vazifasini bajardi. 1915-yil oktyabrda u Vena shahriga bordi va 1921-yil oxirigacha oʻsha yerdagi yerda Bristol mehmonxonasida yashadi.
Shaxsiy hayoti Rasmiy taʼlimdan tashqari Burhoniddinga musiqa va sanʼat ham oʻrgatilgan. U violonchel chalgan. Bir muddat u Abdulhamid II ning eng sevimli oʻgʻli boʻlgan, hatto sulton qonunni chetlab oʻtib uni valiahd shahzoda etib tayinlashi mumkin, degan fikrlar ham paydo boʻlgan . Shahzoda Mehmed Burhoniddinga Yıldız saroyi hududida villa ajratilgan. Shuningdek, uning Yeniköyda ham bir saroyi boʻlgan.
Uning birinchi xotini Emine Nurbonu Hidoyat xonim boʻlgan. U 1891-yilda tugʻilgan. Hidoyat xonimning otasi shahzoda Mehmed Refik bey Achba, onasi esa malika Mahsharaf xonim Emxaa edi. Achba knyazlar urugʻiga mansub abxazlar oilasidan boʻlgan Hidoyat xonim Shahzoda Yusuf Izzeddinning umr yoʻldoshi Esma Cavidan xonim, saroy xonimi Leyla Gulafshon xonim, sulton Abdulmajid I ning umr yoʻldoshi Verdicenan Kadın hamda Abdulhamid II ning umr yoʻldoshi Fotma Pesend xonim bilan qarindosh boʻlgan. Juftlik 1907-yil 15-iyulda Yıldız saroyida turmush qurgan. Ularning nikohidan koʻp oʻtmay, Hidoyat xonim homilasini yoʻqotgan. 1911-yil 26-noyabrda u Nishontoshi saroyida yagona farzandi, oʻgʻli Shahzoda Mehmed Faxriddinni dunyoga keltirgan. Keyinchalik eri bilan ajrashgan Hidoyat xonim 1946-yilda Sivasda vafot etgan.
Shahzoda Mehmed Burhoniddinning ikkinchi xotini Aliye Melek Nazliyor xonim edi. Kelib chiqishi cherkaslardan boʻlgan Nazliyor xonim 1892-yil 13-oktyabrda Istanbulda tugʻilgan. Ular 1909-yil 7-iyunda Nishontoshi saroyida turmush qurgan. 1912-yil 18-avgustda juftlikning birinchi farzandi Ertugʻrul Usmon dunyoga kelgan. Usmon keyinchalik 1994-yildan 2009-yilda vafotigacha Usmoniylar xonadoni boshligʻi boʻlgan. Ular 1919-yilda ajrashgan, shundan soʻng Nazliyor ittihodchilar moliya vaziri Mehmet Cavit beyga turmushga chiqqan. Mehmed Cavit shoir Yalchinning otasi boʻlgan. Biroq u 1926-yilda Turkiyaning 1-prezidenti Mustafa Kemal Atatürkka qarshi muvaffaqiyatsiz amalga oshirilgan Izmir suiqasdiga aloqadorligi uchun qatl etilgan. Nazliyor xonim 1976-yil 31-avgustda Anqarada vafot etgan.
Shahzodaning uchinchi xotini Georgina Leonora Mosselmans boʻlgan. U 1900-yil 23-avgustda Niderlandiyaning Bergen op Zoom shahrida tugʻilgan. Ular 1925-yil 29-aprelda Fransiyaning Parij shahrida turmush qurgan. Bu nikoh xalifa Abdulmajid II tomonidan tan olinmagan va oʻsha yilning oʻzida bekor qilingan. Georgina 1969-yilda vafot etgan.
Mehmed Burhoniddinning toʻrtinchi va soʻnggi xotini badavlat amerikalik beva ayol Elsie Deming Jackson edi. U 1879-yil 6-sentyabrda Nyu-Yorkda tugʻilgan boʻlib, Burhoniddindan 6 yosh katta edi. Ular 1933-yil 3-iyulda Nyu-Yorkda turmush qurgan. Bu nikoh ham xalifa Abdulmajid II tomonidan tan olinmagan. Elsie 1952-yil 12-mayda Nyu-Yorkda 72 yoshida vafot etgan.
Keyingi yillari va vafoti 1909-yil 27-aprelda Abdulhamid taxtdan agʻdarilib, Salonikiga surgun qilingan. 1912-yilda Saloniki Yunoniston qoʻliga oʻtgach, Abdulhamid Istanbulga qaytib, Beylerbeyi saroyiga joylashgan va 1918-yilda shu yerda vafot etgan. Abdulhamid taxtdan tushirilgach, Mehmed Burhoniddin oʻzini dushmanlardan himoya qila oladigan „Ittihodchilar“ (Ittihod va Taraqqiyot qoʻmitasi) bilan yaqin aloqalar oʻrnatdi. 1914-yilda Markaziy Albaniya Senati tomonidan unga Albaniya taxti taklif qilindi, biroq u bu taklifni rad etdi. 1921-yilda esa unga Iroq taxti ham taklif qilingan (kim tomonidan ekani aniq koʻrsatilmagan), ammo britaniyaliklar bu qarorga qarshi chiqqan. Shundan soʻng Burhoniddin va uning oilasi Shveysariyaga koʻchib oʻtgan.
1924-yil mart oyida Usmoniylar oilasi surgun qilingan paytda Burhoniddin va oilasi chet elda edi. Ular avval Fransiyaning Nice shahrida, keyin Parijda yashadi. 1930-yilda Burhoniddin Nyu-Yorkka koʻchib oʻtdi. U yerda yirik neft kompaniyasi aʼzosi sifatida oyiga 2000 dollar maosh olgan. Aka-ukalaridan farqli oʻlaroq, u moliyaviy qiyinchilik va qashshoqlikka duch kelmagan. Nyu-Yorkda u shaharning eng boy hududi boʻlgan Beshinchi avenyuda yashagan.
Mehmed Burhoniddin 1949-yil 15-iyunda 63 yoshida Nyu-Yorkda yurak xurujidan vafot etdi. Uning jasadi Istanbulga olib kelingan, biroq hukumat unga va oilasiga shaharga kirishga ruxsat bermagan. Shundan soʻng jasad Suriyaga olib ketilib, Damashq shahridagi Sulaymoniya takyasi qabristonida dafn etilgan.
Unvon va mukofotlari Usmoniylar mukofotlari Usmoniylar xonadoni ordeni Iftixor ordeni Sharaf ordeni Usmoniya ordeni Majidiya ordeni Imtiyoz kumush medali, shuningdek, oltin medali Liyoqat oltin medali Hijoz temiryoʻli oltin medali Iftixor sanoat oltin medali Yunon urushi oltin medali
Harbiy lavozimlari Harbiy unvonlariva dengiz flotidagi lavozimlari Usmoniylar dengiz floti leytenant-komandiri, 1893-yil 18-iyun Usmoniylar dengiz floti komandiri, 1916-yil 6-fevral Usmoniylar dengiz floti kapitani, 1918-yil 29-iyul
Farzandlari Ismi Tavalludi Vafoti Izohlar Hidoyat xonim bilan nikohidan (1908-yilda turmush qurgan — ajrashgan) Shahzoda Mehmed Faxriddin 1911-yil 26-noyabr 1968-yil 13-iyul Nishontoshi saroyida tugʻilgan. 1933-yil 31-avgustda Parijda yunon millatiga mansub Catherine Papadopoulos (1914-yil 20-may, Parij — 1945-yil 15-iyun, Afina) ismli ayolga uylangan, farzandsiz. Nyu-York shahrida surgunda vafot etgan va oʻsha yerda dafn etilgan. Nazliyor xonim bilan nikohidan (1909-yil 7-iyunda turmush qurgan — 1919-yilda ajrashgan) Shahzoda Ertugʻrul Usmon 1912-yil 18-avgust 2009-yil 23-sentyabr Nishontoshi saroyida tugʻilgan. Ikki bor uylangan, farzandsiz. Turkiyaning Istanbul shahrida vafot etgan. Usmoniylar xonadonining 43-boshligʻi.
Serialda 2017-yilgi „Payitaht: Abdülhamid“ () teleserialida shahzoda Mehmed Burhoniddin obrazini turk aktyori Ulaşcan Kutlu gavdalantirgan.
Nasabi
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Usmoniylar imperiyasi shahzodalari Turkum:1885-yilda tugʻilganlar Turkum:1949-yilda vafot etganlar Turkum:Sultonlarning o‘g‘illari Turkum:Xalifalarning o‘g‘illari