Jaloliddin Muhammad ibn Abdurahmon al-Qazviniy (), shuningdek, Jaloliddin al-Qazviniy (; milodiy 1267 — 1338) — mashhur shofi’iy faqih, tilshunos, qozi, xatib va arab balogʻati olimi. Ayniqsa, balogʻat (arab notiqligi va uslubshunosligi) ilmini takomillashtirgani va ommalashtirgani bilan mashhur boʻlib, bu borada „Talxis al-Miftah“ va „Al-Izoh fi ulum al-balogʻa“ asarlari alohida ahamiyat kasb etgan. Uning asarlari oʻrta asrlarning oxirgi davridan boshlab islom olamida balogʻat taʼlimining asosiy qoʻllanmalariga aylangan va arab fasohati tarixidagi eng nufuzli olimlardan biri sifatida eʼtirof etilgan.

Hayoti Jaloliddin al-Qazviniy hijriy 666-yilda (taxminan milodiy 1267-yil) ehtimol Mosulda tugʻilgan boʻlishi mumkin. Oilasi aslida Eronning Qazvin shahridan boʻlgani uchun unga „al-Qazviniy“ nisbasi berilgan. Abbosiylar xalifaligidan keyingi davrda yaʼni islom olamida ilmiy muassasalar keng rivojlangan zamonda yashagan. Otasi va ukasi bilan birga Rum sultonligi hududlarida istiqomat qilgan va shu yerda fiqh ilmini oʻrgangan. 20 yoshga ham toʻlmasidan Rumda qozi lavozimiga tayinlangan.

Keyinchalik Damashqqa safar qilib, u yerdagi bir qator ulamolardan taʼlim olgan. Turli fanlarni oʻrganib, usul al-fiqh, arab tili, maoniy va bayon ilmlarida yetuk darajaga erishgan. Al-Qazviniy shofi’iy mazhabiga mansub boʻlib, bir nechta ilmiy va davlat lavozimlarida faoliyat yuritgan. Badariyya madrasasida mudarrislik qilgan. Ukasi Damashq qozisi etib tayinlangach, uning oʻrinbosari lavozimida xizmat qilgan. Shuningdek, Najmiddin ibn Sasro nomidan ham qozilik vazifalarini bajargan. Soʻngra sulton an-Nosir Muhammad uni huzuriga chaqirib, hijriy 724-yilda (milodiy 1324) Shom hududining qozisi etib tayinlagan. Bundan tashqari, Umaviylar masjidining xatibi lavozimini ham egallagan.

Jaloliddin an-Nosir Muhammad bilan uchrashish uchun kelib, juma kuni tasodifan Damashqqa yetib kelganidan bir soat oʻtmay, sultonning huzuriga kirgan. Sulton unga Qal’a masjidida juma xutbasini oʻqishni buyurgach, bu vazifani ado etgan. Xutbani tugatgach, sultonning qoʻlini oʻpib uzr soʻragan hamda endigina safardan kelganini va sultonning unga xutba oʻqishni buyurishini kutmaganini aytgan. Sulton minnatdorchilik bildirib, qancha qarzi borligini soʻragan. Jaloliddin: „Oʻttiz ming dirham“, — deb javob bergan. Shunda sulton uning barcha qarzlarini toʻlashni buyurgan. Al-Qazviniy hijriy 727-yilgacha (milodiy 1327) Shomning bosh qozisi lavozimida qolgan. Oʻsha yili Badriddin ibn Jamoa betob boʻlgach, Jaloliddin chaqirtirilib, Misrning Bosh qozisi etib tayinlangan. Bir muddat shu lavozimda ishlaganidan keyin vazifasidan olinib, yana Shomning bosh qozisi etib tayinlangan. Sulton uning iltimos va shafoatlarining birortasini ham rad etmagan. Mashhur shogirdlari orasida Sirojiddin al-Bulqiniy, Safadiy va Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Oqil bor edi. Al-Qazviniy hijriy 739-yilda (milodiy 1338) Damashqda vafot etgan.

Merosi Jaloliddin al-Qazviniy mumtoz davrdan keyingi bosqichda balogʻat (ilm al-balogʻa) ilmini tizimlashtirishda eng kuchli shaxslardan biri hisoblanadi. Jurjoniy (hijriy 471/milodiy 1078-yilda vafot etgan) yaratgan nazariy asoslar hamda Yusuf Sakkokiy (vaf. 626/1229) boshlab bergan tizimlashtirish ishlariga tayangan holda balogʻat ilmini yanada takomillashtirish va tartibga solishda markaziy oʻrin tutgan. Al-Qazviniy ushbu ilmni oʻqitish uchun qulay, ixcham va aniq tuzilishga keltirgan. Natijada, uning asarlari asrlar davomida islom olamidagi balogʻat taʼlimining shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Ikki asosiy asari „Talxis al-Miftoh“ va „Al-izoh fi ulum al-Balogʻa“ islom olamidagi madrasalarda asosiy darsliklarga aylangan. „Talxis al-miftoh“ asari Yusuf Sakkokiyning „Miftoh al-ulum“ kitobidagi balogʻatga oid boʻlimlarning qisqacha bayoni boʻlib, balogʻatning uch asosiy yoʻnalishiga eʼtibor qaratadi. Ular maoniy (maʼno va gap tuzilishi ilmi), bayon (majoziy ifoda va ravshanlik ilmi) hamda badiiy (uslubiy bezaklar ilmi). Asarning ravonligi va ixchamligi uni balogʻat ilmini oʻrganishdagi asosiy qoʻllanmalardan biriga aylantirgan. Al-izoh esa yuqoridagi asarning batafsilroq sharhi sifatida xizmat qilib, ilgʻor talabalar uchun qoʻshimcha izohlar va misollarni oʻz ichiga olgan.

Al-Qazviniyning asarlari keyingi olimlar tomonidan keng sharhlangan. Ularning eng mashhurlaridan biri at-Taftazoniy (vaf. 792/1390) boʻlib, uning „Talxis al-Miftah“ga yozgan „al-Mutavval“ nomli sharhi mustaqil ravishda ham asosiy darsliklardan biriga aylangan.

Qazviniy ushbu hissalari orqali balogʻat ilmini arab tili grammatikasi va adabiy tanqiddan ajralib turuvchi mustaqil fan sifatida shakllantirishga katta hissa qoʻshgan. Ilmiy merosi bugungi kunda ham anʼanaviy islomiy taʼlim dasturlarida va arab fasohati hamda balogʻatini oʻrganishda muhim oʻrin tutadi.

Manbalar

Turkum:Ashʼariylar Turkum:Shofiʼiylar Turkum:Sunniylik ulamolari Turkum:1267-yilda tugʻilganlar Turkum:1338-yilda vafot etganlar Turkum:14-asr huquqshunoslari Turkum:Eronlik tilshunoslar