Wild Thorns (arabcha: الصبار, romanizatsiyasi: as-Subbar, soʻzma-soʻz tarjimasi: Kaktus) — falastinlik yozuvchi Sahar Xalifa qalamiga mansub roman. Asar ilk bor 1976-yilda Galileo Limited nashriyoti tomonidan arab tilida chop etilgan. 1985-yilda esa Interlink International Books nashriyoti uni ingliz tiliga tarjima qilib nashr etgan. Romanda 1972-yilda Isroil istilosi ostida boʻlgan Nablus shahridagi falastinliklarning hayoti, bosqin davrida butunlay boshqacha hayotiy tajribalarni boshdan kechirgan amakivachchalarning taqdiri misolida tasvirlanadi. Asarning arabcha nomi „tikanli nok“ degan maʼnoni anglatadi va sirtidan qoʻpol hamda xavfli boʻlib koʻringan narsaning markazidagi shirinlikka ishora qiladi.
Qisqacha mazmuni Roman Usamaning Fors koʻrfazi davlatlaridan Allenbi koʻprigi orqali Nablusga qaytish bilan boshlanadi. U yerda Isroil mudofaa kuchlari uni bir necha bor soʻroqqa tutadi. Biroq biz asar davomida Usamaning Falastindan tashqarida boʻlgan vaqtida qarshilik koʻrsatish harakati aʼzosiga aylangani va falastinlik ishchilarni Gʻarbiy Sohildan Isroilga tashiydigan „Egged“ avtobuslarini portlatish boʻyicha maxfiy topshiriqni bajarish uchun qaytib kelganini bilib olamiz. Nablusga kelgach, u amakivachchasi Odil bilan uchrashadi. Usamaning nazarida Odil Isroilning Gʻarbiy Sohilni bosib olganiga koʻnikib, buni jimgina qabul qilgandek tuyuladi. Keyinchalik Usama Odilning iqtisodiy qiyinchilikka deyarli dosh berolmayotgan oilasini boqish uchun oʻzlariga tegishli fermani tashlab, Isroil zavodlarida ishlayotganini bilib qoladi va bundan qattiq gʻazablanadi. Chunki Usama Isroilda ishlayotgan falastnliklarni oʻzligiga xiyonat qilmoqda deb hisoblaydi va oʻzi portlatishi kerak boʻlgan avtobuslarda Odil ham boʻlishi mumkinligidan xavotirga tushadi. Shu tariqa, ikki amakivachcha oʻrtasida bosqinni oddiy hol sifatida qabul qilish va kurashni haddan tashqari romantiklashtirish mavzularida muttasil bahs va munozaralar boshlanadi. Usama Odilni qarshilik harakatiga qoʻshilishga koʻndirishga urinadi, Odil esa Usamaga oilani boqish va uning masʼuliyatini yelkada koʻtarish kabi hayotiy haqiqatlarni hamda Gʻarbiy Sohildagi ogʻir sharoitda buni uddalash qanchalik qiyinligini tushuntirishga harakat qiladi.
Shu bilan birga, Odilning ukasi Bosil litseyning oxirgi kursida oʻqiydi va doʻstlari bilan tez-tez siyosiy mavzularda bahslashadi. Usama bu suhbatlarni tasodifan eshitib qoladi va ularning baʼzilarida oʻzi ham qatnashib, ushbu yosh avlod Falastinga ozodlik olib kelishiga umid bogʻlay boshlaydi. Biroq oradan bir necha kun oʻtgach, Isroil harbiylari Nablusda falastinlik oilaning uyi buzib tashlanishiga javoban siyosiy shiorlar aytib norozilik bildirgani uchun Bosilni hibsga olishadi. Qamoqda boʻlganida Bosil boshqa mahbuslardan oʻziga xos siyosiy tarbiya oladi va ozodlikka chiqishi bilan qarshilik harakatiga qoʻshilishni rejalashtiradi.
Bosil oilaviy hovlidagi maxfiy yertoʻlaga Usama oʻz missiyasi uchun ishlatishni rejalashtirgan qurollarni yashirib qoʻyadi. Usama oʻz vazifasini ijro etishga kirishib, Isroil askarlariga qarata oʻt ochganida, avtobusdagi boshqa falastinliklar ham unga qoʻshilishadi. Biroq na Usama va na unga ergashganlarning hech biri ushbu hujumdan omon qolmaydi. Baxtli tasodif tufayli Odil oʻsha kuni avtobusda boʻlmaydi, chunki u butun kunini doʻsti Abu Sobirga advokat topishda yordam berish bilan oʻtkazgan edi.
Isroil harbiylari hujumda qoʻllanilgan qurollarni aynan Bosil yashirganidan xabar topishadi va roman Isroil askarlari tomonidan ushbu oilaning ota-bobolaridan qolgan xonadonini yer bilan yakson qilishi sahnasi bilan yakunlanadi.
Manbalar
Turkum:1976-yilgi romanlar Turkum:Falastin romanlari Turkum:Falastinliklar haqidagi kitoblar