100 metrga yugurish — yengil atletika musobaqalaridagi sprint poygasi. Yugurish boʻyicha eng qisqa va keng tarqalgan masofa hisoblangan 100 metrga (109,36 yard) yugurish yengil atletika sportidagi eng ommabop va nufuzli tadbirlardan biridir. Ushbu musobaqa Yozgi Olimpiada oʻyinlarida erkaklar uchun 1896-yildan, ayollar uchun esa 1928-yildan buyon oʻtkazib kelinmoqda. Yugurishning ushbu yoʻnalishida ilk bor Jahon chempionati 1983-yilda tashkil etilgan.
Ochiq havoda oʻtkaziladigan 400 metrlik yugurish yoʻlkasida, 100 metrga yugurish marra toʻgʻri chizigʻida oʻtkaziladi, bunda start odatda poygani toʻgʻri chiziqli qilish uchun yoʻlning kengaytirilgan qismida belgilanadi. Poygadan oldin va uning boshlanishida yuguruvchilarga ketma-ket uchta koʻrsatma beriladi: „start chizigʻiga“, „diqqat“ va start toʻpponchasidan oʻq uzilishi. Yuguruvchilar „start chizigʻiga“ buyrugʻini eshitganda start bloklariga oʻtadilar. Undan keyingi „diqqat“ holatini egallash buyrugʻi ularga yanada samaraliroq start holatiga oʻtish hamda mushaklarini izometrik tarzda oldindan yuklash imkonini beradi: bu ularga tezroq start olishga yordam beradi. Soʻngra poyga hakami poyga boshlanganidan dalolat beruvchi start toʻpponchasini otadi va sprinterlar bloklardan oldinga qarab ildam qadam tashlaydilar. Sprinterlar odatda 50 va 60 metrlar oraligʻida eng yuqori tezlikka erishadilar. Keyin esa ularning tezligi marra chizigʻi sari pasayadi.
10 soniyalik marrani bosib oʻtish tarixan erkak yuguruvchilarning tezlik koʻrsatkichi boʻlib kelgan boʻlsa, eng yaxshi ayol sprinterlar poygani yakunlash uchun oʻn bir soniya yoki undan kam vaqt sarflashadi. Erkaklar oʻrtasidagi jahon rekordi 9,58 soniyani tashkil etadi, uni 2009-yilda yamaykalik Usain Bolt oʻrnatgan, ayollar oʻrtasidagi jahon rekordi esa 10,49 soniya boʻlib, uni 1988-yilda amerikalik Florence Griffith Joyner oʻrnatgan.
100 metrga yugurish Olimpiada oʻyinlarining eng nufuzli musobaqalaridan biri hisoblanadi va oʻyinlardagi eng yuqori darajadagi bellashuvlar qatoriga kiradi. Bu elita darajasidagi eng nufuzli 100 metrga yugurish poygasi boʻlib, Olimpiadadagi eng qisqa sprint musobaqasidir. Ushbu maqomni u 1900 va 1904-yillar oraligʻidagi qisqa davrdan tashqari (u vaqtda erkaklar oʻrtasida 60 metrga yugurish oʻtkazilgan) har bir oʻyinda saqlab qolgan. Norasmiy „dunyodagi eng tezkor erkak yoki ayol“ unvoni odatda Olimpiada yoki jahonning 100 metrga yugurish boʻyicha chempioniga beriladi. 200 metrga yugurish vaqti deyarli har doim 100 metrga yugurish vaqtiga qaraganda „tezroq“ oʻrtacha tezlikni beradi, chunki startdagi dastlabki sekin tezlik uzoqroq masofaga taqsimlanadi. Erkaklar oʻrtasidagi amaldagi Olimpiada chempioni — Noah Lyles, amaldagi jahon chempioni esa — Oblique Seville. Ayollar oʻrtasidagi amaldagi Olimpiada chempioni — Julien Alfred, jahon chempioni esa — Melissa Jefferson-Wooden.
Start Boshlanishida baʼzi sportchilar start bloklariga oxirgi boʻlib borishga harakat qilish kabi psixologik oʻyinlarni oʻynaydilar.
Yuqori darajadagi musobaqalarda toʻpponcha ovozi va start blokiga berilgan birinchi zarba orasidagi vaqt toʻpponcha va bloklar ichiga oʻrnatilgan sensorlar orqali elektron tarzda oʻlchanadi. 0,100 soniyadan kam boʻlgan reaksiya vaqti falstart hisoblanadi. Ushbu vaqt oraligʻi start toʻpponchasining ovozi yuguruvchilarning qulogʻiga yetib borishi uchun ketadigan vaqt va ularning bunga reaksiya koʻrsatishi uchun ketadigan vaqt yigʻindisini oʻz ichiga oladi.
Koʻp yillar davomida, agar sprinter shaxsan ikkita notoʻgʻri startga yoʻl qoʻysa, diskvalifikatsiya qilinar edi. Biroq, bu qoida baʼzi muhim poygalarni shunchalik koʻp marta qaytadan boshlashga imkon berdiki, natijada sprinterlar diqqatni yoʻqota boshladilar. 2003-yil fevral oyida joriy etilgan qoidaning keyingi tahririga koʻra, ishtirokchilar orasida bitta notoʻgʻri startga ruxsat berilar edi, ammo undan keyingi notoʻgʻri start uchun javobgar boʻlgan har qanday sportchi diskvalifikatsiya qilinardi.
Yana qarang 100 yardga yugurish
Manbalar
Havolalar
IAAF list of 100-metres records in XML All-time men's 100 m list All-time women's 100 m list Olympics 100 m – Men Olympics 100 m – Women
Turkum:100 metrga yugurish