Gripp C virusi () — Orthomyxoviridae viruslar oilasiga mansub Gammainfluenzavirus turkumidagi yagona tur boʻlib, boshqa gripp viruslari kabi gripp kasalligini keltirib chiqaradi.
Gripp C viruslari odamlar va choʻchqalarni zararlashi maʼlum.
Gripp C virusi Gripp viruslari Orthomyxoviridae oilasiga mansub boʻladi. A, B, C va D viruslari grippning toʻrtta antigen turini tashkil etadi. Bu toʻrt antigen turdan gripp A virusi eng ogʻiri hisoblanadi. Gripp B virusi yengilroq kechsa-da, epidemiyalarga sabab boʻlishi mumkin. Gripp C virusi esa odatda faqat yengil alomatlar bilan namoyon boʻladi.
Gripp D virusi oʻzining aminokislotalar tarkibiga koʻra gripp C virusiga 50% oʻxshaydi va bu koʻrsatkich A va B turlari orasidagi farqlanish darajasiga tengdir. Shu bilan birga, C va D turlarining A va B turlaridan farqlanish darajasi ancha yuqori. Taxminlarga koʻra, C va D gripp viruslari umumiy ajdoddan 1500 yildan koʻproq vaqt avval, yaʼni milodiy 482-yilda ajralib chiqqan. A va B gripp viruslari esa yagona ajdoddan taxminan 4000 yil oldin, A va B gripp viruslarining ajdodi hamda gripp C virusining ajdodi umumiy ajdoddan taxminan 8000 yil oldin ajralgan deb hisoblanadi.
Grippi A virusi turli hayvonlar va odamlarni zararlashi mumkin, uning asosiy tabiiy rezervuari (tabiiy tashuvchisi) qushlardir. C grippi esa odamlar bilan birga itlar va choʻchqalarga ham yuqadi. D grippi hozircha faqat choʻchqa va qoramollarda aniqlangan. Grippi C virusini ajratib olish oson emas, shuning uchun bu tur haqida maʼlumotlar kam, biroq tadqiqotlar uning butun dunyoda uchrashini koʻrsatadi. Hozirda grippi C virusining oltita nasli mavjud boʻlib, ular taxminan milodiy 1896-yilda paydo boʻlgan deb hisoblanadi. Shuningdek, metatranskriptomika tadqiqotlari bir nechta amfibiya va baliq turlarida C va D grippiga oʻxshash viruslarni aniqlagan. Bu esa suv tizimlarida bir-biridan farqlanuvchi C/D grippiga oʻxshash viruslarning tarqalish ehtimoli mavjudligini koʻrsatadi.
Ushbu virus sirtlarda qisqa vaqt davomida yashab qolish xususiyatiga ega boʻlgani uchun odamdan odamga nafas yoʻllari tomchilari yoki jonsiz jismlar orqali yuqishi mumkin. Gripp viruslarining inkubatsiya davri (patogen organizmga tushganidan boshlab kasallik belgilari namoyon boʻlguncha oʻtadigan vaqt) nisbatan qisqa, yaʼni 18–72 soatni tashkil etadi va ular nafas yoʻllarining epiteliya hujayralarini zararlaydi. C turidagi gripp virusi odatda yuqori nafas yoʻllarining yengil infeksiyalarini keltirib chiqaradi. Kasallik shamollashga oʻxshash alomatlar bilan kechadi, jumladan, isitma (38–40 °C), quruq yoʻtal, burun oqishi, bosh va mushaklardagi ogʻriqlar hamda lanjlik. Virus bronxit va pnevmoniya kabi jiddiyroq asoratlarga olib kelishi ham mumkin.
Odam biror infeksiyani yuqtirganidan soʻng, uning immun tizimi oʻsha infeksiya qoʻzgʻatuvchisiga qarshi antitanalar ishlab chiqaradi. Bu organizmning asosiy himoya manbaidir. Besh yoshdan oʻn yoshgacha boʻlgan bolalarning aksariyatida C gripp virusiga qarshi antitanalar allaqachon shakllangan boʻladi. Barcha gripp viruslari singari, C turi ham har qanday yoshdagi odamlarga taʼsir qiladi, biroq u yosh bolalar, keksalar va surunkali kasalliklari bor shaxslarda ogʻirroq kechadi. Yosh bolalar virus bilan kamroq toʻqnash kelgani sababli ularda hali antitanalar rivojlanmagan boʻladi, keksalarning esa immun tizimi samarasizroq ishlaydi. Gripp virusi infeksiyalari dunyoning koʻplab mamlakatlarida oldini olish mumkin boʻlgan oʻlim holatlarining eng asosiy sabablaridan biridir.
Manbalar
Adabiyotlar ICTVdB database for Influenza viruses
Havolalar
Influenza Research Database Database of influenza genomic sequences and related information. Viralzone: Influenza virus C
Turkum:Gripp Turkum:Orthomyxoviridae