Rizvon bayʼati () — Hudaybiya sulhi arafasida (hijriy 6-yil / milodiy 628-yil) sahobalar tomonidan islom paygʻambari Muhammadga berilgan bay’at. Daraxt ostida qilingan ushbu bay’at Usmon ibn Affonning oʻldirilgani haqidagi mish-mishlar sababli qasos olish maqsadida berilgan.
Asos Milodiy 628-yilning mart oyida (hijriy 6-yil) paygʻambar Muhammad Umra ziyoratini ado etish uchun 1400-1500 sahobalari bilan Makkaga yoʻl olgan. Quraysh qabilasi esa musulmonlarning shaharga kirishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Makka atrofiga oʻz qoʻshinini joylashtirgan. Garchi musulmonlar jang qilish niyatida boʻlmagan va bunga tayyorgarlik koʻrmagan boʻlsalar-da, Quraysh ularga jiddiy qarshilik koʻrsatishga qaror qilgan. Paygʻambar Muhammad Makka tashqarisidagi Hudaybiya hududida qarorgoh qurib, Quraysh rahbarlari bilan uchrashish va muzokara orqali musulmonlarning shaharga kirishiga ruxsat olish uchun Usmon ibn Affonni elchi sifatida yuborgan. Usmon Makkada kutilganidan uzoqroq qolib ketgan, bu esa uning qurayshliklar tomonidan oʻldirilgani haqidagi mish-mishlarning tarqalishiga sabab boʻlgan. Shu munosabat bilan paygʻambar Muhammad qariyb 1400 nafar sahobalarini toʻplab, ularni sadoqat bildirishga va zarurat tugʻilganda jang qilishga tayyor ekanliklarini bildirib, bay’at qilishga chaqirgan. Musulmonlar katta bir daraxtning tagida toʻplanib, oʻlimdan qoʻrqib orqaga chekinmaslikka qasamyod qilgan. Keyinchalik Rizvon daraxti deb atalgan bu daraxt kishilar tomonidan ilohiylashtira boshlangan. Biroq bu daraxt xalifa Umar davrida kesib tashlangan.
Oqibati
Musulmonlarning bay’ati haqidagi xabar mushriklarni vahimaga solgan. Ular musulmonlarni qurshovga olib, qoʻqqisdan hujum qilish uchun Mikraz ibn Xifs boshchiligida 50 kishini yuborgan. Biroq Muhammad ibn Maslama boshchiligidagi musulmonlar ularni jang-jadalsiz osonlik bilan qoʻlga tushirishga muvaffaq boʻlgan, lekin Mikrazning oʻzi qochib qutulgan. Buni eshitgan qurayshliklar yana bir guruh askarlarini musulmonlarga qarshi yuborgan, ammo ikki oʻrtada kechgan qisqa toʻqnashuvda 10 kishi asirga olingan va musulmonlar safidan 1 kishi shahid boʻlgan. Shundan soʻng oradan koʻp oʻtmay mushriklar Usmonni ozod qilgan. Keyinchalik musulmonlar bilan sulh tuzish maqsadida Suhayl ibn Amrni yuborishgan. Ular oʻrtasidagi bu kelishuv Hudaybiya sulhi deb atalgan.
Musulmonlar Hudaybiyadan Madinaga qaytishyotganda paygʻambar Muhammadga Fath surasi nozil boʻlgan.
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Muhammadning shartnomalari