Basuna masjidi (), shuningdek, Abu Stait masjidi deb ham nomlanadi, Misrning Sohag mintaqasi Basuna qishlogʻida joylashgan. 2019-yilda misrlik meʼmor Valid Arafa tomonidan loyihalashtirilgan. Asosan, Abdulfattoh as-Sisiyning diniy masalalar boʻyicha maslahatchisi, qishloq aholisi orasida hurmatga sazovor shaxs Shayx Usoma al-Azhariy tomonidan moliyalashtirilgan. Shuningdek, meʼmor ham masjid qurilishi uchun mablagʼ ajratgan. Masjidning umumiy maydoni ni tashkil qiladi. Masjid Misr anʼanaviy meʼmorchiligiga zamonaviy yondashuv asosida yaratilgan va 2021-yilda Al-Fozon mukofotiga sazovor boʻlgan.

Tarixi va joylashuvi 300 yil davomida Basuna masjidi Sohag muhofazasi Basuna qishlogʻidagi asosiy masjid boʻlgan. Ushbu masjid qishloq qabristoni yonida joylashgan boʻlib, marhumlarni dafn etish marosimlari oʻtkaziladigan yagona masjid edi. Bundan tashqari, koʻchalar tor boʻlgan va aholi zich joylashgan hududda joylashgan edi. Masjid oldida har hafta bozor tashkil etilganligi sababli bozor faoliyati natijasida yuzaga keladigan shovqin, ifloslik, yoqimsiz hid va boshqa noqulayliklarni ham hisobga olish zarur edi. Masjid qurilgan yer Abu Stait oilasiga tegishli boʻlgani sababli Abu Stait masjidi deb ham nomlangan.

Biroq toʻsatdan yuz bergan suv toshqini binoga jiddiy zarar yetkazgan va mahalla aholisining xavfsizligini taʼminlash maqsadida eski binoni buzish zarurati tugʻilgan. Yangi masjid qurilishi 2013-yilda boshlangan va 2019-yilda foydalanishga topshirilgan.

Meʼmorchiligi Masjid qurilishida anʼanaviy va zamonaviy meʼmorchilik unsurlarni uygʻunlashtirilgan. Masjid minora, gumbaz va mehrobgai ega. Biroq ular oʻziga xos va yangicha tarzda talqin qilingan.

Masjid meʼmorchiligida uning oʻziga xos sharoitiga mos keladigan unsurlarni mujassamlashtirish, shuningdek, tafakkur va ruhiy mushohada uchun qulay makon yaratish maqsad qilingan. Meʼmor mablagʻ va maydonning cheklanganligiga, gavjum mahalla sharoitida osoyishta maskan yaratishga, shuningdek, quruq va issiq iqlim sharoitiga eʼtibor qaratgan. Masjid qurilishi uchun yer maydoni cheklanganligi sababli qoʻshnilar masjid hududini kengaytirishga oʻz hissalarini qoʻshgan. Jumladan, masjidga tutash uyda yashovchi Al-Hoja Oyat Hasan masjidni kengaytirishga imkon berish maqsadida oʻz uyining bir xonasini hadya qilgan.

Tashqi qismi Kirish qismlari

Masjidda 4 ta kirish eshigi mavjud boʻlib, ulardan 2 tasi harakatlanishi cheklangan kishilar uchun moslashtirilgan.

Janubiy tomondagi kirish eshiklari erkaklar uchun moʻljallangan. Kirish qismidan oldin tashqi va ichki makon oʻrtasida oʻtish qismi vazifasini bajaruvchi kichik kvadrat maydon mavjud. Bu yerda tahorat olish uchun moʻljallangan joy ham bor. Ushbu kirish qismi shimoliy tomondagi kirish qismiga qaraganda nisbatan kamroq hashamatli qilib ishlangan.

Shimoliy kirish qismlaridan, asosan, ayollar yoki Abu Stait oilasiga mansub erkaklar va ayollar birgalikda foydalanadi. Bu kirish qismlari oldidan oʻrtacha kattalikdagi maydoncha joylashgan boʻlib, u yerda toʻy va shu kabi boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.

Asosiy gumbaz Masjidning asosiy gumbazi Misrda ishlab chiqarilib, qum, ohak va havo aralashmasidan hosil qilingan „hashma“ deb ataluvchi yengil bloklardan qurilgan. Gumbaz bir necha qator kub shaklidagi bloklardan ishlangan. Hunarmandchilik usulida tayyorlangan materiallardan foydalanilishiga sabab masjid qurilishi uchun ajratilgan mablagʻning cheklanganligi, shuningdek, mahalla va koʻchalarning torligi sababli katta qurilish maydonini tashkil etishning imkonsizligi boʻlgan.

Minora Minora burama kvadrat shaklida loyihalangan boʻlib, uning shakli suls xatida arab alifbosining birinchi harfi — alifni eslatadi. Ushbu xattotlik uslubi hijriy III asrda Abbosiylar xalifaligi vaziri Ibn Muqla tomonidan yaratilgan. Minoradagi burama shakl soat miliga teskari yoʻnalishda boʻlib, musulmonlarning haj vaqtida Kaʼba atrofida tavof qilish harakatini ifodalaydi. Shu tariqa u moʻminning dunyoviy hayotdan ilohiy haqiqat sari ruhiy safarini mujassam etadi. Biroq moliyaviy qiyinchiliklar sababli minoraning tepa qismi qurilishi hali yakuniga yetkazilmagan.

Ichki qismi Masjidning ichki qismi 3 qavatga boʼlingan: Yerosti qismida turli maqsadlarda foydalanish mumkin boʼlgan zal va tahorat olish xonasi joylashgan. Yer sathida namozxona va vestibyul mavjud. Birinchi qavat ayollar uchun ajratilgan.

Vestibyul

Janubiy kirish eshigidan kirgan namozxonlar avval vestibyulga, undan keyin namozxonaga oʼtadilar. Ushbu vestibyul kichik xona boʻlib, uning ustini markaziy gumbazdan kichikroq gumbaz yopib turadi. Mazkur gumbaz Kordova katta masjididagi mehrob ustida joylashgan gumbaz shakliga oʻxshash boʻlib, sakkiz qirrali yulduz naqshi bilan bezatilgan. Bunda meʼmor Qohiradagi Amerika universitetining yangi kampusi asosiy kirish eshigi ustida joylashgan gumbazdan ham ilhomlangan boʻlishi mumkin. Bunday bilvosita kirish qismi masjid osoyishtaligi va mahalladagi gavjum muhit oʻrtasida oʻtish makoni vazifasini bajaradi.

Namozxona va asosiy gumbaz Namozxona toʼgʼri toʻrtburchak shaklida boʻlib, 170 m² maydonni egallaydi. U yerda minora shaklida, marmardan ishlangan 4 ta ustun mavjud. Devorlar oq rangda bezatilgan, quyi qismi esa marmar bilan qoplangan.

Masjidning asosiy gumbazini yaratishda meʼmor Mamluk meʼmorchiligi uslubida yaratilgan gumbazlardagi toʻlqinsimon naqshlardan, jumladan, Sulton Faraj ibn Barquq majmuasidagi gumbazlardan ilhomlangan. Gumbazning ichki qismi kungaboqar shaklini eslatadi. Gumbazni qurishda yengil qurilish materialidan foydalanilgani konstruksiya ogʻirligini kamaytirib, tayanch devorlarni nisbatan yupqaroq qilish imkonini bergan va shu orqali qurilish xarajatlarini kamaytirgan.

Namozxonaning sharqiy devorida qabristonga qaragan bitta deraza mavjud. Namozxonlarni Basunaning quruq iqlimi va mahalladagi gavjum muhit taʼsiridan himoya qilish maqsadida tashqariga qarovchi deraza va boshqa ochiq qismlar soni kamaytirilgan.

Mehrob va minbar

Mehrob 99 ta kubdan tashkil topgan rombsimon shaklda ishlangan boʻlib, har bir kubga kufiy xatida Allohning 99 ismidan biri bitilgan. Kub shakli musulmonlar namoz vaqtida yuzlanadigan muqaddas maskan Makkadagi Kaʼbani eslatadi. Ushbu mehrob rassom Ahmad Mustafoning „The Cube of Cubes“ () nomli asaridan ilhomlanib ishlangan. Bu Allohning ismlari koʻpligini aks ettirish bilan birga, Uning yagonaligini ham ifodalaydi. Mehrob granit va alebastrdan ishlangan boʻlib, bu ikki material qadimgi Misr meʼmorchiligida ham qoʻllanilgan mahalliy materiallardir. Mehrobni oʻrab turgan devor qora marmardan ishlangan. Minbar mehrob bilan uygʻunlashtirilgan.

Koʻp maqsadli zal Masjid tarkibida maydoni 150 m² boʻlgan koʻp maqsadli yerosti zali mavjud. Ushbu makon juma namozlari va Ramazon oyi kabi muhim paytlarda namozxonlarni joylashtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu zaldan vaqtinchalik tibbiyot punktlari va taʼlim mashgʻulotlari kabi jamoat tadbirlarini oʻtkazishda ham foydalaniladi. Bunday koʻp maqsadli zalning yaratilishi masjidlarning dastlabki vazifasi faqat ibodat joyi boʻlish bilan cheklanmaganini, balki ular jamoat hayotining muhim markazlari sifatida ham xizmat qilganini koʻrsatadi.

Shu tariqa, masjid mahalla aholisi orasida oʻz hududiga daxldorlik tuygʻusini shakllantirishda muhim oʼrin tutadi. Masjid yigʻilishlar va turli jamoat tadbirlarini oʻtkazish markazi sifatida xizmat qilib, ijtimoiy birdamlikni shakllantiradi. Shu bilan birga, masjidning jamoat hayotidagi oʻrnini yanada mustahkamlaydi.

Ayollar namozxonasi

Basuna masjidi qishloqda ayollar uchun ham alohida joy ajratilgan birinchi masjid boʻlib, ularga jamoa boʼlib oʼqiladigan namozlarda qatnashish imkonini beradi. Ushbu qism balandroq qilib qurilgan boʼlib, masjidning qolgan qismidan bir nechta toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi tuynuklarga ega devor bilan ajratilgan. Tuynuklar ayollar tomonda kengroq, imom tomonda esa torroq qilib ishlangan. Bunday yechim namoz vaqtida imomning ovozi ayollar qismiga yaxshi yetib borishini, ayollar qismidagi tovushlar esa erkaklar qismida kamroq eshitilishini taʼminlaydi. Bunday meʼmoriy yechim tovushning tarqalishini nazorat qilish bilan birga ayollarning ibodat vaqtida jamoaviy tarzda ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratadi.

Yana qarang

Misrda islom Misrdagi masjidlar roʻyxati

Manbalar

Adabiyotlar

Havolalar

Turkum:Misrdagi 21-asr masjidlari Turkum:Misrdagi gumbazli masjidlar Turkum:Misrdagi minorali masjidlar Turkum:Savhoj muhofazasi