Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlari (shuningdek, Oʻrxun-Enasoy yodgorliklari yoki Oʻrxun-Enasoy obidalari; turkcha: Orhun-Yenisey yazıtları, inglizcha: Orkhon-Yenisei inscriptions) — qadimgi turk runik yozuvida, asosan toshga oʻyib bitilgan yozma yodgorliklar majmui. Ular hozirgi Moʻgʻulistondagi Oʻrxun daryosi vodiysida va Janubiy Sibirdagi Enasoy (Yenisey) daryosi havzasida topilgani uchun shunday nomlanadi. Bitiktosh deb ustiga matn oʻyib yozilgan toshga aytiladi.

Eng mashhur yodgorliklar Ikkinchi Turk xoqonligi davrida tiklangan Kultegin (732-yil) va Bilga xoqon (735-yil) bitiktoshlari hamda Toʻnyuquq bitiktoshidir. Oʻrxun bitiklari 1889-yilda topilgan va 1893-yilda daniyalik tilshunos Vilhelm Tomsen tomonidan oʻqilgan. Ular bizgacha yetib kelgan eng qadimgi turkiy yozma yodgorliklar qatoriga kiradi. Bitiklarda turklarning afsonaviy kelib chiqishi, xoqonlikning yuksalish davri, xitoyliklarga tobelik va Bilga xoqon davrida mustaqillikning tiklanishi epik uslubda hikoya qilinadi.

Tarixiy sharoit Turk xoqonligi VI asr oʻrtalarida tashkil topgan. VII asrda sharqiy turklar Xitoydagi Tan sulolasiga tobe boʻlib qolgan, 680-yillarda esa Qutlugʻ (taxt nomi — Eltarish xoqon) boshchiligida davlat qayta tiklangan. Fanda bu davlat Ikkinchi Turk xoqonligi (682–744) deb ataladi.

Bilga xoqon (683–734) 716–734-yillarda hukmronlik qilgan. Uning ukasi Kultegin (Kul tigin, 684–731) mashhur sarkarda va xoqonning yaqin maslahatchisi boʻlgan. Toʻnyuquq (taxminan 646 – taxminan 726) Eltarish, Qapagʻan va Bilga xoqonlarning bosh maslahatchisi boʻlgan.

Bitiktoshlar marhumlar xotirasini abadiylashtirish bilan birga, xoqonning turk beklari va xalqiga qaratilgan murojaatini ham oʻz ichiga olgan.

Asosiy yodgorliklar Oʻrxun guruhi Kultegin va Bilga xoqon bitiktoshlari Moʻgʻulistondagi Koʻshoʻ-Saydam vodiysida, bir-biridan qariyb bir kilometr masofada joylashgan. Oʻsha davr odatiga koʻra, ular marhumlar vafotidan taxminan bir yil (oʻn bir oy) oʻtib, mos ravishda 732 va 735-yillarda oʻrnatilgan. Bitiktoshlarda run yozuvidagi turkiy matn bilan birga xitoycha matn ham bor.

Toʻnyuquq bitiktoshi Ulan-Batordan 66 km janubi-sharqda, Tola daryosi vodiysidagi Bain-Sokto degan joyda joylashgan. Matn Toʻnyuquqning oʻz tilidan hikoya qilinadi. Bitikning yozilgan vaqti munozarali: P. Rykin va N. Telitsin uni 716–719-yillar oraligʻiga oid deb hisoblaydi.

Oʻrxun guruhiga, shuningdek, Ongin va Koʻli Choʻr bitiklari hamda Uygʻur xoqonligi (744–840) davriga oid Moʻyun-Choʻr va Taryat (Terxin) bitiklari ham kiritiladi.

Enasoy guruhi Enasoy daryosining yuqori oqimida, asosan hozirgi Xakasiya va Tuva hududida topilgan bitiklar Enasoy guruhini tashkil etadi. Ularning aksariyati marhum tilidan aytilgan qisqa qabr bitiklari — epitafiyalardir. Koʻpchilik tadqiqotchilar ularni qadimgi qirgʻizlar bilan bogʻlaydi; bitiklarning aniq sanasi esa haligacha munozarali.

Boshqa hududlar Shu yozuvdagi bitiklar Moʻgʻuliston va Sibirdan tashqari Sharqiy Turkistonda ham topilgan. Oʻzbekiston hududidan topilgan turk-run yozuvlariga turkolog N. Rahmonovning «Oʻzbekistonning koʻhna turk-run yozuvlari» asari bagʻishlangan.

Yozuvi Bitiklar fanda qadimgi turk runik yozuvi deb ataladigan alifboda bitilgan. Bu yozuvni V. Tomsen «turk runalari» deb atagan. Nom harflarning skandinav runalariga tashqi oʻxshashligidan kelib chiqqan, biroq ular oʻrtasida qarindoshlik yoʻq.

Matn odatda oʻngdan chapga yozilgan. Soʻzlar ikki nuqtaga oʻxshash ajratuvchi belgi bilan ajratiladi. Alifbodagi belgilar soni yodgorliklarga qarab bir oz farq qiladi. Koʻplab undosh tovushlar uchun ikki xil belgi — yoʻgʻon va ingichka unlilar bilan keladigan variantlar mavjud; bu turkiy tillardagi unlilar uygʻunligi (singarmonizm) bilan bogʻliq. Yozuvning kelib chiqishi haqida yakdil fikr yoʻq: koʻpchilik olimlar uni soʻgʻd yozuvi orqali oromiy yozuviga bogʻlaydi, boshqalar esa ayrim belgilarni turkiy urugʻ tamgʻalaridan kelib chiqqan deb hisoblaydi.

Muallifi Kultegin va Bilga xoqon bitiklarining muallifi Bilga xoqonning oʻgʻli Yoʻllugʻ tigin hisoblanadi (tigin qadimgi turkiy tilda «shahzoda» degani). Q. Sodiqovning yozishicha, Yoʻllugʻ tigin Kultegin bitigida otasi aytgan soʻzlarni matnga tushirgan. Uch yildan soʻng, Bilga xoqon vafot etgach, uning bitigini ham oʻzi yozgan va xoqonning avvalgi nutqini qayta ishlab, tahrir qilib va toʻldirib kiritgan. Jumladan, Kultegin kichik bitigining 1–11-qatorlari Bilga xoqon bitigining 1–8-qatorlarida takrorlanadi, ammo soʻzma-soʻz emas. Olim buni matn tahriri sanʼatining bizgacha yetib kelgan ilk namunasi deb baholaydi.

Topilishi va oʻqilishi 1721-yilda shved zobiti F. I. fon Stralenberg nemis olimi D. G. Messershmidtning Sibir ekspeditsiyasiga qoʻshilgan; ekspeditsiya Enasoy, Abakan va Krasnoyarsk boʻylab yurgan. Stralenberg 1730-yilda nashr etilgan kitobida Sibirdagi run yozuvli toshlarning tasvirlarini eʼlon qilgan.

Oʻrxun vodiysidagi Kultegin va Bilga xoqon yodgorliklarini 1889-yilda rus tadqiqotchisi N. M. Yadrinsev Koʻshoʻ-Saydam vodiysida topgan. Toshlardagi xitoycha matn ular Kultegin va Bilga xoqon sharafiga tiklanganini koʻrsatgan. Keyingi yillarda fin va rus ekspeditsiyalari yodgorliklarni oʻrganib, matnlarning nusxalarini nashr etgan.

Run yozuvini daniyalik tilshunos Vilhelm Tomsen 1893-yilda oʻqigan. Oʻrxun bitiklari alifbosi oʻqilgani 1893-yil 15-dekabrda eʼlon qilingan. Shundan soʻng V. V. Radlov «Die alttürkischen Inschriften der Mongolei» (1894–1899) nashrini chop etgan, Tomsenning toʻliq nashri esa 1896-yilda Helsinkida chiqqan. 1897-yilda Yelizaveta Klements Toʻnyuquq bitiktoshini topgan; uning toʻliq matnini 1898-yilda Radlov tarjima qilgan.

XX asrda bitiklarni S. Ye. Malov, S. G. Klyashtorniy, Talat Tekin va boshqa turkologlar nashr etgan va tadqiq qilgan.

Mazmuni va badiiy xususiyatlari Kultegin va Bilga xoqon bitiklarining katta qismi Bilga xoqon tilidan beriladi. Ularda xoqonning murojaati, epitafiya va tarixiy qism maʼlum izchillikda joylashgan. Matnlarda turklarning kelib chiqishi, xoqonlikning oltin davri, xitoyliklarga tobelik va Bilga xoqon davrida ozodlikka erishilgani hikoya qilinadi. Hikoya dunyoning yaratilishi haqidagi soʻzlar bilan boshlanadi: Üzä kök täŋri, asra yaγïz yär qïlïntuqda ikin ara kiši oγlï qïlïnmïš. «Tepada koʻk osmon, pastda qoʻngʻir yer yaratilganda, ikkisining oʻrtasida inson bolasi yaratilgan.»

Xoqon bitiklarni yozdirishdan maqsadini shunday bayon qiladi: Näŋ näŋ sabïm ärsär, bäŋgü tašqa urtum. «Nimaiki soʻzim boʻlsa, mangu toshga bitdim.»

Bitiklarda xalq birligi, davlatni saqlash, beklar va xalqning xoqonga sadoqati gʻoyalari ilgari suriladi. Xitoy (Tabgʻach) siyosatidan ogohlantiruvchi parchalar alohida oʻrin tutadi: Tabγač bodun sabï süčig, aγïsï yïmšaq ärmiš. «Tabgʻach xalqining soʻzi shirin, ipak matosi yumshoq ekan.»

Q. Sodiqovning fikricha, matn asosan nasrda bitilgan, ammo epitafiya va qahramonlar tavsifi kabi ayrim oʻrinlari sheʼriy boʻlib, shu jihatdan bitiklarning tuzilishi xalq dostonlariga oʻxshab ketadi. Olim bitiklar uslubini yuksak balogʻatli deb baholaydi va ularda xalq ogʻzaki ijodi taʼsiri kuchli ekanini qayd etadi. Matnlarda qarama-qarshi qoʻyish, takror va oʻxshatish keng qoʻllangan. Masalan, Kultegin bitigidagi qanïŋ subča yügürti («qoning suvday oqdi») ifodasi Bilga xoqon bitigida qanïŋ ögüzčä yügürti («qoning daryoday oqdi») tarzida kuchaytirilgan.

Bitiklarning janri haqida turli qarashlar bor: ular tarixiy hujjat, tarixiy-qahramonlik dostoni yoki marsiya va notiqlik nasri unsurlari uygʻunlashgan asar sifatida talqin qilinadi. Turkolog N. Rahmonov bitiklar bilan turkiy eposlar oʻrtasidagi munosabatni maxsus tadqiq qilgan.

Matnning ayrim oʻrinlari turlicha oʻqiladi. Masalan, Kultegin bitigining boshlanishidagi täŋridä bolmïš («Tangridan boʻlgan») birikmasini Q. Sodiqov täŋridä bulmïš («Tangridan [inoyat] topgan») deb oʻqishni taklif qiladi.

Toʻnyuquq bitigida hikoya Toʻnyuquqning oʻz tilidan olib boriladi. P. Rykin va N. Telitsinning fikricha, u Toʻnyuquq saroydan chetlatilgan davrda yozilgan va uning xizmatlarini koʻrsatuvchi oʻziga xos oqlov hujjati hisoblanadi. Bu bitikda Tangri, Umay va muqaddas Yer-Sub (ïduq yer sub) ham tilga olinadi.

Tili Oʻrxun-Enasoy bitiklari qadimgi turkiy tilning eng muhim manbalaridan biridir. Britannica qomusining qayd etishicha, bitiklarning silliq uslubi turkiy tilning bundan ancha oldin rivojlanganidan dalolat beradi. Bitiklardagi koʻplab soʻzlar hozirgi turkiy tillarda, jumladan oʻzbek tilida ham saqlangan: täŋri — tangri, kök — koʻk, yer — yer, sub — suv, taš — tosh, bil- — bilmoq. Ayrim soʻzlar esa isteʼmoldan chiqqan: masalan, «soʻz, buyruq» maʼnosidagi sab soʻzi oʻrnini keyinchalik söz egallagan.

Oʻzbekistonda oʻrganilishi Oʻzbek tilida bitiklar namunalari Abdurauf Fitratning «Eng eski turk adabiyoti namunalari» (1927) toʻplamida berilgan. Turkolog Nasimxon Rahmonov (1952–2025) turk-run yozuvidagi matnlarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. U 1984-yilda «Kultegin yodnomasi (VIII asr) poetikasi» mavzusida nomzodlik, 1991-yilda «Oʻrxun-Enasoy yozma yodgorliklari va turkiy eposlar munosabati» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Uning «Toshga bitilgan kitoblar» (1983), «Bitiklar olamida» (1990), «Turk xoqonligi» (1993) kabi asarlari bor. Qosimjon Sodiqov Kultegin va Bilga xoqon bitiklari matnining oʻqilishi va talqini boʻyicha tadqiqotlar olib borgan.

Merosi Kultegin va Bilga xoqon yodgorliklari joylashgan Koʻshoʻ-Saydam majmuasi 2004-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan «Oʻrxun vodiysi madaniy landshafti» (121 967 gektar) tarkibiga kiradi.

2025-yil 3-noyabrda Samarqandda boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida har yili 15-dekabr Butunjahon turkiy tillar oilasi kuni sifatida nishonlanishi eʼlon qilindi. Bu sana Oʻrxun bitiklari alifbosi oʻqilgani maʼlum qilingan 1893-yil 15-dekabrga bogʻlangan.

Yana qarang Oʻrxun-Enasoy obidalari Toʻnyuquq bitiktoshi Ko‘li-cho‘r bitiktoshi Ikkinchi Turk xoqonligi

Izohlar

Adabiyotlar

Turkum:Arxeologiya Turkum:Osiyo tarixi Turkum:Moʻgʻuliston tarixi Turkum:Oʻzbekiston adabiyoti Turkum:VIII asr