Para — Braziliyaning shim. qismidagi shtat. Maydoni 1253 ming km². Aholisi 6,1 mln. kishi (2000), asosan, metislar (mahalliy nomi — kaboklu). Maʼmuriy markazi — Belen shahri, boshqa yirik shahri — Santaren. Shtat sharqiy Amazoniyada joylashgan, shim. va jan.dan Gviana tizmalari va Braziliya yassitogʻligi oʻrab turadi. Iqlimi ekvatorial, nam va issiq iqlim. Oʻrtacha oylik temperatura 26—28°. Yillik yogʻin 1500–2500 mm. Asosiy daryolari: Amazonka va uning irmoqlari. Nam ekvatorial oʻrmonlar, shimolida savan-nalar bor.

Para — mamlakatning yirik, birok, aholisi siyrak shtatlaridan. Iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari — oʻrmonchilik va qishloq xoʻjaligi Oʻrmondan brazil yongʻogʻi, kauchuk yigʻiladi, yogʻoch tayyorlanadi. Amazonka havzasida dehqonchilik rivojlangan. Asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlari: jut, sholi, maniok, shakarqamish, kakao, banan, ananas, paxta, tamaki. Chorvachilikda qoramol boqiladi. Sohillarda baliq ovlanadi. Sanoati oʻrmon va qishloq xoʻjaligi xom ashyolarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Kon sanoati rivojlangan. Temir va marganets rudalari, oltin, olmos, togʻ xrustali, boksit konlari topilgan."" OʻzME. P-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar