Kot-dʼIvuar Respublikasi () yoki Fil Suyagi Qirgʻogʻi — Gʻarbiy Afrikada, Atlantika okeani sohilida joylashgan davlat. Maydoni — 322,5 ming km². Aholisi - 26 378 274 kishi (2020). Poytaxti — Yamusukro shahri. Maʼmuriy jihatdan 19 ta viloyatdan, viloyatlar oʻz oʻrnida 81 departamentdan iborat.

Davlat tuzumi Kot-dʼIvuar — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 2000-yil 23-iyuldagi referendumda maʼqullangan. Davlat boshligʻi — prezident (2011-yildan Alassan Uattara). U toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi va yana bir marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Millat majlisi (bir palatali parlament) amalga oshiradi. Uning 225 deputatlari umumiy toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi.

Viloyatlar Boʻlinishi Markazi Maydoni (kv.km) Aholisi (2010) Aholi zichligi Agnebi Agbovil 9 234 743 559 80 52 Bafing Tuba 8 922 205 339 23,01 Ba-Sassandra San-Pedro 26 440 2 037 628 77,07 Dengele Odiyenne 20 997 316 571 15,08 Montan Man 16 782  1 334 387 79,51 Fromaje Ganoa 6 903 772 368 111,89 O-Sassandra Daloa 15 242 1 535 137 100,72 Lak Yamusukro 8 875 677 812 76,37 Lagyun Abidjan 13 323 5 336 658 400,56 Maraue Buafle 8 698  791 689 91,02 Muayen-Kavelli Giglo 14 268 737 699 51,70 Muayen-Komoe Abenguru 6 921 561 853 81,18 Nzi-Komoe Dimbokro 19 242  895 405 46,53 Savan Korogo 40 210  1 319 240 32,81 Syud-Bandama Divo 10 677 972 144 91,05 Syud-Komoe Adiake 7 252 656 150 90,48 Valle-Dyu-Bandama Buake 28 518  1 538 484 53,95 Vorodugu Segela 22 166  536 012 24,18 Zanzan Bonduku 38 251 999 586 26,13

Tabiati Kot-dʼIvuar ekvatorial va subekvatorial mintaqalarda joylashgan. Gvineya qoʻltigʻining sohili gʻarbda tik va qoyali, sharqda asosan tekis, koʻrfazlarida kema qatnashi mumkin. Yer yuzasi janubida pasttekislik, shimolida plato (500–800 m). Gʻarbida esa mamlakatda eng yuqori choʻqqi hisoblangan Nima togʻi (1752 m) bor. Oltin, boksit, neft, temir rudasi, qalay va kolumbit, olmos va marganets ruda konlari bor.

Iqlimi Iqlimi — janubida ekvatorial, doim sernam, qolgan hududlarda subekvatorial iqlim, janubida eng issiq oylar (dekabr—aprel)da oʻrtacha temperatura 27—28°, eng salqin oylar (iyul—sentabr)da 23—24°, shimolida 30° (aprel) va 25° (avgust— sentabr). Yillik yogʻin sohildagi pasttekisliklarda 1300–2300 mm, shimolida 1100– 1800 mm. Asosiy daryolari: Kavalli, Sasandra, Bandama, Komoe. Hayvonot dunyosi juda boy va xilma-xil (maymun, fil, begemot, qoplon, sirtlon, boʻri, chiyaboʻri, oxu va boshqalar) Janubida ekvatorial oʻrmonlar, shimolida savannalar. Milliy bogʻlari: Komoe, Tai, Maraxue va boshqa

Aholisi Aholisi asosan, kva, kru, volta, mande til guruhiga mansub bate, baule, anvi, sindfo, malinke, dan, lobi va boshqa 2 mln.dan ortiq ajnabiylar bor. Aholisining yarmidan koʻprogʻi mahalliy anʼanaviy dinlarga, qolganlari islom va xristian dinlariga eʼtikrd qiladi. Rasmiy til — fransuz tili. Mamlakatning markaziy qismi, Abidjan shahri va uning atroflarida aholi zich joylashgan. Aholisining taxminan 41% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Abidjan, Bvake, Dalola, Man, Korxogo.

Tarixi Arxeologiya topilmalarining dalolat berishicha, Kot-dʼIvuar hududida tosh asrida odamlar yashagan. Daryo sohillarida neolit davriga oid ustaxonalar, ish qurollari va sopol idishlar topilgan. taxminan miloddan avvalgi 3—2-ming yilliklarda savannada, keyinroq oʻrmon zonasida ham dehqonchilik vujudga kela boshlagan. Shimolida dehqonchilik bilan birga chorvachilik ham rivojlangan. Yovvoyi mevalarni yigʻish, ovchilik, baliq ovlash katta ahamiyatga ega boʻlgan. Oʻrta ayerdarda temirchilik keng ommalashgan (temir eritish oʻchoqlari topilgan), oltin qazib olingan (avvaliga bu oʻlka Oltin qirgʻoq deb atalgan), metallsozlik, kulolchilik, toʻqimachilik va boshqa rivojlangan. Shimoliy va sharqdan oʻtuvchi Gʻarbiy Afrika savdo yoʻllarida shaharlar, manzilgohlar paydo boʻlgan. XI asrda asos solingan Kong manzilgohi Gʻarbiy Afrikaning karvon yoʻllarida yirik savdo markazlaridan biriga aylangan.

XV asr oxirida Kot-dʼIvuar hududida portugallar va boshqa yevropaliklar paydo boʻddi. Ular qul olib ketishdan tashqari, fil suyagi va boshqa boyliklarni taladilar. 1842—43 yillarda Fransiya Gran-Basam va Asinini, keyinchalik sohildagi boshqa joylarni bosib oldi. XIX asrning 80-yillarida mamlakat ichkarisiga bostirib kira boshladi. 1893-yildan Kot-dʼIvuar Fransiya mustamlakasi. 1895—1958-yillarda esa Fransiya Gʻarbiy Afrikasi tarkibida boʻldi.

Ikkinchi jahon urushidan soʻng mamlakatda milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1950—51 yillarda mustamlakachilar zulmiga qarshi xalq ommasining yirik chiqishlari boʻlib oʻtdi. Ozodlik harakati natijasida Fransiya hukumati yon berishga majbur boʻldi. 1957-yildan mamlakat hududiy assambleyasi (1958-yildan Qonun chiqaruvchi assambleya) umumiy saylov yoʻli bilan saylanadigan va Hukumat kengashini tuzadigan boʻldi. 1958-yil 28-sentabrda oʻtkazilgan referendumga koʻra, davlat maqomini (Fransiya hamjamiyati aʼzosi sifatida) olishga muvaffaq boʻldi.

Afrika mamlakatlarida milliy ozodlik harakatlarining yanada avj olishi natijasida Fransiya hukumati 1960-yil 11-iyulda mahalliy hukumat bilan bitim tuzishga majbur boʻldi; bu bitimga koʻra, 1960-yil 7-avgustda Kot-dʼIvuarning mustaqilligi eʼlon qilindi. Oʻsha yili sentabrdan u — BMT aʼzosi. Mamlakat mustaqillikka erishgach, Fransiya hamjamiyati aʼzoligidan chiqdi. Lekin hukumat Fransiya bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy aloqalarini saqlab qoldi. 1985-yilda qabul qilingan qarorga muvofiq, Kot-dʼIvuar geografik atama emas, balki mamlakatning nomi ekanligi va chet tillarga tarjima qilinmasligi taʼkidlandi. 1983-yilda mamlakat poytaxtini Abidjandan Yamusukroga koʻchirishga qaror qilindi. Milliy bayrami — 7-avgust — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1960).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari Kot-dʼIvuar demokratik partiyasi, 1946-yilda tuzilgan; Ivuar mehnatkashlar partiyasi, 1990-yildan oshqora ishlay boshlagan; Ivuar xalq jabhasi, 1982-yilda tuzilgan, 1990-yildan oshqora ishlay boshlagan; Respublikachilar birlashmasi, 1994-yil tashkil etilgan; Sotsial-demokratlar ittifoqi, 1990-yildan oshqora ishlay boshlagan. Kot-dʼIvuar mehnatkashlar umumiy ittifoqi kasaba uyushmasi, 1962-yilda tuzilgan. Afrika kasaba uyushma birligi tashkilotiga va Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.

Iqtisodiyoti Kot-dʼIvuar — agrar mamlakat. Sanoati nisbatan durust rivojlangan, Gʻarbiy Afrika mamlakatlari oʻrtasida ayrim sanoat tarmoqlari (yogʻoch tayyorlash, yogʻochsozlik, oziq-ovqat sanoati)ning ishlab chiqarish darajasi ancha yuqori.

Qishloq xoʻjaligi Qishloq xoʻjaligida yerdan jamoa boʻlib foydalanish saqlanib qolgan. Qishloq xoʻjaligi yalpi milliy mahsulotning 35,7% ni, eksport tushumlarining 70% dan koʻprogʻini taʼminlaydi. Mehnatga layoqatli aholining 30% qishloq xoʻjaligi da band. Agrotexnikasi oddiy. Dehqonchilik qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi: geveya, kofe, moyli palma, kakao, gʻoʻza, banan, ananas, sitrus mevalar oʻstiriladi. Kofe yetishtirish va eksport qilish boʻyicha jahonda 3-oʻrinda, kakao boʻyicha esa 4-oʻrinda turadi. Ichki isteʼmol uchun yams, maniok, sholi, makkajoʻxori, oq joʻxori, tariq va boshqa yetishtiriladi. Chorvachiligi sust rivojlangan; shimoliy savanna oʻtloqlarida qoramol, qoʻy, echki, choʻchqa, uy parran-dasi boqiladi. Baliq ovlanadi.

Sanoati Sanoati yalpi milliy mahsulotning 26% ni ishlab chiqaradi. 700 dan koʻproqishlab chiqarish korxonalari, shu jumladan, xorijiy sarmoya ishtirokidagi bir necha qoʻshma korxona bor. Chetga chiqariladigan xom ashyo va chetdan keltiriladigan yarim fabrikatlarga ishlov beruvchi sanoat korxonalari rivojlangan. Yiliga oʻrtacha 2,3 mlrd. Kilovatt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Oziq-ovqat va tamaki, energetika, yogʻochsozlik, toʻqimachilik, metallsozlik, kimyo va yogʻ-moy, neft qazib olish va uni qayta ishlash, tayyor qismlardan avtomobil yigʻish, qurilish materiallari, kauchukni qayta ishlovchi va plastmassa ishlab chikaruvchi, konchilik va boshqa sanoat korxonalari mavjud. Chetdan keng isteʼmol mollari keltirishni kamaytirish va eksport qilish maqsadida yirik yogʻochsozlik, toʻqimachilik, oziqovqat sanoati korxonalari barpo etila boshladi. Asosiy sanoat markazlari: Abidjan, Bvake va boshqa

Transporti Transportining asosiy turlari — dengiz va avtomobil transporti. Dengiz yuklari, asosan, xorijiy kompaniyalarning kemalarida tashiladi. Transport yoʻlining oʻz. — 1314 km, jumladan, Abidjan — Uagadugu temir yoʻlning oʻz. — 625 km. Avtomobil yoʻllari oʻz. — 55 ming km. Dengiz portlari: Abidjan, San-Pedro. Abidjan va Yamusukroda xalqaro aeroportlar bor.

Eksport Mamlakat chetga paxta, kauchuk, kofe, kakao va undan tayyorlangan mahsulotlar, yogʻoch, olmos, palma yogʻi, ananas, banan chiqaradi. Chetdan mashina, asbob-uskuna, neft va neft mahsulotlari, oziq-ovqat va boshqa isteʼmol mahsulotlari, qora metallar prokati, oʻgʻitlar keltiradi. Savdosotiqdagi asosiy mijozlari: Fransiya, Niderdandiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Nigeriya va boshqa Turizm rivojlanmokda. Pul birligi — afrika franki.

Tibbiy xizmat Davlat sogʻliqni saqlash tizimi mavjud. Aholiga tibbiy xizmatni kasalxonalar, turli tibbiyot markazlari va koʻchma otryadlar koʻrsatadi. Vrachlar Abidjan universitetining tibbiyot fakultetida va chet ellarda tayyorlanadi.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari Maktablarning aksariyati davlat qaramogʻida. Ularda oʻqish bepul. Katolik missiyalar xususiy maktablar ochishgan. Boshlangʻich va oʻrta maktablar, texnika litseylari, turli kollejlar, pedagogika maktablari bor. Oʻqituvchilar pedagogika maktablari va oliy maktablarda tayyorlanadi. Abidjanda universitet (1958-yilda asos solingan), Ijtimoiy fanlar markazi (1960-yildan), Tropik oʻrmonchilik markazi (1962), Kofe va kakao tadqiqot stansiyasi, Geofizika stansiyasi, Okeanografiya tadqiqot markazi, kauchuk, tropik tadqiqot, gigiyena va boshqa ilmiy tadqiqot institutlari, Milliy muzey, Etn. muzeyi, Milliy kutubxona, universitet kutubxonasi, Munitsipal kutubxona va boshqa mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi Mamlakatda bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Asosiylari: „Alif“ (islom muammolarini aks ettiruvchi oylik gazeta). „Vua“ („Yoʻl“, fransuz tilidagi kundalik gazeta), „Demokrat“ (fransuz tilidagi haftalik gazeta), „Kontinan“ („Qitʼa“, fransuz tilidagi kundalik umumafrika gazeta, 1980-yildan), „Notr tan“ („Bizning vaqt“, fransuz tilidagi haftalik gazeta), „Nuvel orizon“ („Yangi ufq“, fransuz tilidagi haftanoma), „Fraternitematen“ („Qardoshlik tongi“, fransuz tilidagi kundalik gazeta, 1964-yildan), „Eritaj“ („Meros“, fransuz tilidagi haftanoma, 1994-yildan), „Reformater“ („Islohotchi“, fransuz tilidagi oylik jurnal, 1993-yildan). Kot-dʼIvuar matbuot agentligi (AIP) 1961-yilda, Ivuar radio va televideniyesi 1963-yilda tuzilgan. Kot-dʼIvuar da radioeshittirish 1949-yildan (fransuz va 10 mahalliy tilda), telekoʻrsatuvlar 1963-yildan olib boriladi.

Adabiyoti Kot-dʼIvuardagi anya, baule, senufo va boshqa xalqlarda xalq ogʻzaki ijodi qadimdan rivojlangan. Ayniqsa, baule xalqining folklori alo-hida ajralib turadi. Griot deb ataluvchi baxshilar qoʻshiq va ertaqlarni aytib yurishadi. Folklor anʼanalari asosida fransuz tilida yozma adabiyot rivojlandi. K.dʼI. adabiyotining shakllanishida folklorchi, romannavis Bernar Dadyening xizmati katta. Uning mustamlakachilikka qarshi asarlari mashhur. Yozuvchi Ake Loba (asli ismi Abobo Baule)ning „Kokumbo — qora talaba“ va „Daryo ustidagi nayzalar“ romanlari, Sh. Nokaning „Shamol shiddatli edi“ romani, „Quyosh, qora nuqta“ poemasi, Sidiqi Dembelening „Boqibegʻamlar“ romani XX asr 2-yarmiga xos ijtimoiy muammolarni aks ettirdi. J. M. Bonini, Moris Kone va boshqalarlarning sheʼriy toʻplamlari nashr qilindi.

Meʼmorligi