Saudiya Arabistoni, (Saudiya Arabistoni Qirolligi) Saudiya Arabistoni Podshohligi (Arabcha: l-Mamlaka al-Arabiya as-Saudiya) — Osiyoning janubi-gʻarbida joylashgan davlat. BMT aʼzosi boʻlgan bu mamlakat Arabiston yarim orolining taxminan 2/3 qismini va Qizil dengiz hamda Fors qoʻltigʻidagi qator qirgʻoqboʻyi orollarni egallaydi. Maydoni — 2,25 milat km². Aholisi — 34 218 169 kishi (2026). Bulardan 5,3 million kishi mamlakat fuqarosi hisoblanmaydi. Poytaxti — Ar-Riyod shahri. Maʼmuriy jihatdan 14 viloyatga boʻlinadi. Yaqin Sharq va dunyodagi oʻn ikkinchi yirik mamlakat. Gʻarbdan Qizil dengiz bilan chegaradosh; Shimolda Iordaniya, Iroq va Quvayt; sharqda Fors ko‘rfazi, Bahrayn, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari; Janubi-sharqda Ummon; janubda Yaman. Shimoli-gʻarbdagi Aqaba ko‘rfazi Saudiya Arabistonini Misr va Isroildan ajratib turadi.

Davlat tuzumi Saudiya Arabistoni— mutlaq teokratik monarxiya. Davlat boshligʻi — podshoh, ayni vaqtda bosh vazir va qurolli kuchlar oliy bosh qoʻmondoni hamdir. U hukumat (Vazirlar Mahkamasi)ni tuzadi. 1992-yil 1 martda podshoh farmoni bilan 4 yillik muddatga Shoʻro (Maslahat) Kengashi tashkil etilgan. 1997-yilda Shoʻro Kengashi aʼzolarining soni 60 kishidan 90 kishiga yetkazildi. Podshoh Shoʻro Kengashini tarqatib yuborishi va qayta tuzishi mumkin. Podshoh vazirlarni tayinlash, hukumatni tarqatib yuborish va yangidan tuzish vakolatiga ega. Hukumat, asosan, podshoh oila aʼzolaridan tuziladi.

Siyosiy partiya va kasaba uyushmalari faoliyati rasman man etilgan.

Tabiati Saudiya Arabistoni janubi-gʻarbda Qizil dengiz, shimoli-sharqda Hind okeanining Fors qoʻltigʻi bilan oʻralgan. Qirgʻoqlari koʻp joyda past, qumloq, baʼzan qingʻir-qiyshiq. Saudiya Arabistoni koʻp qismini (1 million km² ga yaqinini) choʻl tashkil qiladi. Platosimon tekisliklar keng tarqalgan (gʻarbga tomon 1000–1300 m ga, sharqqa tomon 200–300 m gacha pasayib boradi). Yer yuzasi quruq daryo vodiylari bilan sezilarsezilmas boʻlinib turadi. Mamlakatning kattagina qismini lavali maydonlar, toshloq choʻllar (homadalar) tashkil qiladi. Qumli choʻllarning eng yiriklari — Nefud, Dahna. RubʼulXolishshx shimoliy qismi barxanlar (200 m balandliklikkacha), tizmali doʻng qumliklardan iborat. Zinasimon qir koʻp. Gʻarbda Qizil dengizga parallel holda bal. 2500–3000 m boʻlgan Hijoz va Asir togʻlari choʻzilib ketgan. Fors qoʻltigʻining sohili boʻylab ayrim joylari botqokdik yoki shoʻrxok qatlam bilan qoplangan AlXasaʼ pasttekisligi joylashgan (kengligi 150 km gacha).

Gʻarbda Afrika — Arabiston platformasi fundamentining turtib chiqqan yeri — NubiyaArabiston qalqoni joylashgan boʻlib, u arxey — quyi proterozoy davrlariga mansub gneys va migmatitlar, shuningdek, yuqori proterozoyga oid geosinklinal choʻkindi komplekslaridan (qalinligi 10 km dan ortiq) iborat. Yuqori va quyi proterozoy davriga oid intruziyalar keng rivojlangan: shimoli-sharqiy yoʻnalishda qalqon jinslari platforma qoplamasining qatlamlari ostiga choʻkkan, bu jinslar vend va paleozoydan boshlanib, mezozoy va paleogenni oʻz ichiga oladi. Fors qoʻltigʻining yon bagʻri boʻylab Mesopotamiya chekka egilmasining neogen davriga mansub qalin molasslari rivojlangan boʻlib, uning janubiy chekkasida yirik neft konlari joylashgan. RubʼulXoli sineklizasi ikkinchi neft mintaqasi hisoblanadi. Qalqonning tokembriy davri jinslari orasida temir, xrom, mis, qoʻrgʻoshin, pyx, oltin rudalari, nodir yer elementlari, berilliy va qalay konlari bor.

Iqlimi shimolda subtropik, janubda tropik, quruq, keskin kontinental. Yozi juda issiq, qishi iliq. Ar-Riyodda iyulning oʻrtacha temperaturasi 33°, yanvarda 14°, eng yuqori temperatura 48°, mamlakatning janubda 54° va undan yuqori boʻlishi mumkin. Sohilda bu vaqtda namlik deyarli 100% ga yetadi. Shimolida baʼzan temperatura — 11° gacha pasayadi. Yogʻin miqdori deyarli hamma joyda 100 mm dan kam (yogʻin markaziy hududlarda bahorda, shimoliy hududlarda qishda, janubda yozda nisbatan koʻproq boʻladi), togʻlarda yiliga 400 mm ga yetadi. RubʼulXoli qumli choʻl va boshqa ayrim hududlarda oʻn yillab yogʻingarchilik boʻlmaydi. Asir viloyatidagi togʻlarda yogʻin yiliga 25,5 mm ni tashkil etadi. Jan.ning issiq samum shamoli bahor va yozning boshlarida qum boʻronlariga sabab boʻladi.

Muntazam oqib turadigan daryolar yoʻq. Suv uch xil yoʻl bilan: quduqlar, yomgʻir yoki suv toshqini vaqtida hovuzlarga yigʻish va maxsus moslamalar yordamida dengiz suvini chuchuklashtirish orkali olinadi. Saudiya Arabistonida dunyoda eng koʻp chuchuk suv (dunyoda olinayotgan chuchuk suvning 30%) ishlab chiqariladi. Yomgʻir va toshqin suvlaridan toʻliq foydalanish maqsadida 186 ta damba va umumiy hajmi 775 mln.3 boʻlgan hovuzlar qurilgan. Sizot suvlar ehtiyojning 1/3 qismini qondiradi. Tuprogʻi oddiy choʻl tuprogʻidan iborat, hududining katta qismida tuproq qatlami oʻrnini tuz qoplami egallaydi. Shimolida dagʻal subtropik boʻz tuproq, janubda shoʻr tuproq va oʻtloqshoʻrxok tuproqlar mavjud. Oʻsimliklari

Oʻsimligi, asosan, choʻl va chala choʻl oʻsimliklaridan iborat. Ayrim joylarda oq saksovul, yantoq, toshloq choʻllarda lishayniklar, lavali maydonlarda shuvoq, astragal, vodiy oʻzanlarida yakkaterak, akatsiyalar, shoʻr yerlarda yulgʻun, suv boʻylarida va shoʻrroq joylarda galofitlar oʻsadi. Koʻchib yuruvchi qumli choʻllarda deyarli oʻsimlik oʻsmaydi. Namgarchilik koʻp boʻlgan yillari va bahor paytida koʻproq efemer oʻsimliklar oʻsadi. Janubidagi togʻlarda savanna koʻp. Oʻrmon va yaylovlar hukumat tomonidan muhofaza qilinadi. Oʻrmonlar Saudiya Arabistonining janubi-gʻarbiy qismida joylashgan va 2,29 mln. gektar maydonni egallaydi. Koʻchuvchi qumlardan saqlash uchun tabiiy himoya chizigʻini shakllantirish maqsadida daraxtlar ekiladi. Har yili koʻchat ekish xaftaligi oʻtkaziladi. Hayvonlardan boʻri, chiyaboʻri, sirtlon, tulki, qulon, kiyik, gʻizol, daman, quyon, arab yoʻlbarsi, tuyaqushlar uchraydi. Koʻpgina kemiruvchilar, sudraluvchilar va qushlar yashaydi. Saudiya Arabistoni chigirtkalar makoni hisoblanadi. Qizil dengizda turli xil baliq, toshbaqa va boshqa dengiz hayvonlari uchraydi. Dengiz va quruqlikda yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va rivojlantirish maqsadida Tabiatni muhofaza qilish hamda rivojlantirish milliy qoʻmitasi tomonidan umumiy maydoni 90 ming km² boʻlgan 15 qoʻriqxona va Asir milliy bogʻi tashkil etilgan.

Fuqarolari thumb|Saudiya Arabistonithumb|Badaviylar qarorgohi, Saudiya Arabistoni

Aholisining 90% ini arablar tashkil qiladi. Hindlar, misrliklar va pokistonliklar, bir necha yuz ming eronlik, fillipinlik, bangladeshlik, yamanlik, indonez, sudanlik, suriyalik, iordaniyalik va boshqa ham yashaydi. Saudiya Arabistonida 200—800 ming oʻzbek istiqomat qiladi, deb hisoblanadi. Yirik qabila birlashmalari — unayza va shammar; qabilalar — harb, mutayr, huzayl, kaxtan, juhayna, muahib, shararat, manasir, banu asad, tanuh, quraysh, banu shaybon. Rasmiy til — arab tili; ingliz tili ham keng tarqalgan. Davlat dini — islom. Islom dinining muqaddas ziyoratgoh shaharlari — Makka va Madina Saudiya Arabistoni dadir. Har yili bu shaxdrlarda 2 mln. dan ortiq musulmon xaj va umra safarida boʻladi. Shahar aholisi 80,2%. Yirik shaharlari — Ar-Riyod, Jidda, Makka, Madina

Saudiya Arabistoni hududida qadimdan (mil. av. 2 ming yillik) koʻchmanchi arab qabilalari yashab kelgan. Mil. VII asrda Arabiston yarim orolning gʻarbiy qismi (Hijoz)da islom paydo boʻlib, poytaxti Madina shahri boʻlgan ilk musulmon teokratik davlati — Arab xalifaligi yuzaga keldi. VII—VIII asrlarda Saudiya Arabistoni hududining koʻp qismi Ummaviylar, VIII asrning 2-yarmi — IX asrlarda Abbosiylar xalifaligiga qaragan. 10—12-astlarda Arabiston yarim orolning bir qismida mustaqil amirlik, sultonliklar paydo boʻlgan. Xijoz Fotimiylar, soʻngra Ayyubiylar, XIII asrning oʻrtalari va XVI asrning boshlarida mamluklarga qaram boʻlgan. Hijozning iqtisodiy va diniy-siyosiy jihatdan mavqei yuqoriligi tufayli xalifalar bu yerda oʻz hukmronliklarini saqlab qolishga urinishgan. XVI asr boshlarida Hijozni Usmonli turklar oʻz tasarrufiga olgan. XVIII asr ga kelib Najdda vahhobiylik diniy-siyosiy oqimi paydo boʻldi. Najd oʻzining nisbatan mustaqilligi bilan ajralib turgan. Najd amirliklaridan biri Diriya hokimi Muhammad ibn Saud (Saudiylar sulolasi boshligʻi) 1745-yil Arabistonni vahhobiylik shiori ostida birlashtirishga harakat qildi. XIX asrning boshlariga kelib Arabistonning talay qismi Saudiylar davlatiga birlashtirildi. Bu davlat — birinchi Saudiylar davlati (1745—1811) hisoblanadi. 1811 — 18 yillarda Arabiston yarim orolning koʻp qismi Misr podshosi Muhammad Ali qoʻshinlari tomonidan egallab olindi va Saudiylar davlati parchalab yuborildi. 1843-yil Faysal ibn Turki boshchiligida saudiylar mahalliy qabilalar koʻmagida Najdni ikkinchi marta egallashdi. ArRiyod shahri poytaxtga aylantirildi. Barpo etilgan davlat — saudiilarning ikkinchi davlati hisoblanadi (1843—65). 1840-yildan soʻng ham Hijoz turklar qoʻlida qolaverdi. XIX asrning 2-yarmida vahhobiylar davlati Shammar hukmdori boʻlgan Rashidiylar tomonidan bosib olindi. 1902-yil amir Ibn Saud Kuvayt hukmdori Muborak yordamida Ar-Riyodni egallab, Rashidiylarga zarba berdi, keyinchalik Najdda Saudiylar hukmronligini tikladi. Abdulaziz ibn Abdurahmon (Ibn Saud) Ol Saudlarning uchinchi davlatiga asos soldi (1902-yildan). Mustamlakachilik maqsadlarini koʻzlagan Buyuk Britaniya 1915-yil dekabrda Angliya — Saudiya bitimining imzolanishiga erishdi. Bitimga muvofiq, Buyuk Britaniya Najd mustaqilligini tan olib, Ibn Saudga subsidiya, qurol-yarogʻ bilan yordam beradigan boʻldi. Biroq Najdni Turkiyaga qarshi urushtirishga muyassar boʻlmadi. Ayni vaqtda (1915) Misrdagi ingliz komissari MakMagon bilan Makka (Hijoz) sharifi Husayn oʻrtasidagi maxfiy yozishmalar natijasida bir bitimga kelishilib, unga muvofiq, Husayn arablarni Turkiyaga karshi otlantirishga vaʼda berdi. Buning evaziga Buyuk Britaniya Husayn boshchiligidagi boʻlajak arab davlatining mustaqilligini tan olmoqchi boʻldi. 1916-yil Husaynning oʻgʻli amir Faysal qoʻshinlari ingliz razvedkachisi T. E. Lourens rahbarligida Turkiyaga qarshi harbiy harakat boshladi. 1918-yil Husayn „arablar podshosi“ degan unvonni oldi. Lekin Antanta davlatlari uni faqat Hijoz podshosi deb tan olishdi. Birinchi jahon urushi tugagach, Ibn Saud Arabistonni birlashtirishni davom ettiraverdi. 1920-yil u Asirning bir qismi ustidan hukmronlik oʻrnatdi (Asirning hammasi 1930-yil boʻysundirildi). 1921-yil Shammarni boʻysundirdi. Yangi davlatning kuchayishini xohlamagan Buyuk Britaniya 1922-yil oʻzining gumashtalari (sharif Husaynning oʻgʻillari) — Iroq qiroli Faysal va Movarourduniya (Transiordaniya) amiri Abdullohni Ibn Saud davlatiga qarshi chiqishga undadi. Saudiylar magʻlubiyatga uchradilar va bu Ibn Saudni 1922-yil Uqayrada Iroq bilan Kuvayt oʻrtasidagi chegarani belgilash haqidagi shartnomani imzolashga majbur etdi.

Natijada chegara, yaʼni betaraf mintaqa barpo etildi. 1924—25 yillarda Ibn Saud Hijozni Najdga qoʻshib oldi. Birinketin Toif, Makka, Jidda va Madina qoʻlga kiritildi. 1926-yil yanvarda u oʻzini Hijoz podshosi, Najd va boshqa qoʻshib olingan viloyatlarning sultoni deb eʼlon qildi. 1927-yil Buyuk Britaniya yangi Saudiylar davlatini tan olishga majbur boʻldi. 1932-yildan boshlab mamlakat Saudiya Arabistoni Podshohligi deb ataladigan boʻldi. 1934-yil Saudiya Arabistoni va Yaman oʻrtasida boʻlib oʻtgan va Yamanning magʻlubiyati bilan tugagan urush natijasida Saudiya Arabistoni Asir, Jizana va Najdning bir qismini oʻz tarkibiga kiritdi.