right|230px Kurash — oʻzbek milliy sport turi hisoblanadi. Belgilangan qoidaga muvofiq ikki sportchining yakkama-yakka olishuvi. Kurashish sanʼati koʻp xalqlarda qadim zamonlardan buyon maʼlum.
Tarixi
Kurash, ayniqsa, Yunonistonda keng tarqalib, qadimgi olimpiyada musobaqalaridan doimiy oʻrin olib kelgan sport turi hisoblanadi. Milliy kurashning xilma-xil koʻrinishlari Gretsiya, Italiya, Yaponiya, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Rossiya, Oʻzbekiston, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlarda ham mavjud. Zamonaviy sport kurashining asosiy qoidalari XVIII asr oxiri — XIX asr boshlarida Yevropaning bir necha mamlakatlarida ishlab chiqildi. 1912-yil Xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasi (FILA) tuzildi (hozir unga 144 mamlakat, Oʻzbekiston 1993-yildan aʼzo). Xalqaro maydonda sport kurashining yunon-rum kurashi, erkin kurash, dzyudo, sambo va boshqa turlari keng tarqalgan. Keyingi yillarda oʻzbek kurashi ham alohida kurash turi sifatida dunyo miqyosida tan olina boshlandi. Kurash insonni kuchli, epchil, chidamli va irodali qilib tarbiyalash vositalaridan biri hisoblanadi. Shifokorlar nazorati ostida 12 yoshdan kurash bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi. Kurash azaldan oʻzbek turmush tarzining uzviy qismi boʻlganligini arxeologik topilmalar, tarixiy qoʻlyozmalar oqali tasdiqlanadi. Qadimgi Baqtriya (Oʻzbekiston janubi) hududidan topilgan jez davriga oid silindrsimon sopol idishda ikki polvon va ulardan biri ikkinchisini chalayotgani tasvirlangan. Shu davrga mansub boshqa arxeologik topilmada esa polvonlarning kurash usullarini namoyish qilayotgani aks ettirilgan. Bu noyob topilmalar miloddan 1,5 ming yil ilgari ham kurash ajdodlarimiz turmush tarzining bir qismi boʻlganidan dalolat beradi. Yunon yozuvchisi Klavdiy Elian (II-III asr) va boshqa tarixiy shaxslarning yozishicha, shu hududda umr kechirgan sak qabilasi qizlari oʻzlariga kuyovni yigitlar bilan kurashib tanlaganlar. Keyinchalik qizlar kuyovni shart qoʻyish yoʻli bilan aniqlashgan va bu shartda kurash musobaqasi boʻlgan. Bunga oʻzbek xalq qahramonlik dostoni — „Alpomish“ dagi Barchin shartlarini misol qilib koʻrsatish mumkin. Ulardan biri ikki kurashuvchining biri oʻz raqibining belbogʻidan ushlab oʻziga tortadi, shu bilan birga oʻz raqibidan qutulishning chorasini qidiradi…". Bu taʼrif zamonaviy Kurash qoidalariga yaqindir. Shuningdek, Mahmud Koshgʻariyning „Devonu lugʻotit turk“, Alisher Navoiyning „Hamsa“, „Holoti Pahlavon Muhammad“, Zayniddin Vosifiyning „Badoyeʼ ul-vaqoyeʼ“, Husayn Voiz Koshifiyning „Futuvvatnomai sultoniy“, Zahiriddin Muhammad Boburning „Boburnoma“ asarida kurash haqida qimmatli maʼlumotlar bor. IX-XVI asrlarda kurash xalq oʻrtasida keng ommalashgan. Shu davrda Pahlavon Mahmud, Sodiq polvon kabilar kurash dovrugʻini oshirishgan.
Belbogʻli kurash Oʻzbek xalq yakka kurashining belbogʻli kurash deb nomlangan turi ham bor. Unga ham taalluqli koʻplab arxeologik topilmalar va tarixiy qoʻlyozmalar mavjud. Bundan 5 ming yil ilgari davrga mansub.
Mesopotamiya hududidan topilgan haykalchada belbogʻli kurash usulida musobaqalashayotgan polvonlar tasvirlangan. Xitoyning qadimiy „Tan-shu“ qoʻlyozmasida Fargʻova vodiysida toʻylar, sayllar kurash musobaqalarisiz oʻtmasligi yozilgan. Ahmad Polvon, Xoʻja polvon va shu kabilar kurashning ana shu turida shuhrat qozonishgan (XIX asr oxiri — XX asr boshi). Chorizm istilosi va shoʻrolar davrida oʻzbek milliy kurashini xalq turmush tarzidan sunʼiy ravishda siqib chiqarishga harakat qilindi. XX asrning 90-yillari oxiriga kelib bu urinishlarga barham berildi. 1991-yilda kurashchilar sulolasi vakili, bir necha kurash turlari boʻyicha xalqaro miqyosda sport ustasi Komil Yusupov oʻzbekcha kurashning xalqaro andozalarga moslangan quyidagi qoidalarini ishlab chiqdi: kurash tushuvchilar 14x14m dan 16x16m gacha boʻlgan, chetroq qismi qizil rangli „xavfli chiziq“ bilan belgilangan koʻk-yashil tusli kurash gilamida tik turgan holatda bellashadilar. Gʻolib ishlatilgan usullar va maydondagi xatti-harakatlariga qoʻyiladigan baholarga qarab aniqlanadi. Kurashda boʻgʻish, raqibga ogʻriq beruvchi usullar qoʻllashga ruxsat etilmaydi, kurashuvchilarning biri koʻk, ikkinchisi yashil rangli yaktak (ayollar yaktak ichidan oq rangli futbolka) kiyadi, belga eni 4-5 sm li tasma (belbogʻ) bogʻlanadi, erkaklar 60, 66, 73, 81, 90, 100 kg va 100 kg dan ziyod, ayollar 48, 52, 57, 63, 70, 78 va 78 kg dan ziyod vazn toifalarida kurashadilar (bolalar, oʻsmirlar, oʻspirinlar, yoshi ulugʻlar va qizlar musobaqalarida ham yosh xususiyatlari hisobga olingan holda vazn toifalari belgilanadi). Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ning 2003-yil Toshkentda oʻtgan kongressi har bir uchrashuvning qizgʻin boʻlishini taʼminlash maqsadida rasmiy musobaqalarda bellashuv vaqtini 3 daqiqa qilib belgiladi. Ishlatilgan usullarga bajarilishiga mos ravishda „chala“, „yonbosh“, „halol“ baholari, qoidaga zid harakatlarga esa „tanbeh“, „dakki“, „gʻirrom“ jazolari beriladi. Kurashuvchi „halol“ bahosini olsa (yoki raqibi „gʻirrom“ bilan jazolansa) bu uning gʻalabasini bildiradi. Ikki bor „yonbosh“ bahosini olish (yoki raqibining ikki bor „dakki“ deya jazolanishi) ham gʻalabani anglatadi. „Chala“ baholari hisobga olib boriladi va h. k. Ballar tengligida oxirgi baho olgan kurash-chiga gʻalaba beriladi, kurashchilarning baho va jazolari soni teng holatda baho ustunlikka ega boʻladi, jazolar soni teng boʻlsa oxirgi jazo olgan magʻlub hisoblanadi, agar barchasi teng (yoki baho va jazo olinmagan) boʻlsa, gʻolib hakamlarning koʻpchilik ovoziga koʻra eʼlon qilinadi.
1992-yilda Oʻzbekistonda kurash federatsiyasi, 2001-yilda Oʻzbekistonda belbogʻli kurash federatsiyasi tuzildi. 1998-yil sentabrda Toshkentda 28 davlat (AQSH, Boliviya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Rossiya, Oʻzbekiston, Yaponiya va hokazo) vakillari Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) muassislari boʻlishdi va shu munosabat bilan bu yerda oʻzbekcha kurash boʻyicha yirik xalqaro musobaqa oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Xalqaro kurash assotsiatsiyasini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida“gi farmoni (1999-yil 1-fevral) oʻzbek milliy kurash ining yavada rivojlanishiga turtki boʻldi. Oʻsha yili Toshkentda oʻzbekcha kurash boʻyicha birinchi jahon chempionati, Rossiyaning Bryansk shahrida ayollar oʻrtasida xalqaro musobaqa boʻlib oʻtdi. IKA qoshida Xalqaro kurash akademiyasi, Butun jahon kurashni rivojlantirish jamgʻarmasi tuzildi, assotsiatsiya muassisligida „Kurash“ jurnal taʼsis qilindi. Adabiy-badiiy, ijtimoiy-publitsistik, axborot-reklama yoʻnalishidagi bu jurnal Toshkentda 1999-yil oktabr oyidan buyon nashr etiladi.
2000-yil Oʻzbekistonda kurash oyligi oʻtkazildi. Bu oylik davomida 2 mln.ga yaqin kishi kurash gilamiga chiqdi. Buyuk Britaniyada IKA faxriy prezidenti Islom Karimov nomidagi anʼanaviy xalqaro musobaqaga asos solindi. 2001-yildan Xalqaro kurash instituti (Toshkentda) faoli-yat koʻrsata boshladi. IKA ga 66 ta milliy federatsiya aʼzo boʻlib kirdi (2003). Yevropa, Osiyo, Panamerika va Okeaniya kurash konfederatsiya lari tuzildi. Hozirgi paytda oʻzbekcha kurash bilan xorijiy mamlakatlarda 600 mingdan ziyod kishi shugʻullanadi. Kurashning bu turi boʻyicha jahon, qita va mamlakatlar chempionatlari hamda birinchshtiklari, Oʻzbekistonda atTermiziy, Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan va boshqa koʻplab xalqaro musobaqalar muntazam oʻtkaziladi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda 22 ta olimpiada oʻrinbosarlari maktabi, 37 ta bolalaroʻsmirlar sport maktabi va 206 ta kurash maktabida sportning bu turi boʻyicha oʻquvchilarga tahsil beriladi. Oliy oʻquv yurtlarida 100 dan ortiq kurash toʻgaraklari faoliyat koʻrsatadi. Kurashchilar bilan 851 vafar murabbiy shugʻullanadi (2003). Osiyo olimpiya kengashi 2003-yilda kurashning bu turini Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritdi. Kurash boʻyicha oʻtkazilidigan jahon chempionatlarida Bahrom Anazov, Isoq Axmedov, Maxtumquli Mahmudov, Kamol Murodov, Toshtemir Muhammadiyev, Akobir Qurbonov (Oʻzbekiston), Kubashxonim Elknur, Selim Totar oʻgʻli (Turkiya), Aleksandr Katsuragi, Karlos Xonorato (Braziliya), Pavel Melananets (Polsha), Xiroyoshi Kashimoto (Yaponiya) va boshqa gʻolib chiqdilar va sovrindor boʻldilar.
Adabiyotlar Yusupov kurash, Kurash, T., 1999; Moʻminov A., Prezident. Sport. Gʻalaba!, T., 2001.
Oʻzbek xalqining anʼanaviy sport turlaridan biri boʻlmish kurash uch yarim ming yillik tarixga ega. Kurash oʻzbekcha soʻz boʻlib, u qator qadimiy sharq adabiy manbalarida yakkama-yakka olishuv va ijtimoiy koʻngilochar sport turi sifatida tilga olingan.
Bundan ming yil muqaddam paydo boʻlgan afsonaviy Alpomish eposida kurash olis oʻtmishda Oʻzbekiston zaminida ommaviy tus olgan eng sevimli va nufuzli sport turi boʻlganligi qayd etiladi.
Qadimda va oʻrta asrlarda yashab ijod etgan qator faylasuf va tarixchilar oʻz asarlarida kurashni alohida ehtirom ila tilga olganlar.
Sharqning buyuk mutafakkirlaridan biri boʻlmish Abu Ali Ibn Sino kurash bilan shugʻullanmoq jon va tan sogʻligini taʼminlashning eng yaxshi vositasidir, deya eʼtirof etgan. Shunga qaramasdan hali-hanuz kurash aynan qachon va qaerda paydo boʻlganligi xususida aniq maʼlumotlar mavjud emas. Oʻz navbatida bunday mavhumlik qator olimlar tomonidan kurashni qadimiy sport turlaridan biri sifatida eʼtirof etilishi uchun toʻsiq boʻla olmadi.
Eramizning IX asrida kurash rivoji yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻsha kezlarda zamonaviy Oʻzbekiston hududida istiqomat qiluvchi aholi anʼanaviy bayramlar, toʻy-hashamlar va yirik jamoatchilik tadbirlari davomida kurashdan koʻngil ochish va dam olish vositasi sifatida foydalanganlar. Keyinroq kurash koʻngil ochish vositasidan mustaqil sport turi va jismoniy chiniqish usuliga aylandi. Eng kuchli kurashchilar xalq orasida maʼlumu-mashhur boʻlib, ular haqida afsonalar toʻqila boshlandi. XII asrda yashab oʻtgan Pahlavon Mahmud buning yaqqol namunasidir. Hali-hanuz uning qabri ziyoratchilarning sevimli maskani va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
XIV asrda insoniyat tarixida yorqin iz qoldirgan tengi yoʻq sarkarda va davlat arbobi Amir Temur oʻz askarlarini chiniqtirish va jismoniy tayyorgarligini oshirish maqsadida kurashdan foydalangan. Maʼlumki, Amir Temur armiyasi zamonasining eng qudratli va yengilmas qoʻshini hisoblangan.
Vaqt oʻtishi bilan kurash zamonaviy Oʻzbekiston hududida istiqomat qiluvchi aholining eng sevimli va ardoqli anʼanalaridan biriga aylandi. Shu maʼnoda kurash oʻzbeklarning qon-qoniga singib ketgan, deb aytish mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu sport turiga boʻlgan muhabbat otalardan bolalarga meros sifatida oʻtib keladi. Bugungi kunga kelib birgina Oʻzbekistonda kurash bilan muntazam shugʻullanuvchilarning soni ikki millionga yetgan. Ushbu sport ishqibozlari va havaskorlarning soni esa behisobdir.
1980-yillarning boshida mashhur oʻzbek kurashi ustasi, dyuzdochi va sambochi Komil Yusupov oʻzbek kurashining boy merosini tadqiq etish ishlarini boshlab yubordi. Ushbu sport turining qayta tiklanishining faollaridan biri boʻlgan mazkur zotning asosiy maqsadi kurashning xalqaro meʼyorlarga mos boʻlgan yangicha qoidalarini ishlab chiqishdan iborat boʻldi. Toʻqsoninchi yillarning boshlariga kelib u ushbu sharafli vazifani muvaffaqiyatli ado etib oʻzbek kurashini xalqaro arenaga olib chiqishni oʻz oldiga maqsad qildi. Avvaliga u oʻzi ishlab chiqqan kurash qoidalarini jamoatchilik, mutaxassislar va ishqibozlar eʼtiboriga havola etdi.