Chili, Chili Respublikasi (ispancha: República de Chile) — Janubiy Amerikaning janubi-gʻarbida joylashgan davlat. Maydoni — 756 102 km². Aholisi — 18 664 652 kishi (2024). Poytaxti — Santyago shahri. Maʼmuriy jihatdan 13 viloyat (region), jumladan, Santyago poytaxt viloyatiga boʻlinadi. Tinch okeani va uning oʻrtasidagi uzun tor yer uchastkasini egallaydi. Andes. Gʻarbda u Tinch okeani bilan yuviladi, sharqda Argentina, shimolda Peru va shimoli-sharqda Boliviya bilan chegaradosh.
Davlat tuzumi Chili — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1980-yilda kabul qilingan va 1981-yildan kuchga kirgan; 1989, 1994, 2004-yillarda tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (2022-yildan Gabriel Borik Font), u umumiy toʻgʻri va yashirin ovoz berish nuli bilan 4 yil mudsatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni senat va deputatlar palatasidan iborat Milliy kongress, ijrochi hokimiyatni prezident amalga oshiradi; prezident xukumatga ham boshchilik qiladi.
Tabiati Chili shimolidan janubiga Tinch okean sohili boʻylab 4300 km ga choʻzilgan, hududining katta qismini And togʻlari (balandligi 6880 m gacha), shimolini Atakama choʻli egallagan. Mamlakat janubida Patogoniya tekisligi joylashgan. Chili hududi tarkibiga qirgʻoqqa yaqin bir necha orol, Olovli Yer orolining gʼarbiy qismi hamda Tinch okeandagi baʼzi orollar (Pasxa oroli va boshqalar) kiradi. Relyefida 3 boʻylama mintaqa yaqqol koʻrinadi: sharqda Andning Bosh Kordilyera togʻlari, gʻarbda sohil boʻyi Kordilyera tizmasi va togʻ oraligʻi botigʻida Boʻylama vodiy bor. Chilida vulkan koʻp; teztez zilzilalar boʻlib turadi. Chili hududida mis, tabiiy selitra, molibden, sof oltingugurt, temir rudasi, marganets, qoʻrgʻoshin, oltin, kumush, toshkoʻmir, rux, barit, neft, gaz konlari bor. Iqlimi shimoliy qismida tropik choʻl iklimi (yillik yogʻin 50 mm dan kam). Subtropik Oʻrta Chilining shimolida iqlim quruq (yillik yogʻin 100–200 mm), markazida oʻrta dengiz iqlimi, qishda yomgʻir yogʻadi (Santyago shahrida yiliga 350 mm), janubida nam subtropik ikdim (yillik yogʻin 2000–2500 mm). Janubiy Chilida iklim moʻʼtadil okean iklimi, yogʻin koʻp yogʻadi (yiliga 3000–7000 mm). Togʻlarda muzliklar bor. Oʻrtacha oylik tempatura shimolida 12–16° dan (iyulda) 18–22° gacha (yanvarda), markazida 8–20°, janubida 8–15°. Deyarli hamma daryolari juda qisqa va Tinch okean xavzasiga mansub. Shimoliy Chilida Loa daryosidan boshqa oqar suv yoʻq. Janubida esa daryolar yil davomida sersuv. Shimoliy Chilida tuproq va oʻsimlik qoplami yaxshi rivojlanmagan. Oʻrta Chilining shimoliy chala choʻl, markazida sur jigarrang va jigarrang tuproklarda kserofil butalar usadi. And togʻlarining oʻrta yon bagʻirlari qoraqayin oʻrmonlari bilan qoplangan, undan yuqorisi togʻ dashtlari. Oʻrta Chilining janubidagi qoʻngʻir oʻrmon va botqoqli tuproqlarda qalin oʻrmonlar, And togʻlarida qoraqayinigna bargli oʻrmonlar va alp oʻtloklari bor. Janubida subantarktika aralash oʻrmonlari, chekka janubida botqoqlashgan oʻtloqlar va torfli yerlar uchraydi. hayvonot dunyosi xilma-xil. Chili shimolida aguarachay tulkisi, puma, sudralib yuruvchilar, janubida pudu va uemul bugʻulari, amerika sassiqkoʻzani, suvsar, magellan tulkisi va boshqa yashaydi. Chilida Vilyarrika, Bernardo Oʻ Xiggins, Alberto Agostini, Los Paraguas, Peres Rosales va boshqa milliy bogʻlar hamda qoʻriqxonalar tashkil etilgan (jumladan, Pasxa va XuanFernandes o.larida).
Aholisi Aholisining 90% chililar. Mamlakatning tub aholisi araukan, kechua va aymara indeyslaridir. Rasmiy til — ispan tili. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Shahar aholisi 86%. Yirik shaharlari — Santyago, Valparaiso, VinyadelMar.
Tarixi Chili hududida qadimdan indeys qabilalari yashagan. XV asrda mamlakatning shimoliy qismini inklar egallab oldi. XVI asrning 30-yillarida Chiliga ispan konkistadorlari bostirib kirdi. XVI asrning oʻrtalarida Chili hududi Ispaniyaning Peru vitseqirolligi tarkibiga kirgan. 1810-yil iyulda ispanlar zulmiga qarshi xalq qoʻzgʻoloni boshlandi. 18-sentabrda milliy hukumat xuntasi tashkil topdi. Amerika qitʼasidagi Ispaniya mustamlakalarining mustaqillik uchun olib borgan urushi yillarida (1810–26) Chili mustaqilligi eʼlon qilindi (1818-yil 12-fevral). 1823-yil qulchilik bekor qilindi. XIX asr oʻrtalaridan Chiliga chet el sarmoyalari kirib kela boshladi. 1865–66 yillarda Chili, Peru, Boliviya va Ekvador bilan birgalikda Ispaniyaga, 1879–84 yillarda Buyuk Britaniya yordamida Peru va Boliviyaga karshi urush olib bordi. Natijada bu davlatlarning selitra zaxiralariga boy hududlari Chiliga oʻtdi. Bu mamlakatda konchilik sanoatining rivojlanishiga imkon yaratdi. ljahon urushi yillari (1914–18) Chili betaraflik eʼlon qildi. 1927-yilgi davlat toʻntarishi natijasida mamlakatda harbiy diktatura oʻrnatildi, siyosiy partiyalar, ishchi va kasaba uyushma tashkilotlari faoliyati taqiqlandi. 1936-yil Chilida Kommunistik, Radikal va Sotsialistik partiyalar ishtirokida Xalq fronti tuzildi va uning nomzodi P. Agirre Serda 1938-yildagi prezident saylovida gʻalaba qozondi. Hukumat bir qancha ijtimoiyiqtisodiy tadbirlarni amalga oshirdi. 1941-yil oʻng sotsialistlarning sotqinligi tufayli Xalq fronti tarqalib ketdi. Ikkinchi jahon urushi yillari (1939–45) Chili Germaniya (1945-yil fevral) va Yaponiya (1945-yil aprel)ga karshi urush eʼlon qilgan boʻlsa ham amalda urushda qatnashmadi. 1947–58 yillar hokimiyatni diktatorlik rejimi boshkardi. 1956-yil Chili KP (1922-yil tuzilgan) va Sotsialistik partiyasi (1933-yil asos solingan) Xalq harakati frontini, 1969-yil Kommunistik, Sotsialistik va boshqa soʻl partiyalar Xalk, birligi blokini tashkil etdilar. Xalq birligi bloki nomzodi S. Alyende Gossens saylovlarda gʻalaba qozonib, mamlakat prezidentligiga saylandi. 1973-yildagi harbiy toʻntarish paytida Alyende oʻldirildi va hokimiyat tepasiga A.Pinochet boshchiligidagi harbiy xunta keldi. U 15 yildan ortiq vaqt davlatni boshqardi.
Bu davrda ommaviy repressiyalar avj oldirildi; shu bilan birga mamlakat iqtisodiyoti Janubiy Amerikadagi davlatlar oʻrtasida oldingi oʻrinlardan birini egalladi. Bu Chiliga xalqaro iqtisodiy tashkilotlarga aʼzo boʻlish imkoniyatini yaratdi. 1989-yilgi demokratik saylovlar natijasida Augusto Pinochet hokimiyatdan ketdi va 1990-yildan mamlakatni demokratik yoʻl bilan boshqarish shakli oʻrnatildi. Chili 1945-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1992-yil 18-martda tan olgan va 1994-yil 16-sentabrda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 18-sentabr — Mustaqillik kuni (1810).
Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari Chili Kommunistik partiyasi, 1922-yil tuzilgan; Demokratiya uchun kurash partiyasi, 1988-yil tashkil etilgan; Milliy yangilanish partiyasi, 1987-yil tuzilgan; Chili radikal sotsial-demokratik partiyasi; Chili sotsialistik partiyasi, 1933-yil tashkil etilgan; Xristian-demokratik partiya, 1957-yil tuzilgan; Chili birlashgan sotsialistik partiyasi. Chili mehnatkashlari birlashgan kasaba uyushma markazi, 1988-yil Chili mehnatkashlari yagona kasaba uyushmasi markazi (1953) negizida tashkil etilgan.
Iqtisodiyoti Chili Lotin Amerikasidagi iqtisodiy jihatdan nisbatan rivojlangan mamlakatlardan biri. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi va baliq ovlash ulushi 6,4%, sanoatniki 38,8%, xizmat koʻrsatish tarmogʻiniki 54,8% ni tashkil etadi. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi dehqonchilik. Bugʻdoy, arpa, makkajoʻxori, kartoshka, dukkakli don ekinlari ekiladi. Bogdorchilik (olma, sitrus mevalar, shaftoli) va tokchilik rivojlangan. Qand lavlagi, zigir, tamaki, zaytun yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy, echki, choʻchqa, yilqi boqiladi. Yirik shaharlar atrofida sut chorvachiligi rivojlangan. Dengizdan baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. Oʻrmonda yogʻoch tayyorlanadi.
Sanoat Chili mis qazib olish boʻyicha dunyoda oldingi oʻrinlarda turadi (yiliga oʻrtacha 2488 ming t). Shuningdek, tabiiy selitra, molibden, neft, temir rudasi, oltin, kumush, tabiiy gaz, toshkoʻmir qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 25,2 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Sanoatning oziq-ovqat va yengil sanoat tarmogʻi rivojlangan. Mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya, kimyo, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, sellyulozaqogʻoz sanoati rivojlanmoqda.
Transporti Mamlakat ichkarisida yuk tashishda avtomobil transporti yetakchi oʻrinda. Avtomobil yoʻllari uzunligi 79,8 ming km. Transport yoʻlining uzunligi 6,6 ming km. Tashqi savdo aylanmasining asosiy qismi dengiz transportiga toʻgʻri keladi. Muhim dengiz portlari: Uasko, Valparaiso, Tokopilya. Santyago shahrida xalqaro aeroport bor. Chili chetga mis, baliq va dengiz mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, selitra, qogʻoz, yod chiqaradi; chetdan neft, kimyo buyumlari, elektron va mashina jihozlari oladi. Tashqi savdoda AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Argentina, Braziliya, Yaponiya, Meksika bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — chili pesosi.
Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari Chilida vrachlar universitetlarning tibbiyot ftlarida tayyorlanadi. Mamlakatda 6 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun 8 yillik majburiy taʼlim joriy etilgan. Asosiy deb nomlangan boshlangʻich maktabda oʻqish 8 yil, oʻrta maktabda 4 yil Asosiy maktab negizida 4 yillik hunartexnika maktablari va pedagogika bilim yurtlari ishlaydi. Mamlakatda 8 universitet bor. Yiriklari: Chili universiteti (1843), Texnika davlat universiteti (1947), Katolik universitet (1888); hammasi Santyago shahrida. Shuningdek, 3 oliy kollej, konservatoriya va amaliy sanʼat maktabi mavjud. Ilmiy muassasalar, asosan, Santyago shahrida joylashgan.institutlar Chili bakteriologiya instituti (1929), meteorologiya xizmati (1894), harbiy geografiya instituti (1922), geografiya, geodeziya va geofizika milliy qoʻmitasi (1955), gidrografiya instituti (1874, Valparaiso), geologiya instituti (1957), Antarktida instituti (1963), yadro energiyasini oʻrganish milliy markazi, Okeanografiya instituti (1945, Valparaiso), Lebu ilmiy instituti (1945, araukanlar tarixini oʻrganadi), Chili akademiyasi (1855), Chili Tabiiy fanlar akademiyasi (1926), Chili tarix akademiyasi (1940), Chili Fanlar akademiyasi (1964)da olib boriladi. Yirik kutubxonalari: Chili milliy kutubxonasi (1813), Chili universitetining markaziy kutubxonasi; ikkovi ham Santyago shahrida. Muzeylari — Milliy tarix muzeyi, Nafis sanʼat milliy muzeyi, Pedagogika muzeyi, hozirgi zamon sanʼati muzeyi, amerika xalqi sanʼati muzeyi va boshqalar.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi Chilida bir kancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Asosiylari: „Analisis“ („Tahlil“, haftalik jurnal, 1977-yildan), „Merkurio“ („Merkuriy“, kundalik gazeta, 1827-yildan), „Nason“ („Millat“, kundalik gazeta, 1917-yildan), „Oy“ („Bugun“, haftalik jurnal, 1977-yildan), „Segunda“ („Sekunda“, kundalik kechki gazeta, 1931-yildan), „Tersera“ („Chorak“, kundalik gazeta, 1950-yildan), „Ultimas notisias“ („Soʻnggi axborot“, kundalik gazeta, 1902-yildan).
Orbe Servisnoye Informatios (SA) hukumat axborot agentligi 1953-yil fevralda tuzilgan. Chili yangiliklar agentligi, 1993-yil asos solingan. Chili radiostya assotsiatsiyam 1936-yilda tashkil etilgan; 455 radiostyani birlashtiradi. Chili — 7 kanal milliy televideniyesi hukumat mahkamasi boʻlib, 145 styani birlashtiradi. Bir qancha tijorat radio va televideniye styalari bor.
Adabiyotlar