1992-1997-yillari Tojikiston oʻzining zamonaviy tarixida qonli fuqarolar urushiga guvoh boʻldi.
XX asr dekolonizatsiya (kolonizatsiyaning parchalanishi) jarayonining ikki bosqichiga guvoh boʻldi: Ikkinchi Jahon Urushi yakunlangandan keyin va 1990-yillarda Sovuq Urush tugagandan soʻng. Har ikki bosqichda ham kolonial kuchlar ketgandan soʻng uchinchi dunyo mamlakatlarida etnik urushlar yuz berishi odat tusiga kirib qoldi. Tojikiston ham bundan mustasno emas.
Tojikiston oʻz mustaqilligini SSSR parchalanishi arafasida, 1991-yil 8-sentyabr kuni qoʻlga kiritgan edi. Bu Tojikiston tarixidagi ilk oʻzini mustaqil boshqaruvchi davlat boʻldi. Biroq mustaqillikdan koʻp oʻtmay Tojikiston yangi davlatning moʻrt ijtimoiy-iqtisodiy siyosati va tashqi kuchlar taʼsiri tufayli noroziliklar toʻlqini ostida qolib ketdi.
Kelib chiqish tarixi Fuqarolar urushining tamal toshi 1989-yildayoq qoʻyib boʻlingan edi. Oʻsha yilning may oyida Tojikistonga armanlarning kelgani va ularga yangi uylar ajratilgani haqida mish-mishlar tarqaldi. 1989-yil yanvardagi kuchli zilzila natijasida Hisor tumanidagi minglab odamlar boshpanasiz qolishgan va tojik hukumati bu tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etishda yetarlicha imkon topolmay qiynalayotgan edi. Tumanning Sharara qishlogʻi 17 metrli tuproq bilan koʻmilib qoldi, qishloqning butun 600 aholisi halok boʻldi. Ayni yilda Armanistonda ham 25,000 kishining umriga zomin boʻlgan zilzila roʻy bergan edi. Moskva minglab uysiz qolgan armanlarni boshpana bilan taʼminlash maqsadida ularni butun Sovet Ittifoqi boʻylab tarqatib tashlash harakatiga tushib qoldi. Shu qatorida, koʻplab armanlar Tojikistonga ham evakuatsiya qilindi.
Fuqarolar urushining boshlanishi thumb|left|260px|Dushanbe voqealari. 1990-yil Fevral Non yetishmasligi, shahar transportining toʻxatab qolganligi, kamiga armanlarni koʻchirilishi Dushanbe va boshqa shaharlarda isyonkor kayfiyatga sabab boʻldi. Ishsiz, norozi yoshlar koʻcha bezorilariga aylana boshladilar, ular hukumat binolariga toshlar bilan xujum qilib turishni odat qildilar. Tumanlardan ham ishsiz aholi oqib kela boshladi. Ishchilar va askarlardan tuzilgan himoya guruhlari hukumatga bezorilarga qarshi kurashda yordam bera boshlashdi. Bezorilar Tojikiston Markaziy Qoʻmitasini mamlakat boshqaruvi va iqtisodiyotni eplolmaslikda ayblardilar.
Keyinroq, saylovlardan bir necha kun oldin, yaʼni 1990-yil 11-14-fevral kunlari Dushanbe turli toʻqnashuvlar, mayda bezoriliklar va oʻgʻriliklar guvohiga aylandi. Tojik Davlat Universiteti rektori Dodajon Ismailov, „Tojiklarni doimo hushmuomala va mehmondoʻst xalq sifatida bilib kelishgan. Bu gʻalayonlar Kavkazdan kelgan bir xovuch qochoqlar tufayli koʻtarilayotganligiga ishonish qiyin“-degan edi. Keyinroq u : „Olomon ortida qandaydir kuchlar turibdi va ular barcha harakatlarni boshqarishmoqda. Shubha yoʻqki, bu shaxslar hokimiyatga shu yoʻl bilan kelishmoqchi. Bu toʻs-toʻpolonlar ayni Respublika Oliy Sovetiga saylovlar arafasida boshlangani esa fikrimni tasdiqlab turibdi. Ular qonuniy saylov jarayoniga halal berishmoqchi. Armanlar voqeasi shunchaki oʻzlarini oqlash uchun oʻylab topilgan. Shahar Partiya Qoʻmitasi Birinchi Kotibi D. Karimov bilan suhbatlashganimda, u, dushanbeliklar Armanistondagi zilzila tufayli koʻchirilgan qochoqlarni milliy mehmondoʻstlik anʼanalariga monanad tarzda kutib olishgani hamda ularga boshpanalar berishganini tasdiqlagan edi“-deya oʻz fikrini davom ettirgan edi.Timur Amirov. TOJIKISTONNING UNUTILGAN FUQAROLAR URUSHI: SABABLAR (1-qism)
Boshqa bir manbaada keltirilishicha, keyinchalik vatanlariga qaytgan arman qochoqlari Tojikistonda roʻy berayotgan voqealar Sumgait va Boku hodisalari bilan deyarli bir xil ssenariyda ekanligini maʼlum qilishgan. Qochoqlar, shuningdek, tojiklar armanlarga nisbatan doimo xushmuomala boʻlishgani va oʻsha mash`um kunlarda ularni ekstremistlardan himoya qilishganini taʼkidlab oʻtgandilar. Yana bu manbaada Ozarbayjon Xalq Fronti (OXF) vakillari fuqarolar urushi boshlanishi arafasida Tojikistonga kelib, xalq orasida anti-arman tashviqotlarini oʻtkazganliklari borasida ham faktlar keltiriladi. OXF vakillari yoshlar oʻrtasida pul va narkotik moddalar tarqatib, ularni millatchilikka (avvalo armanlarga qarshi) hamda Islomiy davlat qurishga daʼvat qilishgan.
Yakov Royi shunday yozadi: „Toʻpalonlar ortida koʻpchilikni tashkil qilgan oʻrta qatlamdan foydalanib, hokimiyatga kelishni koʻzlagan kuchlar turishgan edi. Korrupsiya va jinoiy unsurlar millatchi guruh liderlari va radikal diniy rahnamolar bilan hamkorlikda harakat qilishdi. Shak-shubhasiz, anti-sotsialist, ekstremist va millatchi kayfiyatlar tojik jamiyatining eng katta kushandasi boʻldi. Oʻsha paytdagi vaziyat oʻziga dushman deb bilgan Sovet aholisi orasida nifoq urugʻini sochishga harakat qiluvchi qurollangan afgʻon muholifati aralashuvi tufayli yanada murakkablashib ketgan edi.“
thumb|180px|1997-yil. Fuqarolar urushi yakuniga yetgandan keyinggi holat Tojikistondagi ziddiyat ildizlari ham ichki va ham tashqi omillarga borib taqaladi. 28-aprel 1992-yilda Afgʻonistondagi hokimiyat mujohiddinlar qoʻliga oʻtdi va atigi bir necha kundan soʻng, yaʼni 5-may kuni Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanishiga ishora bergan ilk oʻqlar otildi. Prezident Gvardiyasi aʼzolari shu kuni Dushanbedan 20 km uzoqlikdagi Yavan va Leniniskiy qishloqlarida prezidentni qoʻllash uchun Koʻlobdan Dushanbe tomon yoʻl olgan tarafdorlar yoʻlini toʻsish uchun chiqqan mahalliy namoyishchilarga qarshi oʻt ochishdi. Muholifatchilar, oʻz navbatida prezident saroyi va televideniye nazoratini qoʻlga olishdi. Ular qon toʻkishni bas qilish va Leniniskiy-Yavanda prezident soqchilari tomonidan otilgan tinch namoyishchilar jasadlari muhrlangan video yozuvlarni milliy televideniye orqali xalqqa namoyish etib, adolatni tiklashni talab qilishdi. Tez orada Dushanbe boʻylab muholifat va hukumat tarafdorlari oʻrtasida koʻcha urushlari boshlanib ketdi. Muholifat liderlari Nabiyev va Kenjayevlar oʻgʻirlanib, Milliy Xavfsizlik Qoʻmitasi binosiga yashirib qoʻyiolgani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Muholifat prezident soqchilarini harbiy kiyimda, tez yordam mashinasiga mingan holda, shahar boʻylab terroristik aktlarni amalga oshirayotganlikda aybladi. Shu kuni tunda Dushanbega zirhli harbiy texnika kiritildi va 5 yilga choʻzilgan fuqarolar urushi boshlanib ketdi.
Fuqorolar urishi sabablari Jahondagi hech bir ziddiyat oʻz-oʻzidan yuzaga kelib qolmaydi. Albatta, har bir muammoning tag zamirida bir qancha sabablar yotadi. Zamonamizda biror ziddiyatga sabab deb kimligi nomaʼlum „uchinchi tomon“ yoki " qora kuchlar „ ayblash odat tusiga kirib qolgan, aslida esa har bir muammoga sababni ichkaridan qidirish lozim. Biror davlatdagi qarama-qarshiliklar daraxt tanasidagi qurtga oʻxshaydi, ular davlatni ich-ichidan yemiradi, pirovardida butun mamlakatni qulatadi. Tojikistondagi milliy fojeaning asl ildizlari deb quyidagilarni keltirish mumkin:Timur Amirov. TOJIKISTONNING UNUTILGAN FUQAROLAR URUSHI: SABABLAR (2-qism)
Etno-hududiy guruhlararo tarixiy aloqalar
Etnik tarixni oʻrganish davomida mamlakat topografiyasini sinchiklab koʻrib chiqish talab etiladi. Asosan togʻlardan iborat Tojikistonning topografiyasi esa mamlakatning turli hududlarida istiqomat qilayotgan odamlarning oʻzaro integratsiyasiga xalal beradi. Shu sababli Tojikistonda mahalliy aholisi bir-biridan farq qiluvchi toʻrt alohida hudud shakllanib qolgan: Soʻgʻd regioni, Qorategin va Hisor vodiysi, Xatlon hamda Togʻli Badaxshon avtonom viloyati. Bu regionlarni baland togʻ tizmalari ajratib turgani uchun ularda yashayotgan aholi deyarli oʻzaro qalin munosabatlarga ega emas. Mavjud vaziyat oʻz navbatida har bir regionda oʻziga xos etnik birliklar shakllanishiga sabab boʻlgan. Qoʻshimcha tarzda regionlardagi aholi va resurslarni noteng taqsimlanganligi ham alohidalikni yanada kuchaytirib yubordi. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy mahalliychilik yoki tojiklar tili bilan aytganda “mahalgeriya" mamlakatda yahlit, kuchli tojik millati shakllanishi yoʻlidagi asosiy gʻov boʻldi.
Tojikistondagi turmush modeli ham jamiyatda mahalliychilik qay darajada ildiz otganligini koʻrsatadi. Masalan, Ismoiliylar faqat diniy alohidaligi emas, balki boshqa bir tilda soʻzlashganlari uchun ham quda-andachilik aloqalarida oʻz jamiyatlaridan tashqariga chiqmaydilar. Oʻzbek qizlari, odatda, tojiklarga turmushga chiqishmaydi.
Ruslar doimo oʻzlarini oliy irqqa mansub deb hisoblab kelganlar. Tojikistonda tugʻilib oʻsganlari tufayli Rossiya ruslaridan koʻra tojiklarga yaqinliklariga qaramay, Tojikiston ruslari hamda tub aholi orasidagi munosabat hech qachon iliq boʻlmagan.
Garm va qorateginliklar diniy aqidalarga koʻproq berilganliklari bilan ajralib turgan bir paytda, Soʻgʻd va Badaxshonning janubiy-sharqidagi qirgʻizlar hech kimga qoʻshilmaydigan alohida etnik guruhliklaricha qolib ketishaverdi. Badaxshonliklarning oʻzida esa butun tojik jamiyatini boshqarishga ishtiyoqmand Pomiriy kayfiyat xukmron edi.
Yuqorida sanab oʻtilgan omillar tufayli fuqarolar urushi boshlanishi bilan butun boshli tojik millati turli guruhlarga ajralib, bir-birining qonini toʻka boshladi. Aslida esa, tojik jamiyati allaqachon guruhlarga parchalanib ketgandi.
Sovetlar merosi
Har bir koloniya oʻzining sobiq boshqaruvchisidan yaxshi va yomon narsalarni meros qilib oladi. Shubha yoʻqki, Sovet boshqaruvi ostida Tojikiston jamiyati ijtimoiy va iqtisodiy tomondan oʻzining yuqori choʻqqisiga oʻrladi. Ayni hozirgi kundagi tojik jamiyatining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatlari Sobiq Ittifoq davrida shakllangan edi. Tojikiston demografiyasi keskin oʻzgarishga uchradi, rus tili davlat hamda taʼlim tili sifatida millat ongiga majburlab tiqishtirildi. Kreml klanchilik koʻrinishiga ega milliy boshqaruv tizimini qoʻllab, milliy davlat qurishga boʻlgan har qanday intilishni yoʻqqa chiqardi.
Tojik elitalari faqatgina Moskvadan kelgan buyruqlarni bajarishdan nariga oʻtmasdilar. Tojikiston davlatining ijtimoiy, iqtisodiy hayotdagi, boshqaruvchilik, maʼorifsohalaridagi siyosati toʻgʻridan toʻgʻri Kremldan nazorat qilinar va tojiklar faqatgina ijrochi vazifasini oʻtashardi. Xuddi shu sababli SSSR parchalanishi arafasida, Ittifoqning boshqa respublikalarida boʻlganidek, Tojikistonda birorta mustaqil fikrli, professional siyosatchi mavjud emasdi. Tajribali siyosatchi liderlar yetishmasligi fuqarolar urushining va undan keying fojealarning asosiy sabablaridan biriga aylanib qoldi.