Toshkent viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. Respublikaning shimoli-sharqida. 1938-yil 15-yanvarda tashkil qilingan. Shimoliy va shimoli-gʻarbdan Qozogʻiston Respublikasi, shimoli-sharqdan Qirgʻiziston Respublikasi, sharqdan Namangan viloyati, janubidan Tojikiston Respublikasi, janubi-gʻarbdan Sirdaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni (Toshkent shahri maydonisiz) 15,3 ming km². Aholisi (Toshkent shahri aholisiz) 3.189 million kishidan ziyod (2026.07.01.). Viloyat tarkibida 15 ta tuman (Bekobod, Boʻka, Boʻstonliq, Zangiota, Oqqoʻrgʻon, Ohangaron, Parkent, Piskent, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Yangiyoʻl, Oʻrta Chirchiq, Qibray, Quyi Chirchiq), 17 shahar (Angren, Bekobod, Boʻka, Doʻstobod, Keles, Olmaliq, Oqqoʻrgʻon, Ohangaron, Parkent, Piskent, Toshkent, Toʻytepa, Chinoz, Chirchiq, Yangiyoʻl, Yangiobod, Gʻazalkent), 18 shaharcha (Alimkent, Boʻzsuv, Gulbahor, Zafar, Iskandar, Krasnogorsk, Nurobod, Olmazor, Salor, Tuyaboʻgʻiz, Chigʻiriq, Chorvoq, Eshonguzar, Yangibozor, Yangi chinoz, Yangihayot, Oʻrtaovul, Qibray), 146 qishloq fuqarolari yigʻini bor. Markazi — Nurafshon shahri.
Tabiati Viloyatning shimoliy va shimoli-sharqiy qismlari Gʻarbiy Tyanshan togʻlari va uning tarmoqlari (Qurama, Piskom va Ugom togʻlari) bilan band. Eng baland joyi Piskom tizmasidagi Manas togʻi (4484 m). Chatqol va Qurama togʻlari orasida Ohangaron daryosi kesib oʻtgan, Ohangaron platosi joylashgan. Viloyat hududining katta qismi Sirdaryo tomon qiyalanib boradigan togʻ oldi tekisligi (Chirchiq-Ohangaron vodiysi)dan iborat. Ohangaron daryo vodiysi, Qurama togʻi, Angren-Olmaliq atrofida foydali qazilmalardan mis, polimetall rudalari, oltin, kumush, qoʻrgʻoshin, alyuminiy xom ashyosi, qoʻngʻir kumir, molibden konlari, plavik shpati va dala shpati, turli xil qurilish materiallari bor. Termal va mineral suv zaxiralari koʻp. Viloyat kuchli seysmik zonada joylashgan. Ayniqsa, Chirchiq va Ohangaron havzalarida aniq seziladigan zilzilalar buning ifodasidir. Juda kuchli zilzila 1868-yilda Toshkentda boʻlib oʻtdi va 1966-yilda takrorlandi. Turli intensivlikdagi yer osti silkinishlar vaqti vaqti bilan hozirgi kunda ham davom etmoqda."" OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Iqlimi keskin kontinental. Qishi nam, nisbatan iliq, yozi uzoq, issiq va quruq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi — 1,3°, −1,8°, eng past temperatura −34° (tekislikda), −38° (togʻ etaklarida), iyulnint oʻrtacha tempaturasi 26,8°, eng yuqori temperatura 43-47°. Tekislik qismida yiliga 250 mm, togʻ oldilariga 350–400 mm, togʻlarda 500 mm yogʻin yogʻadi. Yogʻinning koʻp qismi bahor va qishda yogʻadi. Qor togʻlardagina uzoqroq saqlanadi. Vegetatsiya davri tekislik qismida 210 kun. Daryolari Sirdaryo havzasiga mansub (Sirdaryo — oʻrta oqimi, uz. 125 km va uning irmoqlari — Chirchiq, Piskom va Ohangaron). Bular Tyanshan togʻlaridan boshlanadi va suvidan elektr energiya olishda va sugʻorish ishlarida foydalaniladi. Sugʻorish kanallari: Boʻzsuv, Qorasuv, Dalvarzin, Toshkent va boshqa Tuyaboʻgʻiz suv ombori („Toshkent dengizi“), Chorvoq suv ombori, Ohangaron suv omborlari bor.
Tuproqlari: tekislikda boʻz tuproq, togʻ etaklarida (500–600 m balandlikkacha) tipik boʻz tuproq, undan balandroqda chimqoʻngʻir, yuqoriroqda oʻtloqi dasht tuproq, daryo terrasalarining quyi qismida, yer osti suvi yuza joylarda oʻtloqi va botqoq tuproq, daryo vodiylarida allyuvial tuproqlardan iborat. Toshkent viloyatining tekislik qismi toʻla haydalgan, Sirdaryo boʻylarida kichik toʻqaylar (terak, tol, jiyda, har xil butalar) mavjud. Togʻ etaklari va togʻlarda (1200–1400 m balandlikkacha) togʻ dashtlari, yuqorirokda siyrak archazorlar, 2000 m dan balandda subalp va alp oʻtloklari bor. Daryo vodiylarida terak, tol; togʻ etaklari va togʻlarning oʻrtacha balandliklarida olmazor va yongʻoqzorlar uchraydi, togʻolcha oʻsadi. Tekisliklarda sarik. yumronqoziq, qoʻshoyoq, kaltakesaklar, chul toshbaqalari, qalqontumshuq ilon va boshqa, Sirdaryo toʻqaylarida chiyaboʻri, tolay quyoni, qobon; togʻ etaklari va togʻlarda ayiq, tulki, togʻ qoʻyi, jayra, boʻrsiq, kaklik, toʻrgʻay, archa boltatumshugʻi va boshqa, togʻ daryolari va jilgʻalarda qora baliq, osman, laqqacha uchraydi. Viloyat hududida „Chimyon“, „Burchmulla“, „Bogʻiston“, „Xumson“, „Oqtosh“ kabi bolalar oromgohlari, iqlimiy kurort va dam olish uylari bor. Toshkentdan 20 km uzoqlikda „Toshkent mineral suvlari“ balneologik kurorti joylashgan. Toshkent viloyatida UgomChatqol milliy bogʻi (maydoni 574 ming ga) tashkil etilgan. Boshqizilsoy boʻlimida meteorologiya styasi (1956-yildan) faoliyat koʻrsatadi.
Toshkent viloyati qadimdan Buyuk ipak yoʻlidagi ilm-fan, hunarmandchilik, madaniyat taraqqiy etgan makonlardan biri boʻlgan. Xoʻjakent yaqinidagi gʻordan topilgan tosh davriga mansub odam suyagining qoldiklari va qoyalardagi suratlar bu vohada qadimda ibtidoiy odamlar yashaganligidan dalolat beradi.
Hududiy boʻlinishi thumb|right|350px
Tuman nomi Tuman markazi 1 Angren shahri 189,5 ming kishi,46 MFY 2 Bekobod shahri 107,7 ming kishi,35 MFY 3 Olmaliq shahri 151,8 ming kishi,51 MFY 4 Ohangaron shahri 43 ming kishi, 21 MFY 5 Nurafshon shahri 59,6 ming kishi, 22 MFY 6 Chirchiq shahri 179,6 ming kishi,44 MFY 7 Yangiyoʻl shahri 90,1 ming kishi,22 MFY 8 Bekobod tumani 172,2 ming kishi,51 MFY Zafar sh-cha 9 Boʻka tumani 139,6 ming kishi,42 MFY Boʻka sh 10 Boʻstonliq tumani 179,6 ming kishi,59 MFY Gʻazalkent sh 11 Qibray tumani 183,6 ming kishi,67 MFY Qibray sh-cha 12 Quyi Chirchiq tumani 120,3 ming kishi,37 MFY Doʻstobod sh 13 Oqqoʻrgʻon tumani 116,4 ming kishi,29 MFY Oqqoʻrgʻon sh14Ohangaron tumani 116,4 ming kishi,34 MFY Nurobod sh-cha 15Parkent tumani 186,5 ming kishi,62 MFY Parkent sh16Piskent tumani 105,6 ming kishi,29 MFY Piskent sh17Toshkent tumani 214 ming kishi,68 MFY Keles sh18Zangiota tumani 183,9 ming kishi ,73 MFY Eshonguzar sh-cha 19Oʻrta Chirchiq tumani 144,5 ming kishi ,57 MFY Qorasuv sh-cha 20Chinoz tumani 151,5 ming kishi,55 MFY Chinoz sh21Yuqori Chirchiq tumani 145,4 ming kishi,50 MFY Yangibozor sh-cha 22 Yangiyoʻl tumani 209,6 ming kishi,64 MFY Gulbahor sh-cha
Viloyatni ikkiga boʻlish taklifi
Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 19-mart kuni Nurafshon shahrida oʻtkazilgan Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Toshkent viloyatini ikkiga boʻlishni taklif qildi. Bunga sabab qilib, viloyatda birlik yoʻqligini, agar ikkiga boʻlinsa 2 ta ixcham viloyat boʻlishini qayd etgan:
Toshkent viloyatini ikkiga boʻlmoqchiman. Birlik yoʻq bu viloyatda, agar boʻlsak ixchamgina ikkita viloyat boʻladi. Lekin koʻp oʻylayapman yangi hokimga imkon beraman. Men bu yerga viloyat aholisining shart-sharoitini yaxshilashga kelganman.
Shavkat Mirziyoyev viloyat ikkiga boʻlinsa, qanaqa nom berishni ham oʻylab qoʻyganini maʼlum qilgan:
Xafa boʻlmanglar, ammo sizda shu xususiyat yoʻq. Angrendagi oqsoqolning gapi Bekobodga toʻgʻri kelmaydi. Bekobodning gapini Chinoz olgisi kelmaydi. 22 ta hududni birdan boshqarishni vallomat hokim ham eplay olmayapti. Hozircha bu fikrni oʻzimda ushlab turibman. Mana hozir Hidoyatovni sizga rahbar sifatida tavsiya etyapmiz. Yana bir marta imkon berib koʻrmoqchiman. Toshkent viloyatida 150 mingta ish oʻrni yaratsa boʻladi. Oʻzidagi ishsizlar tugul, boshqa viloyatlardan keladiganlarni ish bilan taʼminlash mumkin. Yo hozir birlashib, viloyatni koʻtarishga birdamlik bilan harakat qilasiz, yoki boshqa qaror qabul qilamiz. Ochigʻini aytaman, viloyatni ikkiga boʻlsak, qanaqa nom berishni ham oʻylab qoʻyganman.
Vohaning iqlim sharoiti, sersuvligi, daryo boʻyi va togʻ oldi mintaqalarining yovvoyi oʻsimliklar va hayvonot dunyosiga boyligi qad. tosh davridayoq odam yashashi uchun qulay imkoniyat yaratgan. Toshkent viloyatining qadimiy aholisi toʻgʻrisida mil. av. V—II asrlarga oid Yunon, Xitoy va boshqa Sharq, manbalarida baʼzi maʼlumotlar saqlanib qolgan. Oʻlkani arxeologik jihatdan XIX asrda N. I. Veselovskiy, A. A. Divayev, N. P. Ostroumov, Ye. T. Smirnov va boshqa oʻrgandilar. 1920-30 yillarda M. V. Voyevodskiy, G. V. Grigoryev, V. D. Jukov va A. I. Terenojkinlar, 1941-yildan M. Ye. Massoy rahbarligida Oʻrta Osiyo universiteti arxeologiya kafedrasi aʼzolari, 1950-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining arxeolog olimlari Ya. F. Gʻulomov, Oʻ. Islomov va R. H. Sulaymonovlar viloyat hududida tekshiruv ishlari olib bordilar. 1958-yildan Toshkent viloyatining oʻrta asr shaharlari va qad. konlarini Yu. F. Buryakov, 1966-yildan Toshkent shahrini V. A. Bulatova rahbarligidagi guruh ilmiy ravishda oʻrgangan.
Koʻp yillik tadqiqotlar natijasida Toshkent viloyati arxeologik xaritasiga 760 ta qad. manzilgoh, shahar va qishloq xarobasi, qad. konlar, qabristonlar, mudofaa va irrigatsiya inshootlari tushirildi. Toshkent viloyatida ibtidoiy odamlar qoldirgan dastlabki izlar paleolit davriga toʻgʻri keladi. Bu davrga oid odamlar yashagan gorlar va ochiq manzilgoxlardan biri Koʻlbuloq makonidir. Koʻlbuloq yaqinidagi Qizilolmasoy va Qoʻshsoydan qad. tosh qurollar yasalgan ustaxona topilgan. Mustye davriga oid manzilgohlar Obirahmat gʻori, Xoʻjakent qishlogʻi yaqinidan, Chirchiq vohasida esa Qoraqamish va Shoʻralisoydan topilgan. Yangi tosh davri (neolit)ga oid ashyo Toshkent shahrining gʻarbida Qoʻshilish degan joydan topilgan. Bu davrda qurollar maydalashgan va soni koʻpaygan. Toshkent viloyatining jez davri (mil. av. 2ming yillik) topilmalari Andronovo, Tozabogʻyop madaniyatiga oiddir. Tosh va toʻkma tuproqdan qilingan qabriston qoʻrgʻonlar Chirchiq va uning irmoqlari boʻyida, Obirahmat, Burchmulla (qarang Burchmulla xazinasi) qishloqlari, Iskandar shaharchalarida ochilgan. Qabrlardan Andronovo madaniyatiga xos qoʻlda yasalgan sopol idishlar, bilaguzuk, marvarid va marjonlar topilgan. Jez davridan boshlab rangdor va qimmatbaho metallar togʻ yon bagʻridagi konlardan qazib olina boshlagan. Temir davrida viloyat hududida skif qabilalarning sakmassaget ittifoqiga kirgan elatlar yashagan. Ularga tegishli yodgorliklar mil. av. VI—IV asrlarga oiddir. Bu davr qabristonlaridan (Burchmulla yaqinida) tirnab bezalgan sopol idishlar, tosh va kumushdan yasalgan zebziynat buyumlari topilgan. Chirchiq vodiysida Burganlisoydan temir davriga oid sopol, metall, toshdan yasalgan uy-roʻzgʻor buyumlari, jumladan, choynaksimon tumshuqli va quloqli qozonlar va mehnat qurollari topilib oʻrganilgan. Idishlar dumaloq shaklda boʻlib, sirtiga angob boʻyogʻi berilgan. Mil. av. 1 — mil.ning I asrlarida Toshkent viloyati hozirgi hududi Qangʻ davlati tarkibiga kirgan. Toshkent viloyati oʻtroq xalqlarining madaniyati qoʻshni koʻchmanchi chorvador xalqlar madaniyati bilan chambarchas aloqada boʻlgan. Koʻchmanchi chorvador xalqlar yodgorliklaridan Qovunchitepa yaxshi oʻrganilgan. Ohangaron daryosining quyi oqimida joylashgan Qanqa (qarang Xarashkat) xarobasi eng qad. shaharlardan biri boʻlgan. Shahar mil. av. 3-2 asrlarda vujudga kelgan. I asrga oid shaharlar Sirdaryo vodiysida Banokat, Ohangaron Oqqoʻrgʻon oraligʻida Kindiktepa va Qovunchitepalar boʻlgan. Bu yerlardan Toshkent hokimligining birinchi tanga pullari topilgan. Bu davrda hamma mayda shahar va qoʻrgʻonlar Shosh (Choch) va Iloq (Eloq)qa birlashgan. VII asrda qalʼalari va mayda shaharchalari koʻpligi uchun Shoshni ming qalʼali davlat deb taʼriflaganlar. Shulardan biri Toshkentning shimolida (hozirgi shahar hududida) joylashgan Oqtepa qoʻrgʻoni boʻlib, u mustahkam mudofaa devorlari bilan oʻralgan. Ilk oʻrta asr shaharlarining arki va shahristoni boʻlgan.
Shaharlarda hukumat uylari, savdo va hunarmandchilik rastalari tartib bilan joylashgan. Ularning maydoni 20 ga dan 65 ga gacha yetadi. Atrofdagi togʻlardan oltin, kumush, mis qazib olish natijasida hunarmandchilik yuksalgan. Kulolchilik va chorvachilik rivojlangan. Shosh va Iloq davlatlari oʻz nomlaridan tanga pullar zarb qilgan. Tangalarning yuz tomoniga vahshiy hayvonning rasmi (silovsin yoki bars), orqa tomoniga panshaxaga oʻxshash tamgʻa tushirilgan.