Lagʻmon (uygʻurcha „la myan“ — choʻzilgan xamir) — pishitilgan xamir chilvir qilib choʻzilib tayyorlanadigan taom.
Etimologiyasi Bu tansiq taom asli Xitoy pazandaligiga mansub boʻlib, ,,lya" — chuvalchang, „myan“ — xamir maʼnosini anglatadi. Uzoq oʻtmishda bizga uygʻur oshpazligi orqali kirib kelgan va hanuzgacha saqlanib qolgan.
Turlari Lagʻmonning quyidagi turlari bor:
kesma lagʻmon; choʻzma lagʻmon; qovurma lagʻmon; shiman, shivit oshi va boshqa turlari borOʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Tayyorlanishi
Choʻzma lagʻmon Lagʻmon tayyorlash uchun xamirning qattiq-yumshoqligini oʻrtacha qilib qoriladi, zuvala qilib sochiqqa oʻrab 10-12 minut tindirish uchun olib qoʻyiladi. Shundan soʻng xamiriga tuz va soda eritmasi surtiladi (buning uchun 1 choy qoshigʻida tuz va yarim choy qoshiqda olingan sodani yarim stakan suvda eritiladi). Shunday eritmada qoʻlni hoʻllab xamirni mushtlanadi, toki u bagʻriga singib ketsin. Soʻngra xamirdan yongʻoqday-yongʻoqday zuvalachalar yasab, har bir zuvalachani taxta ustiga qoʻyib kaftlar bilan dumalatib, barmoq kattaligidagi qalamchalar yasaymiz. Piltalarni likopchaga terib bir-biriga yopishib ketmasligi uchun ustiga oʻsimlik yogʻi surtasiz. Ora-orasiga kiritilgan tuz-soda eritmasi va ustiga surtilgan oʻsimlik moyi xamirning choʻziluvchanligini taʼminlaydi. Ana endi har bir piltani ikki uchidan ushlab taxtaga urib-urib tortsangiz uzun makaronsimon ugra hosil boʻladi, choʻzmani ikki buklab yana taxtaga urib choʻzilsa, 4 qavatdan iborat ingichka vermishelsimon holatga keladi. Hamma xamirni ana shu taxlit choʻzib boʻlgach, qaynab turgan tuzli suvga solib pishiriladi. Yuziga qalqib chiqqanda chorli bilan suzib olib, 2-3 marta sovuq suv bilan chayqab yuborilsa, yuziga surkalgan yogʻi ketib xamir dirkillagan boʻlib qoladi va bir-biriga yopishmaydi. Qaylasi esa bunday tayyorlanadi: qozonda yogʻni dogʻlab piyoz solib qovuriladi, uncha qizarib ketmay turib mayda ,,chumchuq tili" qilib toʻgʻralgan goʻshtni solinadi, kovlab qovurib turilsa, seli chiqadi, ana shunda halqa qilib toʻgʻralgan chuchuk garimdori, kubik shaklida toʻgʻralgan sabzi, somoncha usulda toʻgʻralgan turp (rediska), toʻgʻralgan baqlajon, chopilgan karam, qirqilgan jandu, jusay, seldir va sarimsoq koʻkidan solib qozondagi masalliqning yuzidan biroz oshirib suv quyib, 1 soat davomida miltiratib qaynatiladi, soʻng tuzini rostlanadi. Dasturxonga tortishda kosalarga xamirdan yarim-yarim solib ustidan qaynoq qayla quyib keltiriladi.
Kesma lagʻmon. Ushbu lagʻmon haqiqiy oʻzbek pazandaligiga xos boʻlib, juda qadim davrlarda kelib chiqqan. Gʻoyat toʻq tutar va serlazzat boʻlib, mehmon dasturxoniga qoʻysa arzigulik taom. Yilning toʻrtala faslida ham tayyorlasa boʻladi. Bunday lagʻmon Fargʻona vodiysida koʻproq tayyorlanadi. Kesma lagʻmonning tayyorlanishi quyidagicha: xamirni xuddi chuchvaraga tayyorlagandek qilib qoriladi, tindirib, soʻng oʻqlov yordamida 2-3 mm qilib yoyiladi. Yoymani taxlab eni 4-5 mm keladigan uzun-uzun tasmalar kesiladi, bir-biriga yopishib ketmasligi uchun urvoqqa belanadi. Shunday kesilgan ugrani qaynab turgan tuzli suvga solib pishiriladi, yuziga qalqib chiqqanda chovlida suzib olib sovuq suvda 2-3 bor chayqab yuborilgandan soʻng sirqitib qoʻyiladi. Qaylasi bunday tayyorlanadi: piyozni halqa-halka, goʻshtni bodom kattaligida loʻnda-loʻnda qilib, pomidorni tilik-tilik, kartoshkani oʻrtacha (1,5 X 1,5 X 1,5 sm), turpni kichik (0,5 X 0,5 X 0,5 sm) kubik shaklda toʻgʻraladi, karam, chuchuk garmdori va sarimsoqni mayda chopiladi. Qozonda yogʻni dogʻlab piyoz tashlanadi, uncha qizarmasdan turib goʻshtni solinadi, seli chiqa boshlaganda sarimsoq bilan pomidorni solib to pomidor ezilib seli chiqkuncha jazlanadi. Qishda pomidor oʻrniga tomat ishlatish mumkin. Soʻngra turp, chuchuk garmdori va karamni solib, kovlab chala pishguncha qovuriladi-da, biroz suv quyib sust olovda miltiratib, barcha masalliq toʻla yumshaguncha qaynatiladi. Agar suvi bugʻlanib ketsa, har bir masalliq toʻla yumshaguncha qaynatiladi. Agar suvi boʻgʻlanib ketsa, bir oz issiq suv qoʻshiladi. Tuzini rostlab qalampir sepiladi. Qayla juda ham suyuq yoki oʻta quyuq boʻlmay, oʻrtacha boʻlishiga eʼtibor berish lozim. Dasturxonga tortishda tayyor ugrani qaynoq suvga pishib, ilitib olgach, laganga bir qavat qilib solinadi, ikkinchi qavatiga qayladan solinadi, ustidan uchinchi qavat yana ugra solib tepasi — toʻrtinchi qavatiga yana qayla solinadi, chopilgan oshkoʻklardan sepib keltiriladi.
Shivit oshi. Bu tansiq taom faqat Xorazmda tayyorlanadigan lagʻmonning bir turi hisoblanadi. ,,Shivit" bu ukrop degani boʻladi. Xamiri shu oshkoʻkning damlamasida tayyorlanadi. Parhezlik va shifolik xosiyatlari shundaki, xalq tabobatida qorin dam boʻlib sanchiq turgan bemorlarga mana shu taom tavsiya etilgan. Yangi oʻrilgan shivit (ukrop)ni sovuq suvda yuvib yuborilgandan soʻng mayda qirqib, sirlangan kostryulkaga yoki sopol koʻzaga solinadi, ustidan sharaqlab qaynab turgan suvni quyib, choy kabi damlanadi. Idishning qopqogʻi jips yopilib to soviguncha olib qoʻyiladi. Soʻngra shivitni siqib, damlamasi dokada suziladi. Unni qism-qismlab qoʻshib xamirni qattiqqina qilib ana shu damlamada qoriladi. Sochiqqa oʻrab, 10-12 daqiqa tindirilgandan soʻng yana bir mushtlab oʻqlov bilan yupqa qilib yoyiladi. Yoymani taxlab, eni 1 sm keladigan uzun tasmalar — ugra kesiladi. Ugrani qaynab turgan tuzli suvda pishirib olib, chovliga solib, sovuq suvda chayqab yuborilgandan soʻng suvini sirqitib qoʻyiladi. Qaylasini tayyorlash uchun goʻsht „chumchuq tili“ qilib mayda toʻgʻraladi yoki yirik koʻzli qiymalagichdan oʻtkazsa ham boʻladi. Piyozni odatdagidek halka yoki yarim halqa qilib toʻgʻraladi. Pomidorni parrak-parrak, kartoshkani oʻrtacha kubik shaklida toʻgʻrab, shivitning siqib olingan tulpidan ham bir hovuchcha olinadi. Qozonga yogʻ solib dogʻlagach, piyoz tashlanadi, bir-ikki aralashtiriboq goʻsht (qiyma)ni qoʻshib, pomidor va kartoshkani oʻrtacha kubik shaklida toʻgʻrab, damlamasidan va tulpidan solib juda sust olovda 40-50 minut miltiratib qoʻyiladi, tuzi rostlanadi. Dasturxonga tortishda xamirini qaynoq suv quyib isitib olib, kosalarga yarim- yarim solinadi-da, ustiga qaylasidan quyib keltiriladi. Qoʻshib isteʼmol etish uchun alohida idishda iylangan suzma beriladi. (Mahmudov K. Oʻzbek tansiq taomlari. — Toshkent, 1989. — B.249)
Foydali xususiyatlari Oʻzbek xonadoni oshxonasiga mansub boʻlgan xamir taomlar chiroyli koʻrinishi, serlazzat va toʻqtutarligi bilan beistisno, tansiqdir. Oʻzbek taomnomasining boshqa xillari kabi xamir taomlarni tayyorlashda ham goʻsht, hayvonot yogʻi, sariyogʻ, oʻsimlik moylari, turli sabzavotlar, mevalar, oshkoʻklar kabi masalliqlardan keng foydalaniladi. Biroq xamir taomlarning asosiy masalligʻi bugʻdoy uni hisoblanadi. Shunday ekan, bugʻdoy unining oziqlik qiymati va inson salomatligiga foydasi toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtish oʻrinli. Bugʻdoy uni insonning asosiy oziq masalliqlaridan biri hisoblanadi. Uning oziqalik qiymati, oʻsimlik masalliqlari orasida kraxmalga boyligidir. Kraxmal inson isteʼmol etadigan umumiy shakar moddasi (uglevoddar) orasida eng koʻpi hisoblanadi. SHunday boʻlganligidan bugʻdoy uni tarkibidagi bu modda navlariga qarab 68% dan 75% gacha boradi va guruchdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Bugʻdoy donining magʻzidan tortilgan oliy nav unlarda esa kraxmal moddasi bundan ham koʻproq boʻladi. Donning magʻzi atrofidagi qatlamlaridan tortilgan unlarning ham oziqalik qimmati past boʻlmaydi, bularda kraxmal kamroq boʻlsa-da, inson ovqatlanishida muhim boʻlgan oqsil moddalari ancha moʻl boʻladi.
Olimlar bugʻdoy unining kimyoviy tarkibini yaxshi oʻrganib chiqishgan. Agar birinchi navli unni oladigan boʻlsak, tarkibida oʻrta hisobda 68,7-74,0 foizgacha kraxmal, 11,6-16,0 foizgacha azotli moddalar (yaʼni oqsil), 1,0-1,5 foiz yogʻ, 0,55-0,75 foiz maʼdan tuzlari 0,20-0,35 foiz kletchatka (taom tivitlari), 14,0-15,0 foizgacha namligi boʻladi. Bulardan tashqari unda V, V12, V6, RR va Ye belgili vitaminlar mavjud boʻladi. Shuning uchun ham bugʻdoy unidan tayyorlangan barcha taomlar parhezlik xususiyatlariga ega boʻladi.
Manbalar
Turkum:Oʻzbek oshxonasi