Abu Marvon Bishr ibn Marvon ibn al-Hakam () () – Umaviy shahzoda, akasi xalifa Abdulmalik hukmronligi davrida Iroq hokimi boʻlib xizmat qilgan. Marj Rahit jangida otasi xalifa Marvon I () bilan birgalikda jang qilgan. 690/691-yillarda Kufa hokimi etib tayinlangan va taxminan bir yil oʻtgach, Basra hokimligi ham uning zimmasiga yuklatilgan, shu tariqa Iroqni toʻliq nazorat qilish huquqiga ega boʻlgan.

Bishr Iroq hokimi boʻlgan davrda juda ochiqkoʻngil va rahmdil inson sifatida tanilgan edi. Sheʼriyatni yaxshi koʻrgani bois koʻplab arab shoirlarini, jumladan, Jarir ibn Atiya, al-Farazdaq va ar-Roʼiy kabi shoirlarni bir yerga toʻplagan, unga bagʻishlab koʻplab madhiyalar yozilgan. Bishr Mus’ab ibn az-Zubayrning Basradagi tarafdorlarini yoʻq qilgan va rasman viloyatdagi xorijiy isyonchilarga qarshi urush harakatlariga qoʻmondonlik qilgan. Biroq keyinchalik Iroq harbiy qoʻshinlari qoʻmondonligini al-Muhallab ibn Abu Sufraga topshirishga majbur boʻlgan. Abu Marvon Bishr xizmat chogʻida nomaʼlum kasallikdan vafot etgan va Basrada dafn qilingan.

Yoshlik yillari va martabasi Bishrning otasi Marvon ibn al-Hakam Banu Umayya urugʻidan, onasi Qutayya binti Bishr Banu Kilob qabilasining yuqori obroʻga ega Banu Jaʼfar urugʻidan boʻlgan. Bishr 684-yilda Marj Rahit jangida Banu Kilob qabilasining boshliqlaridan birini oʻldirishga muvaffaq boʻlgan. Umaviylarning Marj Rahit jangidagi Abdulloh ibn az-Zubayr tarafdorlari ustidan qozonilgan gʻalabasi Marvonning Shomdagi xalifaligini yanada mustahkamlagan.

685-yil boshida Bishr xalifa Marvon bilan birga Zubayriy hokimi Abdurahmon ibn Utba al-Fihriydan Misrni tortib olishga qaratilgan harakatlarda ishtirok etgan. Marvon oʻzining yana bir oʻgʻli Abdulazizni Misrga hokim etib tayinlagan va Bishrga viloyatda qolishini, Shomda yashayotgan qarindoshlaridan uzoqda boʻlgan Abdulazizga hamroh boʻlishini tayinlagan. Aynan oʻsha vaqtda aka-ukalar oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashgan boʻlishi mumkin, bu esa Bishrni Shomga qaytishga undagan Bu vaqtga kelib, xalifalik taxti Marvonning boshqa bir oʻgʻli Abdulmalikka () nasib qilgan. Bishrning Shomga qaytganidan keyingi hayoti haqida maʼlumotlar aniq koʻrsatilmagan.

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:Kufadagi Umaviylar hokimlari Turkum:Iroqdagi Umaviylar hokimlari Turkum:694-yilda vafot etganlar