Nasrulloh (Nasrulla, Nasrullaxon, Amir Nasrulloh, Amir Sayyid Nasrulloh, Amir Sayyid Nasrulloh Bahodirxon) (1806-yil 1-iyun, Buxoro, Buxoro amirligi — 1860-yil 21-sentyabr, Buxoro, Buxoro amirligi) — Buxoro amirligi hukmdori (1827—1860). Davlat arbobi va sarkarda. Mangʻitlar oʻzbek sulolasining 7-hukmdori va ushbu sulolaning 5-amiri. Qarshi viloyatining hokimi boʻlgan (1821—1827). Buxoro amirligining eng kuchli amirlaridan biri boʻlgan. Aynan ushbu hukmdor farmoni bilan Maknuna taxallusi bilan ijod qilgan Nodirabegim (Nodira) va amir oilasiga taalluqli boshqa shaxslar (1842-yil) qatl etilgan.
Kelib chiqishi Nasrulloh Amir Haydar xonadonida 1806-yil 1-iyunda Buxoro shahrida tugʻilgan. U oilada 2-oʻgʻil farzand edi. Bu davrda uning otasi Buxoro amirligi hukmdori boʻlgan.
Nasrullohning ota tomonidan shajarasi quyidagicha edi: Amir Nasrulloh — Amir Haydar — Amir Muhammad Shohmurod — Muhammad Doniyolbiy otaliq — Xudoyorbiy otaliq — Xudoyqulibiy — Keldiyorbiy — Chovushboy — Bekberdibiy — Xo'jamberdibiy — Davlat Mirza — Jonibiy — Musobiy — Abduqutluqbiy — No'monbiy. Uning bobokaloni Chovushboy oʻz davrida oʻzbek qavmlari orasida mangʻit urugʻining juda boy-badavlat kishisi boʻlgan, shajara boshidagi bobosi No'monbiy esa Dashti Qipchoq O'zbeklari mang'itlar urug'ining sardori bo'lgan.
Uning ota buvisi Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining vakili va Buxoro xonligi hukmdori Abulfayzxonning (1711—1747) qizi Yulduz begim (Shamsiyabonu) edi. Uning ota buvisi tomonidan nasabi 2 tarmoq boʻylab Chingizxonga va boshqa 2 tarmoq boʻylab Muhammad paygʻambarning avlodlari sayyidlarga yetadi.
Yoshlik yillari. Siyosiy va harbiy faoliyatining boshlanishi Amir Haydar hukmronligi davrida Amir Haydar (1800—1826) oʻgʻli Nasrullohni 15 yoshligidan davlat boshqaruvida jalb qilgan. U 1821-yildan otasi hamda birodarlari Amir Husayn (1826) va Amir Umarlar (1826—1827) hukmronligi davrida Qarshi viloyatida hokimlik qilgan.
Amir Nasrulloh nihoyatda qatʼiyatli shaxs boʻlganligi bois, otasi uni barcha urushlarga oʻzi bilan olib borgan. Baʼzi hollarda uning oʻzini yuborgan. U yoshligidanoq otasining sirlari mahrami boʻlgan. Amir Haydar boshqa oʻgʻillariga nisbatan hamisha uni oʻziga yaqin tutgan ekan.
Nasrullohning maʼnaviy kamolotga erishuvida Buxoroda alohida nufuzga ega boʻlgan mashhur shayx Muhammad Husayn al-Aʼlaviy al–Buxoriy katta rol oʻynagan. Amir Nasrulloh oʻzining piri hisoblagan bu shayxni keyinchalik Romitan tumanidagi Qori Kamol qishlogʻidan Buxoro shahriga koʻchishi uchun roziligini olib, unga Shayx Habibulloh xonaqosidan maxsus hujra ajratib bergan va nafaqa tayinlagan.
Buxoro amirligi hukmdori Amir Haydar 1826-yil 6-oktyabrda 48 yoshida Buxoro shahrida toʻsatdan vafot etgach, sulola vakillari oʻrtasida hokimiyat uchun keskin kurash boshlanadi. Amir Haydar Qarshi viloyati hokimi boʻlgan oʻgʻli Nasrulloh huzurida boʻlib, Buxoroga qaytayotganda bedavo bir dardga chalingan va poytaxtga yetib kelgach, olamdan oʻtgan edi. Marhum amirdan 7 oʻgʻil va 8 qizning qolganligi vaziyatni yanada murakkablashtirgandi. Buxorodagi saroy aʼyonlari va akobirlar, urugʻ boshliqlari va harbiy sarkardalarning mangʻit shahzodalarning muayyan bittasiga tarafkashlik qilishi, shahzodalarni bir-biriga qarshi gij-gijlashi va qayrab solishi bu kurashni yana ham avj oldirgan va keskinlashtirgan edi.
Amir Haydar betob boʻlib toʻshakda yotganida saroy ahlini huzuriga chaqirib, bir maʼlumotga koʻra eng katta oʻgʻli Husayn toʻrani, boshqasiga koʻra — 2-oʻgʻli Nasrullohni oʻzining valiahdi deb eʼlon qilgan.
Miyonqol qoʻzgʻoloni
Amir Husayn hukmronligi davrida Amir Haydar vafot etgandan soʻng dastlab Buxoro amirligi taxtiga toʻngʻich farzand va valiahd sifatida, vasiyatga binoan yoki oʻzining tarafdorlari koʻmagida, Husayn toʻra koʻtarilgan va u Amir Husayn nomi bilan 78 kun amirlik qilgan. Uning amirlik davri 1826-yil 9-oktyabrdan (10-oktyabrdan) oʻsha yilning 22-dekabrigacha (20-dekabrigacha) davom etgan.
Amir Husaynning qoʻli ochiq, sahovatpesha boʻlgani saroydagi ayrim nufuzli amaldorlarga yoqmagan. Avvallari uning shu fazilatini deb otasi oʻrtasida kelishmovchiliklar yuz berib turgan. Amaldorlar boshidan Amir Husaynni taxtga koʻtarilishini xohlashmagan. Xususan, Amir Haydar davridan buyon Buxoro qoʻshbegisi lavozimini egallab turgan Hakimbiy qoʻshbegi oʻsha paytda Qarshi viloyatida hokimlik qilayotgan Nasrullohga maxfiy tarzda odam yuborib, amirlik taxtiga eng loyiq odam u ekanligini shahzodaga bildirgan va taxtni egallashga daʼvat qilgan. Nasrulloh Qarshidan Buxoroga qarab katta qoʻshin bilan yoʻlga chiqqan. Biroq, keyin Nasrulloh akasi Amir Husaynga muqovamat qilmay, siyosiy vaziyat oʻzgarishini poylab turishni oʻziga maʼʼqul deb topgan.
Amir Husayn toʻsatdan xastalanib qolgach, 1826-yilning kech kuzida Karmana viloyatida hokimlik qilayotgan ukasi Umarni oʻz oʻrniga amir etib koʻtarilishini vasiyat qilib jon bergan. Bu orada amirlikda hokimiyat uchun kurash yana avjiga jiqqan.
Amir Umar hukmronligi davrida Amir Husayn vafotidan soʻng, vasiyatga koʻra va baʼzi saroy aʼyonlari, qoʻshin sarkardalarining yordami bilan 17 yoshli Umar 1826-yil 23-dekabrda Buxoro amirligi taxtiga koʻtarilgan.
Nasrulloh akasining vafotini eshitib Qarshidan Buxoro tomobga yoʻlga chiqqan va Qorovul qishlogʻiga yetganida ukasi Umarning taxtni egallagani haqida xabar kelgan. U poytaxt Buxoroga borish-bormasligini bilolmay taraddudlanib qolgan va iziga qaytib ketgan. Nasrulloh anʼanaga muvofiq amirlik taxti oʻziga tegishli deb bilgan
Amir Umar atigi 4 oyga yaqin hukmronlik qilgan. U xalq oʻrtasida unchalik obroʻga ega boʻlmay, hukmronligi davrida aysh-ishrat va maishatga berilgan edi. Bu paytda Buxoro amirligida davlat boshqaruvini oʻz manfaatlarini oʻylaydigan Togʻay qozoq va Ismatullohbiy qalmoq kabi saroy akobirlari oʻz tizginiga olishgan. Bu holdan tashvishga tushgan saroy aʼyonlari va amaldorlarining koʻpchiligi Amir Umarxonning akasi va Qarshi viloyati hokimi Nasrullohga maktub yuborib, uning Buxoro amirligi taxtini egallashiga takroran daʼvat etishgan.
Nasrulloh barcha imkoniyatlarini ishga solib hokimiyat uchun kurashni boshlab yuborgan. U Qarshidan Buxoroga kelgan. Lekin ukasi Amir Umar Buxoro darvozalarini akasi uchun berkitib qoʻygan. Nasrulloh Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga qaytib, Samarqand tomonga yuzlangan. Samarqand ahli Nasrullohni yaxshi kutib olgan. Temuriylar davridan qolgan anʼanaga asosan, Nasrulloh mashhur Koʻktosh taxtiga amir etib koʻtarilgan. Soʻngra, Zarafshon vohasi (Samarqand, Miyonqol, Kattaqoʻrgʻon va Karmana viloyatlari) aholisining madadiga tayanib poytaxt Buxoro ustiga harbiy yurish qilishga kirishgan.
Nasrulloh Samarqanddan Buxoroga qoʻshin tortib kelib, Amir Umarxon ham oʻz lashkari bilan unga qarshi chiqqanida, Karmana viloyatida har ikki qoʻshin oʻzaro yuzma-yuz boʻlgan. Biroq jang arafasida Amir Umarxonning qoʻshini parokandalikka uchrab, tarqalib ketgan. Ikki shahzodaning kichik ukalari Zobir, Hamza va Safarlar akalari Amir Umarxondan yuz oʻgirib, katta akalari Nasrulloh tomoniga oʻtishgan. Nasrulloh ularni shafqat va marhamat bilan qaʼbul qilgan.
Nasrulloh 50 kunlik (70 kunlik; 1,5 oylik) qamaldan soʻng Hakimbiy qoʻshbegi, Rajabbek parvonachi va Ayozbiy toʻpchiboshilarning shahar ichidan turib qilgan tadbirlari natijasida poytaxt Buxoroni jangsiz qoʻlga kiritgan. Amir Umarxondan taxtni tortib olgan. Amir Haydar vafotidan ushbu davrgacha (1826—1827) boʻlib oʻtgan voqealar, baʼzi bir mahalliy tarixchi olimlarga, saroy aʼyonlari Nasrullohni taxtga yaqinlashtirmaslikka intilishgandek tuyulgan.
Buxoro amirligi hukmdori Nasrulloh Amir Haydar vafotidan keyin 6 oy oʻtgandan soʻng, hokimiyat uchun kechgan keskin kurashlarda akasi amir Amir Husayn (1826) va ukasi Amir Umarlardan (1826—1827) soʻng, 1827-yil aprel oyining boshlarida (18-martda; 24-martda) 21 yoshida Buxoro amirligi taxtiga amir etib koʻtarilgan. Uning hukmronligi davri yetarlicha ilmiy tadqiq etilmagan.
Amir Nasrulloh oʻz hukmronligi davrida islom shariati koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilgan. Jasur va dovyurak kishi boʻlganligi bois unga „bahodir“, „botir“ unvonlari berilgan.
Vaqt oʻtishi bilan, Amir Nasrullohning siyosat yuritishda maslahatchilari tobora kamayib borgan va hukmronligining soʻnggi davrlarida yolgʻizlanib qolgan.
Ichki siyosati 1839—1840-yillardan boshlab Amir Nasrulloh oʻz ichki siyosatida qattiqqoʻllik bilan davlatda tartib oʻrnatishga intilgan. Uning keskin siyosatiga qarshi chiqqan mansabdorlarni esa ayovsiz jazolagan. Hukmdor sifatida davlatning ichki va tashqi dushmanlariga zarba bergan.
Amir Nasrulloh markazlashtirish siyosatini olib borgan: markaziy hokimiyatga boʻysunishni istamagan Shahrisabz va Kitob beklarining qarshiligini sindirib, separatistik (ajralish va taslimchilik) kayfiyatlariga barham bergan. Amir butun Movarounnahr va Xorazmni yagona davlat ostiga birlashtirishga intilgan. U bu rejasini toʻliq amalga oshira olmagan boʻlsa ham, qisqa muddat davomida butun Movarounnahrni yagona davlat sifatida boshqargan. Qoʻqon xonligi hududining Buxoro amirligi tarkibiga qoʻshib olinishi mintaqadagi ikki oʻzbek davlatchiligini oʻzaro birlashtirish edi.
Amir Nasrulloh oʻzining faol siyosatida qator yutuqlarga erishib, Buxoro davlatining yaxlit qismi hisoblangan Balx, Marv (1843) va boshqa viloyatlar hududlarini amirlik ixtiyoriga yana qaytargan. Biroq bu hududlar keyinchalik turli sabablar natijasida Buxoro amirligi tarkibidan chiqib ketgan.
Shu bilan birga Amir Nasrulloh oʻz faoliyatida bir qator jiddiy siyosiy xatolarga ham yoʻl qoʻygan. Buning ustiga Amir Nasrulloh amri bilan Nodirabegimning oʻldirilishi uning obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.
Amir Nasrulloh tomonidan Buxoro amirligida oʻtkazilgan turli islohotlar natijasida davlatning iqtisodiy va harbiy qudrati mustahkamlana borgan.
Maʼmuriy va siyosiy sohalardagi islohotlari Amir Nasrullohning maʼmuriy va siyosiy sohadagi islohotlari oqibatida davlat boshqaruviga xalqning turli tabaqalari orasidan chiqqan kishilar kelib qoʻshilgan. Amir Nasrulloh oʻzining 33,5 (34, 35) yillik Buxoro amirligidagi hukmronligi davrida davlat hokimiyatini mustahkamlash maqsadida urugʻ va qavm boshliqlari boʻlgan koʻplab amaldorlarni quyi tabaqalardan chiqqan yosh va gʻayratli kishilar bilan almashtirgan. U koʻproq tojiklar va ajnabiylarni eng muhim lavozimlar va mansablarga tayinlagan. Oʻz manfaatini davlat va xalq manfaatidan ustun qoʻygan saroy amaldorlari va akobirlarni egallab turgan lavozimlaridan chetlashtirgan, ularga nisbatan qatʼiy jazo choralarini koʻrgan. Nasrulloh davrida uning taxtga oʻtirishiga koʻmaklashgan Muhammad Hakimbiy qoʻshbegining taʼsir doirasi oʻsib boradi. 1831—1833-yillarda Buxoroga sayohat qilgan A.Byorns qoʻshbegining ikki birodari ikki katta viloyatga, 13 oʻgʻli turli viloyat va tumanlarga hokim boʻlgani, oʻgʻillaridan biri kelajakda oʻz oʻrniga ega chiqishi, qoʻshbegi lavozimini egallashini yozib qoldirgan. Buxoroga kelgan H.Vamberi (Buyuk Britaniya imperiyasi josusi) ham Hakimbiyning katta miqdordagi mol-mulkida minglab qullar xizmat qilganini yozib qoldrgan. Keyinchalik amir Nasrullohxon buyrugʻiga koʻra Hakimbiy qoʻshbegi shariat sudi (qozixona) ga topshiriladi. U davlat gʻaznasini oʻzlashtirganlik va xalqqa jabr-zulm qilganlikda ayblanib, lavozimidan ozod qilinadi. Avval Qarshi, soʻng Nurotaga surgun qilinadi. 1840-yilda qatl ettiriladi. Lekin Nasrullohxon uning oila aʼzolarini jazolamagan.
Uning davlat miqyosidagi eng muhim lavozimlarga turkiy oʻzbek qavmlaridan tashqari ajnabiylarni tayinlashi, davlat boshqaruvida eroniy qullar boʻlgan shialarning taʼsiri oshishi, Mangʻitlar oʻzbek sulolasining forslashish jarayoni, oʻzbek tilining mavqei pasayishi va boshqalar Amir Nasrulloh yoʻl qoʻygan jiddiy xatolardan hisoblanadi.
Amir Nasrulloh davlatdagi otaliq lavozimini bekor qilib, qoʻshbegi lavozimini egallagan shaxsga mamlakatning bosh vaziri ixtiyoridagi vakolatlarni topshirgan. Amir Nasrulloh davridan boshlab qoʻshbegi Buxoro amirligida amirdan keyin ikkinchi shaxs hisoblangan.
Harbiy sohadagi islohotlari